Yagona vatan tinchligi — barchamizning muqaddas burchimiz
Mustaqillik — xalqimizning milliy davlatchiligi, erkin va farovon hayoti, tinchligi hamda kelajagini o‘z qo‘li bilan bunyod etish huquqining buyuk timsolidir. Istiqlol tufayli xalqimiz o‘z taqdirini o‘zi belgilash, milliy qadriyatlarini tiklash, Vatan ravnaqi yo‘lida erkin mehnat qilish va kelajak avlodlar uchun munosib hayot barpo etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
2026-yilda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» degan bosh g‘oya ostida keng nishonlanmoqda. Ushbu ezgu g‘oya bugungi kunda har bir yurtdoshimiz, ayniqsa, Vatan tinchligi, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashdek sharafli vazifani ado etayotgan harbiy xizmatchilar uchun alohida mazmun kasb etadi.
Tinchlik — mustaqillikning eng bebaho ne’mati. Mustaqillik haqida so‘z yuritganda, avvalo, uning eng buyuk ne’matlaridan biri — tinch va osoyishta hayot ekanini chuqur anglashimiz lozim. Chunki tinchlik bo‘lmagan yurtda taraqqiyot ham, bunyodkorlik ham, insonning ertangi kunga ishonchi ham bo‘lmaydi.
Bugungi murakkab geosiyosiy vaziyat, dunyoning turli hududlarida sodir bo‘layotgan qurolli mojarolar, terrorizm, ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik, axborot tahdidlari va boshqa xavf-xatarlar tinchlik va barqarorlikni asrash har qachongidan ham muhim ekanini ko‘rsatmoqda.
Shu ma’noda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash — oddiy xizmat vazifasi emas. Bu mustaqillikni, xalq osoyishtaligini va davlat barqarorligini himoya qilishning amaliy ifodasidir. Har kuni ko‘chalarimizda, xiyobon va jamoat joylarida, ommaviy tadbirlarda, muhim ob’ektlarda xizmat olib borayotgan harbiy xizmatchilar faoliyatining zamirida ana shu ulug‘ maqsad mujassam.
Harbiy xizmatchi — xalq osoyishtaligining ishonchli posboni. Vatan himoyasi faqat davlat chegaralarini qo‘riqlash bilangina chegaralanmaydi. Fuqarolarning kundalik hayotida xavfsizlikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, zarur vaziyatlarda insonga ko‘mak berish ham Vatanga xizmatning muhim ko‘rinishidir.
Shu jihatdan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilarining jamoat tartibini saqlash borasidagi faoliyati alohida ahamiyat kasb etadi. Jamoat tartibini saqlash xizmatini olib borayotgan harbiy xizmatchi turli vaziyat va turli xarakterdagi insonlar bilan muloqot qiladi. Ba’zan birgina vazmin so‘z, xolis munosabat, fuqaroni diqqat bilan tinglash yoki o‘z vaqtida ko‘rsatilgan yordam murakkab vaziyatning keskinlashishiga yo‘l qo‘ymasligi mumkin. Shuning uchun zamonaviy harbiy xizmatchidan nafaqat jismoniy va jangovar tayyorgarlik, balki yuksak huquqiy madaniyat, kasbiy etika, psixologik barqarorlik, hushyorlik, muloqot madaniyati va mas’uliyat ham talab etiladi.
Harbiy xizmatchining fuqaroga qilgan har bir murojaati, uning muomala madaniyati, vazminligi va xolisligi aholining nafaqat bir xodimga, balki butun tizimga bo‘lgan ishonchiga ta’sir ko‘rsatadi. Demak, jamoat tartibini saqlashda «xalq bilan birga va xalq manfaatlari yo‘lida xizmat qilish» tamoyili har bir harbiy xizmatchining kasbiy faoliyatida ustuvor ahamiyat kasb etishi lozim.
Mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan bosh g‘oyadagi «Yagona Vatan» tushunchasi harbiy xizmatchi uchun, eng avvalo, Vatanga sadoqat ma’nosini anglatadi. «Yagona xalq» tushunchasi esa millati, tili, dini, yoshi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, har bir fuqaroning tinchligi, sha’ni, qadr-qimmati va qonuniy manfaatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish mas’uliyatini ifodalaydi.
Harbiy xizmatchi xizmat vaqtida odamlarni «begona» va «o‘ziniki»ga ajratmaydi. Uning uchun O‘zbekistonning har bir fuqarosi — yagona Vatanimizning vakili. Har bir insonning xavfsizligini ta’minlash esa xizmat burchining ajralmas qismidir. Ana shunday yondashuv harbiy xizmatchining xalq bilan munosabatini mustahkamlaydi, jamiyatda qonuniylik va adolatga ishonchni oshiradi.
Jamoat tartibi oddiygina ko‘cha va jamoat joylarida belgilangan qoidalarga rioya etilishini anglatmaydi. U jamiyatdagi barqarorlik, qonun ustuvorligi, fuqarolarning o‘zini xavfsiz his qilishi va davlatga bo‘lgan ishonchi bilan chambarchas bog‘liq. Shu sababli jamoat tartibini saqlash xizmatida profilaktik yondashuv alohida ahamiyatga ega. Huquqbuzarlik sodir bo‘lgandan keyin unga munosabat bildirish bilan bir qatorda, uning yuzaga kelishiga sabab bo‘luvchi omillarni oldindan aniqlash va salbiy holatlarning oldini olish zamonaviy xizmat faoliyatining muhim mezonidir. Buning uchun harbiy xizmatchi xizmat hududidagi vaziyatni to‘g‘ri baholashi, odamlarning xatti-harakatidagi o‘zgarishlarni kuzata bilishi, ziddiyatli holatlarni o‘z vaqtida anglashi va vaziyatga mutanosib choralarni ko‘rishi zarur.
Ayniqsa, ommaviy tadbirlar, bayram tantanalari, gavjum joylar va boshqa alohida sharoitlarda xizmat olib borayotgan xodimdan yuqori darajadagi hushyorlik, tezkor fikrlash, o‘zini boshqara olish va jamoa bilan hamkorlikda harakat qilish talab etiladi. Bugungi kunda jamoat xavfsizligini faqat kuch va ma’muriy choralar bilan ta’minlash mumkin emas. Bunda fuqarolar bilan samarali muloqot va o‘zaro ishonch muhim o‘rin tutadi.
Zero, xalqning ishonchi — jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimining eng muhim ma’naviy tayanchlaridan biridir.
Mustaqilligimiz abadiy, Vatanimiz tinch, xalqimiz hamisha birdam bo‘lsin!
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizigi
universiteti kafedra professori,
psixologiya fanlari doktori (DSc)
M.L.Saipova