O‘zbekistonlik yosh oshpaz Indoneziyada bo‘lib o‘tgan xalqaro chempionatda munosib ishtirok etdi
Indoneziyaning Jakarta shahrida bo‘lib o‘tgan “Indonesia International Halal Çef Competition (IN2HCC) 2026” xalqaro chempionatida O‘zbekiston jamoasi munosib ishtirok etdi.
Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi. Bugungi kunda o‘zbek milliy taomlari mamlakatimizning boy madaniy merosi va o‘ziga xos turistik jozibadorligini ifodalovchi muhim omillardan biri. Xalqaro gastronomik tanlovlarda oshpazlarimizning muvaffaqiyatli ishtiroki milliy taomlarimizga bo‘lgan qiziqishni oshirish, O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi nufuzini mustahkamlash hamda xorijiy sayyohlarni mamlakatimizga jalb etishga xizmat qiladi.

Jakarta shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro chempionat doirasida o‘zbekistonlik yosh oshpaz Shoxruz Ibragimov “O‘zbekistonda yilning eng yaxshi yosh oshpazi” nominatsiyasida faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Mazkur yutuq mamlakatimizda milliy pazandachilik an’analarini xalqaro miqyosda targ‘ib etish hamda gastronomik turizm salohiyatini keng namoyon qilish yo‘lidagi muhim natijalardan biridir.

Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA