Ma’naviy targ‘ibotning ta’sirchan mexanizmlari
Samarqandda “Mustaqillikning 35 yilligi: milliy ma’naviy taraqqiyot natijalari va ma’rifat targ‘ibotining ilmiy-metodik masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Markaz qoshidagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti, “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati va Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotchilari, taniqli olimlar va siyosatshunoslar, madaniyat va san’at namoyondalari qatnashdi.


Konferensiyaning ochilish marosimida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Husan To‘xtayev so‘zga chiqib, mustaqillik yillarida mamlakatimizda milliy ma’naviyatni yuksaltirish, ma’rifiy muhitni mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda bu borada ilmiy-metodik yondashuvlarni yanada takomillashtirish masalalari xususida fikr yuritdilar.

Anjumanda global tahdidlar sharoitida jamiyat barqarorligini ta’minlashning ma’naviy-ma’rifiy mexanizmlari, Uchinchi Renessansning real imkoniyatlari, ma’naviy targ‘ibot ishlarini amalga oshirishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tayyorlangan “O‘zbek kelayotir tarix qa’ridan” nomli videofilm namoyish etildi. Filmda xalqimizning boy tarixi, milliy o‘zligi, ma’naviy merosi va bugungi taraqqiyot yo‘li o‘zaro uyg‘unlikda aks ettirilgan.
Konferensiya qatnashchilari Vatanimiz mustaqillikning 35 yillik tarixini chuqur o‘rganish va uning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka, ayniqsa, yosh avlodga yetkazish milliy o‘zlik va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri