Batumi — Qora dengiz sohilidagi maftunkor shahar
Gruziyaning Qora dengiz sohilida joylashgan Batumi shahri o‘ziga xos me’morchiligi, zamonaviy inshootlari va betakror tabiati bilan sayyohlar e’tiborini tortadi.
Mamlakatning Ajariya avtonom respublikasi ma’muriy markazi hisoblangan Batumi Gruziyaning muhim sayyohlik va madaniy markazlaridan biridir. Bu yerda tarixiy binolar, zamonaviy osmono‘par inshootlar, keng xiyobonlar va dengiz bo‘ylab yastangan sayilgohlar shahar qiyofasiga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlaydi.
Ayniqsa, Qora dengiz sohili bo‘ylab cho‘zilgan Batumi bulvari shaharning eng diqqatga sazovor maskanlaridan sanaladi. Yashil maydonlar, manzarali daraxtlar, favvoralar va sayr yo‘laklari bilan uyg‘unlashgan ushbu hudud mahalliy aholi hamda sayyohlarning sevimli dam olish joyiga aylangan.
Shaharning zamonaviy me’moriy qiyofasida o‘ziga xos loyihalar asosida barpo etilgan binolar alohida ajralib turadi. Shu bilan birga, eski shahar hududidagi tarixiy imoratlar, tor ko‘chalar va an’anaviy me’morchilik namunalari Batumining o‘tmishi bilan buguni o‘rtasidagi uyg‘unlikni namoyon etadi.
Batumi nafaqat dengiz bo‘yidagi dam olish maskani, balki turli madaniyatlar va an’analar tutashgan shahar sifatida ham e’tiborga molik. Uning maydonlari, xiyobonlari va me’moriy yodgorliklari o‘ziga xos muhit yaratib, tashrif buyuruvchilarda yorqin taassurot qoldiradi.
So‘nggi yillarda shaharning sayyohlik infratuzilmasi rivojlanib, zamonaviy mehmonxonalar, ko‘ngilochar va madaniy maskanlar uning jozibadorligini yanada oshirmoqda. Dengiz manzaralari, yashillikka burkangan ko‘chalar va turfa me’moriy yechimlar Batumining bugungi qiyofasini belgilab beradi.
[gallery-32132]
Qadimiylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan Batumi o‘zining betakror manzaralari bilan Qora dengiz sohilidagi eng go‘zal shaharlardan biri sifatida e’tirof etiladi.
Sarvar O‘RMONOV (surat), O‘zA