Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigidan, shuningdek, davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida mamlakatimiz mudofaasi va xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlarning tahlili bo‘yicha bildirgan konseptual fikrlaridan munosib xulosa chiqaramiz.
Darhaqiqat, Prezident alohida ta’kidlab o‘tganidek, biz har qanday vaziyatda ham O‘zbekistonning davlat suvereniteti, uning sarhadlari daxlsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlashimiz shart. Bu – bizning tarix va kelajak avlodlar oldidagi muqaddas burchimiz va majburiyatimizdir. Buning uchun, shubhasiz, eng katta bebaho boyligimiz hisoblangan tinch va osuda hayotni asrash, xalqimiz farovonligini ta’minlash, kelajak rejalarimizni belgilashda ana shu holatlarning barchasini inobatga olishimiz zarur.
Eng quvonarlisi, Prezidentimiz tomonidan Vatan himoyasi, yurt tinchligi, xalq farovonligini ta’minlashga oid barcha sohalarda izchil islohotlar amalga oshirilayotgan davrda qalbimizda yuksak g‘urur tuyamiz. Xizmat burchimiz, muqaddas qasamyodimizga hamisha sodiq bo‘lish, avvalo, xalqimizning, Prezidentimizning e’tiboridagi kasbda ekanimizdan faxrlanamiz.
Hech mubolag‘asiz aytish kerakki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy armiyamizning qiyofasi va salohiyati tubdan o‘zgardi. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga shay bo‘lgan, harakatchan va puxta qurollangan kuchga aylanib ulgurdi.
Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida «Biz jonajon Vatanimizning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlashga har tomonlama qodirmiz. Tinch va osoyishta hayotimizni asrab, mustaqilligimizni mustahkamlab, barqaror taraqqiyot yo‘limizni jadal davom ettiramiz», deya alohida ta’kidlagandi. Bu so‘zlar mustahkam huquqiy va tashkiliy asoslarga tayanilganini 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirishni ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilanganida ko‘ramiz. Jumladan, mazkur strategik hujjat asosida Qurolli Kuchlarning tezkor boshqaruvini amalga oshirish, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar bilan ta’minlash hamda harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni nazarda tutgan.
Agar atrofimizga nazar solsak, hozirgi kunda butun jahonda, jumladan, bizning mintaqamizda, bevosita chegaralarimiz yaqinida turli tahdid va xatarlar tobora kuchayib borayotganini kuzatamiz. Bular o‘z navbatida, tobora kuchayib borayotgan gibrid xarakterdagi qurolli to‘qnashuvlar bizning tizimda avval amalda qo‘llanilmagan qurollardan foydalanadigan kuchlarga qarshi kurasha olish qobiliyatini oshirishni taqozo etadi. Bunga barobar ana shu maqsadlarda harbiy kadrlarning jangovar tayyorgarligini, bilim va malakasi, dunyoqarashini yuksaltirish, ularning kasbiy va madaniy qiziqishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ahamiyatining yanada dolzarbligini oshiradi.
Zero, Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi harbiy qurilish va Qurolli Kuchlarni rivojlantirishda milliy armiyamizning qiyofasi va jangovar imkoniyatlarini, harbiy jamoalardagi ma’naviy-axloqiy muhitni tubdan o‘zgartirishga imkon yaratadi. Qurolli Kuchlarimiz bugungi kunda Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “...jamiyatimizning ajralmas bir qismiga, mamlakatimiz barqarorligi va taraqqiyotining kafolatiga, harbiy xizmatchilar va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylandi».
Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev Qurolli Kuchlarning tashkiliy tuzilmasi bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritganda, Milliy gvardiya tashkil etilganini alohida ta’kidlab, Milliy gvardiya faoliyati jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, aholini turli terrorchilik xatarlaridan, jinoiy va boshqa noqonuniy xatti-harakatlardan himoya qilishga qaratilganini hamda qisqa vaqt ichida mamlakat xavfsizligini ta’minlash tizimidagi muhim bo‘g‘inga aylanganini alohida e’tirof etgan.
Ayni paytda O‘zbekiston Prezidentning 2021 yilda qabul qilingan «Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining tashkil etilishi mamlakatimiz tinchligi va osoyishtaligiga bo‘lgan har qanday tahdidlarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimini ilg‘or xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, shuningdek, zamon talablaridan kelib chiqib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Qurolli Kuchlarning kadrlar salohiyatini yanada oshirish maqsadlariga xizmat qiladi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha faoliyatni samarali tashkil etishga qodir bo‘lgan malakali mutaxassislarni tegishli ixtisoslik va huquqshunoslik yo‘nalishlari bo‘yicha chuqurlashtirilgan holda o‘qitish hamda ularni jangovar va jismoniy tayyorgarlikdan o‘tkazish orqali maqsadli tayyorlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
O‘quv jarayoniga o‘qitishning zamonaviy shakl va uslublari joriy etilgan, pedagogik va axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda nazariya va amaliyot uzviyligi ta’minlanmoqda. Universitetda professional kadrlarni tayyorlash jarayoniga bakalavriat va magistraturani o‘z ichiga oluvchi ikki bosqichli oliy ta’lim tizimi joriy etilgan. Shu jumladan, o‘quv jarayonini eng zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalari asosida tashkil qilish, professor-o‘qituvchilar tarkibining ilmiy-pedagogik salohiyatini tubdan oshirish bo‘yicha izchil choralar ko‘rilmoqda.
Universitet jamoasida Qurolli Kuchlar Oliy bosh qo‘mondoni belgilab bergan ustuvor vazifalar, xususan, harbiy ta’lim va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida, milliy o‘zligimiz, ezgu qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash tizimini yanada takomillashtirish barchamizning eng muhim vazifamizga aylangan.
Muxtasar qilib aytganda, 14 yanvar – Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan bizga yo‘llangan Prezident tabrigiga minnatdorlik bildirgan holda, Qurolli Kuchlar tizimini mustahkamlash, qo‘shinlarning jangovar shayligi va ruhiy tayyorgarligini oshirish borasida o‘z bilim va tajribamizni, salohiyatimizni ishga solish, ona vatan ravnaqi yo‘lida astoydil xizmat qilishga tayyorligimizni bildiramiz.
Davlatimiz rahbari ilgari surayotgan «Xalq va armiya – bir tanu bir jondir», degan ezgu tamoyil o‘z natija va samarasini beradi. Hozirgi murakkab, geosiyosiy qarama-qarshiliklar sharoitida iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, axborot xavfsizligi va boshqa sohalarda keskin muammolarni yechishga qodir yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda o‘z kuchimizni ayamaymiz.
Prezidentimiz aytganidek, bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilsak, el-yurtimiz intilayotgan Yangi O‘zbekistonni, albatta, barchamiz birgalikda bunyod etamiz.
Oybek TURG‘UNOV,
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi
Jamoat xavfsizligi universiteti
maxsus fakulteti boshlig‘i,