“Kelajak bunyodkorlari” — ertangi kun egalari
Kuni kecha davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat va san’at sohalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi Farmoniga muvofiq, Shirin energetika texnikumining ikki nafar o‘quvchisi — Donyor Abdurazzoqov va Diyorbek Ismatov “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi.
Ikki yoshning davlat mukofotiga munosib ko‘rilishi, avvalo, ularning shaxsiy yutug‘i. Ammo, masalaning yana bir muhim jihati bor. Bu — ularning muvaffaqiyati zamirida turgan ta’lim muhiti, yaratilgan imkoniyatlar va izchil mehnat samarasidir. Zero, zamonaviy kasbiy ta’lim endi “o‘quvchi darsda bilim oladi, so‘ng diplomga ega bo‘ladi”, degan oddiy qolipdan ancha uzoqlashdi. Bugun kasbni amaliyotdan, nazariy bilimni esa ishlab chiqarish jarayonidan ayri tasavvur etib bo‘lmaydi.
Shirinrda mamlakatimiz energetika tizimining muhim tayanch korxonalari — “Sirdaryo” issiqlik elektr stansiyasi, “Farhod” gidroelektr stansiyasi hamda zamonaviy “ACWA Power Sirdarya” issiqlik elektr stansiyasi faoliyat yuritmoqda. Bir hududda energetikaning turli yo‘nalishlarini namoyon etuvchi bunday yirik korxonalarning mavjudligi texnikum o‘quvchilari uchun katta amaliy imkoniyat yaratadi. Ular energetika sohasini faqat darsliklar orqali emas, balki ishlab chiqarish jarayonini bevosita kuzatish, mutaxassislar tajribasini o‘rganish va olgan bilimlarini amaliyotda sinab ko‘rish orqali o‘zlashtirmoqda.
Dual ta’lim tizimi esa nazariya bilan amaliyot o‘rtasidagi ana shu bog‘liqlikni yanada mustahkamlamoqda. O‘quvchi auditoriyada nazariy bilimni egallasa, ishlab chiqarish muhitida uni amaliyot bilan boyitadi. Mutaxassislardan kasb sirlarini o‘rganadi, texnologik jarayonlarni bevosita kuzatadi, har bir ishda aniqlik va mas’uliyat qanchalik muhim ekanini his etadi.
Bunday yondashuv yoshni nafaqat kasbga, balki mehnatning o‘ziga ham tayyorlaydi. Shuning uchun uning qo‘lidagi diplom oddiy hujjat emas, balki nazariy bilim, amaliy tajriba va kasbiy mas’uliyat bilan mustahkamlangan tayyorgarlik natijasiga aylanadi.

Donyor Abdurazzoqov va Diyorbek Ismatovning bugungi yutuqlari ana shu ta’lim va amaliyot uyg‘unligining yorqin ifodasidir.
Donyor — Shirin energetika texnikumining 2-bosqich o‘quvchisi. U “Al-Jabr” loyihasi doirasida “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr stansiyalarida ma’lumotlarni yig‘ish va dispetcherlik xizmati operatori” kasbi bo‘yicha tahsil olmoqda.
Ammo, uning qiziqishlari bir yo‘nalish bilan cheklanmaydi. U “Start-Up Education” o‘quv markazida IELTS fani o‘qituvchisi sifatida ham faoliyat yuritib, yoshlarni xalqaro imtihonlarga tayyorlamoqda. Bir tomonda — energetika sohasining murakkab jarayonlari, ikkinchi tomonda — xorijiy tilni o‘rganish va o‘rgatish. Bir yo‘nalishda o‘zi bilim va tajriba orttirsa, boshqasida egallagan bilimlarini boshqalar bilan baham ko‘radi.
Ehtimol, uning muvaffaqiyati zamiridagi muhim omillardan biri ham shundadir: bilimni faqat o‘zlashtirish emas, uni boshqalarga yetkazish va amalda qo‘llay bilish.
Donyor “Shirin Energy” texnik maktabi va Datavolt kompaniyasi hamkorligida “Al-Jabr” loyihasi doirasida tashkil etilgan ikki yillik texnik amaliyot dasturida ham faol ishtirok etmoqda. U quyosh energetikasi sohasidagi nazariy bilimlarini ishlab chiqarish amaliyoti bilan boyitib, kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda. Shuningdek, texnik o‘quv materiallarini o‘zbek tiliga tarjima qilish va amaliyotchilar uchun qo‘llanmalar tayyorlash jarayonida ham o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Yoshning izlanishlari xalqaro maydonda ham munosib natijalar bilan davom etdi. 2026-yilda Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan EWAthon xalqaro innovatsion musobaqasining saralash bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etgan Donyor Malayziyadagi ITEX–2026 xalqaro innovatsiyalar ko‘rgazma-musobaqasida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Malayziyada bo‘lib o‘tgan mazkur nufuzli tanlovda o‘z innovatsion ishlanmasi bilan ishtirok etgan Donyor oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu natija uning kasbiy bilimlari, amaliy tajribasi va yangilik yaratishga bo‘lgan intilishlari xalqaro miqyosda ham munosib baholanganini ko‘rsatadi.

Diyorbek Ismatovning izlanishlarida esa muhandislik va innovatsiya ustuvor yo‘nalishga aylangan. U zamonaviy texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirish, yangi g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish va o‘z ishlanmalarini takomillashtirish ustida muntazam ishlab kelmoqda.
2026-yil 9–15-aprel kunlari Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan EWAthon xalqaro musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etgan Diyorbek yuqori natija qayd etib, Malayziyadagi ITEX–2026 xalqaro innovatsiyalar ko‘rgazma-musobaqasida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
18–20-may kunlari Malayziyada bo‘lib o‘tgan mazkur nufuzli tanlovda o‘z innovatsion ishlanmasi bilan ishtirok etgan yosh 1-o‘rinni egallab, oltin medal bilan taqdirlandi. 37 davlatdan 1000 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashgan musobaqadagi bu g‘alaba Diyorbekning bilim va salohiyatiga berilgan yuksak baho bo‘ldi.
Biroq haqiqiy izlanuvchi uchun medal yakuniy manzil emas, balki yangi maqsadlar sari tashlangan navbatdagi qadamdir. Diyorbek ayni paytda yangi texnologik loyiha ustida ish olib bormoqda. U o‘z ishlanmasini takomillashtirish, uning imkoniyatlarini kengaytirish va kelajakda sun’iy intellekt texnologiyalari bilan integratsiya qilish yo‘llarini o‘rganmoqda.
Donyor va Diyorbekning faoliyatiga nazar tashlasak, bir-biridan farqlidek ko‘ringan energetika, innovatsiya, xorijiy til, amaliy tajriba va ilmiy izlanishlar aslida yagona maqsad — zamonaviy talablarga javob beradigan, raqobatbardosh va yangilik yaratishga qodir mutaxassis bo‘lish maqsadi atrofida birlashganini ko‘ramiz.

— Texnikumimizning ikki nafar o‘quvchisi davlat mukofoti — “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlanishi biz uchun kutilmagan, ammo, juda quvonchli yangilik bo‘ldi. Bu e’tirof yoshlarimizga bildirilayotgan ishonchning ifodasi. Ularning yutug‘i boshqa o‘quvchilarimizga ham katta rag‘bat beradi, — deydi Shirin energetika texnikumi direktori Alfarobiy Xusanov.
Bugun texnikumda 640 nafar yosh tahsil olmoqda. Ularning har biri egallayotgan kasb shunchaki bir ixtisos emas. Zero, energetika mamlakat iqtisodiyotining muhim tayanchi bo‘lib, uning barqaror faoliyati sanoat, yangi korxonalar, xizmat ko‘rsatish sohasi, aholi farovonligi va raqamli iqtisodiyotning uzluksiz rivojini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda energetika tizimi jadal yangilanmoqda. Kechagi tasavvurlar o‘rnini quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiyani saqlash tizimlari, avtomatlashtirish, raqamli boshqaruv hamda intellektual tarmoqlar egallamoqda. Bular endi uzoq kelajak rejasi emas, balki bugun hayotga tatbiq etilayotgan texnologiyalardir.
Demak, sohada mehnat qiladigan mutaxassis ham zamon bilan hamnafas bo‘lib, yangi bilim va ko‘nikmalarni muntazam o‘zlashtirib borishi zarur.
Shu bois, Shirinda egallangan bilim va ko‘nikmalar bir hudud doirasida qolib ketmaydi. Ular yurtimizning turli nuqtalaridagi energetika ob’ektlarida, yangi loyihalar va zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlarida o‘z ifodasini topadi.
Donyor va Diyorbekning bosib o‘tayotgan yo‘li ham ana shu imkoniyatlarning amaliy natijasidir. Bugun ularning ko‘ksida “Kelajak bunyodkori” medali bor. Ammo, bu medal ortida qisqa muddatdagi izlanishlar emas, balki ustozlar ko‘magi, amaliy tajriba, qat’iyat, mehnat va yoshlarga yaratilgan keng imkoniyatlar mujassam.
Eng muhimi, bugungi yutuqlar ularning tengdoshlarini ham izlanishga, yangi marralar sari intilishga ruhlantirmoqda. Zero, kelajakni tayyor holda kutib olib bo‘lmaydi — uni bilim, mehnat va tashabbus bilan yaratish kerak. Buning uchun esa puxta bilim, mustahkam kasbiy ko‘nikma, amaliy tajriba va o‘z salohiyatiga ishongan yoshlar zarur.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri