Navoiyda “Dedeman” brendi ostida mehmonxonalar tarmog‘i ish boshladi
Navoiy shahrida “Zarafshan golden group” va Turkiyaning “Dedeman Hotels & Resorts International” kompaniyalari hamkorligida Navoiy shahri va Karmana tumanida joylashgan mehmonxonalar tarmog‘ining “Dedeman” brendi ostida o‘z faoliyatini boshlashi munosabati bilan matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda kompaniyalar rahbarlari Ulug‘bek Fayziyev, Banu Dedeman, kompaniya xalqaro boshqaruv kengashi raisi Ergun Demiray va Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashevlar ishtirok etdi.
Avvalroq “Zarafshan golden group” kompaniyasi dunyoda o‘z o‘rni va obro‘yiga ega bo‘lgan Turkiyaning “Dedeman Hotels & Resorts International” kompaniyasi bilan Toshkent shahrida qad rostlagan mehmonxonaning “Dedeman” brendi ostida faoliyatini boshlashi haqida kelishuvga erishgan edi.
Endilikda Navoiy shahri va Karmana tumanida joylashgan mehmonxonalar ham mazkur brend ostida o‘z faoliyatini boshlamoqda.
– “Dedeman” brendi ostida faoliyat yuritayotgan kompaniyamiz oilaviy kompaniya hisoblanadi, – deydi “Dedeman Hotels & Resorts International” kompaniyasi rahbari Banu Dedeman. – Men 3-avlod vakiliman. Mazkur brend sifatida yangilangan biznesni rivojlantirish strategiyasi asosida so‘nggi 2-yil ichida mehmonxonalarimizni 70 foiz ko‘paytirishga muvaffaq bo‘ldik. 1966-yili asos solingan “Dedeman” mehmonxona xizmati majmuasining o‘rta sinf va hashamatli segmenti mavjud. Kompaniya tarkibiga besh yulduzli mehmonxonalar, oilaviy dam olish va biznes uchun mo‘ljallangan 30 dan ortiq mehmonxona kiradi.
[gallery-17038]
– Bugungi kunda yurtimizda turizmni rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratilib, turizm industriyasi uchun ajoyib imkoniyat yaratilgan, – deydi “Zarafshan golden group” direktorlar kengashi raisi Ulug‘bek Fayziyev. – Ayni paytda 3 ta mehmonxona bilan ish boshlayapmiz. Kelgusida Buxoro va Samarqand shaharlarida ham mehmonxonalar qurish niyatidamiz.
Matbuot anjumanida OAV vakillari mehmonxonalar tarmog‘ining keyingi faoliyati haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari