“Turizm ovuli” tashkil etilmoqda
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri aholi bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirish va hududlarning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanishdir. Bu borada turizmni rivojlantirish, ayniqsa, olis qishloqlarda yangi ish o‘rinlari va daromad manbalarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Navoiy viloyatining Konimex tumanidagi Yangiqazg‘on mahallasida bu yo‘nalishda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda hududda 21 ta oilaviy mehmon uyi, 7 ta o‘tovli oromgoh va 5 turdagi qo‘shimcha turistik xizmatlar tashkil etilgan. Bu sayyohlarni qabul qilish imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, mahalliy tadbirkorlik rivoji uchun ham zamin yaratmoqda.

- Ushbu tashabbuslar natijasida 100 nafarga yaqin ishsiz qishloq aholisi, jumladan, xotin-qizlar doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘ldi, - deydi viloyat turizm boshqarmasi bosh mutaxassisi Hilola Xudoyberdiyeva. - Shu tariqa, turizm nafaqat hududning jozibadorligini oshiruvchi soha, balki aholi farovonligini yuksaltirish, oilaviy daromadlarni ko‘paytirish va bandlikni ta’minlashning samarali vositasiga aylanmoqda. Ayni paytda Yangiqazg‘on mahallasiga “Turizm ovuli” maqomini berish tashabbusi ilgari surilmoqda. Ushbu maqsad hududning turistik salohiyatini keng namoyon etish, mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish, infratuzilma va xizmatlar sifatini yaxshilash, shuningdek, yangi ish o‘rinlarini yaratish bilan chambarchas bog‘liq.

Yangiqazg‘onning turistik salohiyatini oshirishda milliy qadriyatlar va mahalliy muhit muhim o‘rin tutadi. O‘tovli oromgohlar, oilaviy mehmon uylari hamda an’analarga asoslangan xizmatlar sayyohlarga hududning o‘ziga xos jihatlarini namoyon etish imkonini beradi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri