Ziyo Ko‘kalp – turkiy xalqlar birligi kurashchisi
Andijonda TURKSOY Yozuvchilar uyushmasining yig‘ilishi hamda «2026-yil – Ziyo Ko‘kalp yili»ga bag‘ishlangan xalqaro ijodiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirlar doirasida Andijon davlat tibbiyot institutida Ziyo Ko‘kalp xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ijodiy uchrashuvda TURKSOY yozuvchilar uyushmasi vakillari, TURKSOYga a’zo davlatlar yozuvchi, shoir, adabiyotshunoslari, andijonlik ijodkorlar, adabiyot muxlislari, yosh ijodkorlar ishtirok etdi.
Ma’lumki, TURKSOY xalqaro tashkiloti tomonidan “2026-yil – Ziyo Ko‘kalp yili” deb e’lon qilingan.
Ziyo Ko‘kalp o‘zi kim bo‘lgan?
Ziyo Go‘kalp taxallusini olgan faylasuf olim, siyosatchi, sotsiolog, adib va shoir - Ziyo Tavfiq Afandi o‘g‘li 1876-yilda Turkiyaning Diyorbakr o‘lkasida tavallud topgan. Yirik faylasuf, sotsiolog sifatida Turkiya Respublikasida milliy mafkura va sotsiologiya faniga asos solgan.
Yoshligidan boshlab Turkiyada sultonlik tuzumiga qarshi kurashdi. Uning rahbarligida 1908-yildan «Yosh qalamlar» jurnali nashr etila boshlagan. 3iyo Ko‘kalp barcha turkiy xalqlarni turkchilik asosida birlashtirish tarafdori edi, turkiy dunyo birligi g‘oyalarini nazariy jihatdan ishlab chiqdi. Buning uchun Usmonlilar sultonligi tomonidan ta’qib va quvg‘inga uchradi, surgun qilinadi va qamoqqa tashlandi.
Keyinchalik Mustafo Kamol Otaturk tomonidan Turkiya Respublikasining mas’ul lavozimlariga tayinlandi. Yosh Turkiyaning milliy mafkurasini ishlab chikqan. Turkiyada uning 9 jildlik kulliyoti chop etilgan.
Ziyo Ko‘kalpning tarixga oid asarlarida Turkiya va turkiy xalklarning demokratik va milliy mustaqillik, taraqqiyot yo‘liga o‘tishining tarixiy, siyosiy tafsilotlari, nazariy muammolari, tajribasi va turkiy tamaddunning kelgusi taraqqiyot yo‘llari bayon etilgan.


Ijodiy kecha avvalida Ziyo Ko‘kalp hayoti va ijodiga, shuningdek, TURKSOY tomonidan turkiy xalqlar birligi va hamkorligini mustahkamlash yo‘lida olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.
Ijodiy uchrashuvni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, shoir Minhojiddin Mirzo olib bordi.
Dastlab TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev, Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Elyorbek Xolmirzayev, TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Musa Kazim Arijan, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammed Enes Kala, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, filologiya fanlari doktori, professor Abdulhay Sobirovning tabrik so‘zlari eshitildi.
Shundan so‘ng O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Ogohiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindori Tohir Kahhorning “Ziyo Ko‘kalp va o‘zbek adabiyoti”, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adabiyotshunos Xayat Tekning “Ziyo Ko‘kalp va uning matbuotchilik faoliyati”, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi va adabiyotshunos Chingizxon Orakchining “Ziyo Ko‘kalpning she’riyati”, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, tadqiqotchi-tarixchi Xayrettin Gulerning “Ziyo Ko‘kalpning Turkiyaning kelajagiga doir qarashlari”, Anqara musiqa va tasviriy san’at universiteti o‘qituvchisi Ali Tokmakning “Turkiy dunyoning mushtarak qadriyatlarini ilgari surishda Ziyo Ko‘kalpning ta’siri” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi.


Ma’ruzalarda Ziyo Ko‘kalp hayoti, faoliyati, ijodiy merosi haqida keng ma’lumotlar aytib o‘tildi. Xususan, Ziyo Ko‘kalp g‘oyalarining bugungi turkiy dunyo uchun ahamiyati, madaniy birlik tushunchasi, umumiy tarix va umumiy o‘zlikni shakllantirishdagi o‘rni hamda turkiy xalqlar o‘rtasidagi birdamlikka qo‘shgan hissasi tahlil qilindi. Shuningdek, uning asarlarini turkiy tillarga tarjima qilish, ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish va boy ma’naviy merosini kelajak avlodlarga yetkazish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.

–- Yirik faylasuf, siyosatchi, olim va adib Ziyo Ko‘kalp bundan qariyb 120 yil avval turkiy xalqlarni birlikka chorlagan ulug‘ mutafakkir edi, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Tohir Kahhor. – Buni uning asarlarida, ijodida, she’rlarida yaqqol ko‘rish mumkin. Xususan, 1911-yilda yozilgan “Turon” she’ri uning turkiy xalqlar birligini tarannum etgan eng mashxur she’ridir. Unda shoir turk dunyosining qahramonlarini eslaydi, ulardan kuch olishini ta’kidlaydi.
Har bir tomir urishim yuz yillarning sasidir,
Buyuk o‘tmish tuyg‘usi, ming yillar nafasidir!
Zafarin kitobdanmas, o‘qiyman qalb qonimdan –
Eslab g‘urur tuyaman elim, qahramonimdan!
...
Vatan na Turkiyadir, vatandir na Turkiston,
Turklar uchun vatandir mangulik o‘lka – Turon!
(“Turon” she’ri)
deya yozgan satrlarida turkiy xalqlarni birlikka, birlashmoqqa chorlaydi. Yoki yana bir she’rida turkiylar haqida shunday yozadi:
Tinglab g‘arbning so‘zini, g‘arbga so‘zin tinglatar,
O‘z yuragin so‘ylatar, o‘z qalbini anglatar.
Biroq aslo unutmas O‘g‘uzxonning avlodi –
Turon degan bir yurt bor, bordir Turonning oti.
...
Turklar buyuk bir eldir, erta bo‘lur bir millat,
Bunga qarshi chiqqanga ko‘kdan yog‘ar ming la’nat!
Turk hech ketmas orqaga, turk aslo ikkilanmas,
Bilki, ulug‘ qalbidan Oltin davri yulunmas!
(“Turklik” she’ri)
Shoir “Oltin davr” deb butun turkiy davlatlar birlashadigan davrni nazarda tutadi.
O‘zbekistonda Ziyo Ko‘kalpning asarlari yurtimiz mustaqillikka erishganidan keyin chop etila boshlagan. Uning “Polvon valiy”, “Ola kiyik”, “Qizil olma”, “Temirtog‘ yoki Ergeneko‘n” dostonlari, qator she’rlari Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindori Tohir Qahhor tomonidan tarjima qilinib, chop ettirilgan.

– Ushbu tadbir chin ma’noda do‘stlik, adabiyot bayrami bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi Vosit Ahmatxonov. –Ayniqsa, biz andijonlik ijodkorlar, ijodiy uchrashuv qatnashchilari Ziyo Ko‘kalp, uning hayoti, faoliyati haqida juda keng ma’lumotlar oldik. Qolaversa, turkiy davlatlarning taniqli yozuvchi va shoilari, adabiyotshunoslarining turkiy adabiyotni rivojlantirish, bir-biriga yaqinlashtirish borasidagi fikr-mulohazalarini tinglab, maqsadlarimiz mushtarak ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qildik.
Ijodiy uchrashuv doirasida bir guruh ijodkorlarga “Abay” medali, shuningdek, TURKSOYning suviner va esdalik sovg‘alari topshirdi.



Bir so‘z bilan aytganda, Ziyo Ko‘kalp tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlanib, Andijonda o‘tkazilgan ijodiy uchrashuv turkiy davlatlar ijod ahli o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik rishtalarini, adabiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari