Xalqimizning bukilmas irodasi, ma’naviy-ruhiy qudrati, vatanparvarligi hamma zamonlarda muvaffaqiyatlarimiz, yurt tinchligi va taraqqiyotining eng muhim kafolati bo‘lgan. Shu bois ajdodlarimiz farzandlarini go‘dakligidayoq oq va qorani ajratishga, hayotga, dunyoga teran nazar tashlashga o‘rgatgan, ularning qalb ko‘zini ochishga intilgan. Har qanday qiyin sharoitda ham yuksak mantiq asosida ish yuritishga, tadbirli va shijoatli bo‘lishga, hamjihatlik, jasorat va matonat namunalarini ko‘rsatishga undagan.

Nigoh

Ota-bobolarimizdan qolgan “Bilagi zo‘r birni yengar, bilimi zo‘r — mingni”, “Birlashgan o‘zar — birlashmagan to‘zar” kabi xalq maqollari tildan-tilga, dildan-dilga o‘tib asrlar osha yashab kelayotganining boisi ham shunda.

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida el-yurtimiz ravnaqi, farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish bilan birga, ajdodlarimizning ana shu o‘lmas merosini, bebaho qadriyatlarimizni asrab-avaylashga, yosh avlod ongu qalbiga yanada chuqur singdirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining o‘tgan haftada bo‘lgan kengaytirilgan yig‘ilishida ham Qurolli Kuchlar va harbiy-ma’muriy sektorlarning 2023 yildagi faoliyati yakunlarini muhokama qilish hamda yaqin istiqbolga mo‘ljallangan vazifalarni belgilab berish asnosida ayni shu masalaga yana bir bor urg‘u berdi.

Hayot-mamot masalasi

Davlatimiz rahbari kuyinchaklik bilan aytgan har bir fikr-mulohaza insonni hushyorlikka, ogohlikka, vatanparvar bo‘lishga chorlaydi, shu nuqtai nazardan yig‘ilishni tom ma’noda tarixiy, deb atash mumkin.

Anjumanda mamlakat tinchligi, xavfsizligi bilan bog‘liq masalalar kompleks muhokama etildi. Davlatimiz rahbari milliy armiyamizni takomillashtirish, uning jangovar qobiliyati, mudofaa salohiyatini mustahkamlash, zamonaviy qurol-aslahalar bilan ta’minlash, kadrlarning harbiy professionallik darajasini oshirish bilan bir qatorda ularning ruhiy-ma’naviy tayyorgarligi, vatanparvarlik tarbiyasini yuksaltirish nihoyatda dolzarbligini uqtirdi.

Hozirgi dunyo tub o‘zgarishlar, tafakkurdagi evrilishlar davrini boshdan kechirmoqda. Turli siyosiy maqsadlar, yangi jahon tartibotini vujudga keltirish, dunyoga egalik qilish maqsad va iddaolari jiddiy tus olmoqda. Davlatlararo va mintaqalararo manfaatlar to‘qnashuvi tobora chuqurlashmoqda. Siyosiy va g‘oyaviy qarama-qarshiliklar dunyoning turli mintaqalarida yangi keskinlik o‘choqlari paydo bo‘lishiga, millatlar va konfessiyalar o‘rtasida qarama-qarshiliklar kuchayishiga, radikalizm va ekstremizm xavfi tobora ortib borishiga sabab bo‘lmoqda.

Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti 2023 yilda dunyo bo‘ylab kamida 183 ta mintaqaviy mojaro ro‘y berganini ma’lum qildi. Bu so‘nggi 30 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Bunday xatarlarning bizga umuman aloqasi yo‘q, deb ayta olmaymiz. Mamlakatimiz suvereniteti, istiqlolimizga nopisandlik bilan munosabatda bo‘layotganlar, o‘tkazilayotgan islohotlarni inkor qilayotganlar, yurtimiz taraqqiyotiga g‘arazgo‘ylik bilan qarayotganlar bor ekan, xalqimiz bir zum ham xotirjam yashay olmaydi.

Ana shunday murakkab siyosiy, harbiy, iqtisodiy, ma’naviy va ruhiy bosimlar paytida yurt taqdiriga befarq bo‘lmagan vatanparvar, jismonan va ma’naviy yetuk avlodni tarbiyalash hayot-mamot masalasiga aylandi.

Dunyoda kuzatilayotgan keskinlik, inson hayoti, ongu qalbiga qaratilgan tahdidlar barchamizni sergak torttirishi lozim. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi bo‘lishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur.

Bugun ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘layotgan hodisalarning o‘zi hayotning achchiq haqiqatidan saboq chiqarishga undaydi. Katta davlatlar o‘rtasida dunyoni, ulkan tabiiy resurslarga boy o‘lkalarni taqsimlash “o‘yin”lari hali tinganicha yo‘q. Turli yo‘llar bilan yer osti va yer usti boyliklariga, salohiyatli inson kapitali va resurslariga ega mintaqalar ustidan nazorat o‘rnatish uchun kuchli kurash borayotgani, “kichik” davlatlarga oshkora bosimlarning kuchaygani zamonamizning asl haqiqati. Bunday tahdidlardan Markaziy Osiyo mintaqasi ham xoli emas.

Mustaqillikni saqlab qolish g‘oyat murakkab, ayni paytda xalqimizning eng oliy maqsadidir. Zero, jabrdiyda xalqimiz tarixda mustamlaka bo‘lib, ne-ne jafolarni chekdi. Zulmu sitam, azob-uqubat, turli adolatsizliklardan ezilib yashadi. Erkka, hurlikka talpingan qanchadan-qancha o‘tyurak o‘g‘lonlar to‘pga tutildi, o‘qqa uchdi, borsa kelmas sovuq o‘lkalarga surgun qilindi.

Shukrki, xalqimiz istiqlolga erishdi. Qancha jonlar, qancha qonlar evaziga qo‘lga kiritilgan bu bebaho ne’mat barchamiz uchun g‘oyatda qadrlidir.

Bugun mustamlakalik azoblarini ko‘rmagan, jismi ham, qalbi ham ozod va erkin, ruhi baland, musaffo osmon ostida ulg‘ayayotgan avlod dunyoga keldi. Endi ular bu ulug‘ ne’matlarni ko‘z qorachig‘idek asrashga butun vujudi, bor imkoniyatlari bilan kurashadi.

Yangi mezon va yondashuvlar zarur

Hozirgi kunda eng katta boylik — tinchlikni asrash tobora dolzarblik kasb etayotgan ekan, muhim rejalarni belgilashda mavjud xavf-xatarlarni hisobga olmaslik aslo mumkin emas.

Yig‘ilishda yangi O‘zbekiston armiyasini kechagi mezon va yondashuvlar bilan barpo qilib bo‘lmasligi alohida qayd etildi. Negaki, har bir davlat har qanday murakkab vaziyatda ham o‘z suverenitetini asrashni tarix va kelajak oldidagi muqaddas burchi, majburiyati, deb biladi. Biz mafkura poligonlari qanchalar kuchayib borayotgani, uning ta’sir doirasi har qanday yadro qurollarinikidanda kengroq hududlarni qamrab olishi mumkinligini ko‘plab hayotiy misollarda ko‘rib turibmiz.

Dunyoda, haqiqatan ham, urush strategiyasi, jang olib borish taktikasi o‘zgarib bormoqda. Bugungi axborot va yuqori texnologiyalar asrida faqat harbiy salohiyat, zamonaviy o‘quv poligonlari, qurol-aslahalarning o‘zi mamlakatning tinchligi va barqarorligini ta’minlash uchun yetarli emas. Axborot maydoni haqiqiy jang maydoniga aylanib bo‘ldi. Ommaviy kommunikatsiya texnologiyalari orqali axborot kanallari o‘tkir va tezkor qurol sifatida tobora kuch olmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, gibrid urushlar davri boshlandi. Bu esa aynan ana shunday xurujlarga qarshi tura oladigan milliy armiyani takomillashtirishni talab etadi.

Kuchli ruhiy-ma’naviy tarbiya, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi nafaqat Qurolli Kuchlar tizimi uchun, balki butun mamlakat yoshlari uchun ham eng muhim vositadir. Aynan ma’naviy-ruhiy tarbiya kerak paytda qalqon, kerak paytda himoya quroli vazifasini o‘tay oladi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, o‘z farzandlarida yuksak vatanparvarlik ruhini kamol toptira olmagan davlat qanday qudratli qurolga ega bo‘lmasin, mudofaa qobiliyatini mustahkamlay olmaydi. Bunday millat bir kun Qanimlar tomonidan mahv etilishi mumkin. Buni nafaqat tarix, ayni zamonda dunyoda kechayotgan voqea va hodisalar ham ko‘rsatib turibdi.

Ana shu ma’noda, yig‘ilishda Qurolli Kuchlar tizimida askar va ofitserlarning ma’naviy-ruhiy, vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirishda yozuvchi va shoirlar, kino, teatr, televideniye ijodkorlari, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faoliyat yurituvchi tashkilotlar oldiga muhim vazifalar qo‘yildi. Negaki, keyingi yillarda yaratilgan, yurakka yaqin “Harbiy qo‘shiqlar”, “Jangovar chaqiriqlar”, “Harbiy meros va jang san’ati” ifoda etilgan tarixiy-ilmiy, adabiy asarlar, ma’naviy vatanparvarlik dasturlari muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov ijrosida aytilgan “Kim Vatanga qalqon bo‘lsa, mendirman o‘shal!” degan qo‘shiq bugun ulug‘ sarkarda Jaloliddin Manguberdi timsolida millionlab yuraklarda mardlik va jasorat, vatanparvarlikni ulg‘aytirishga xizmat qilmoqda.

Ammo bu kabi yurakni junbushga keltiruvchi, yuksak vatanparvarlik hissini kuchaytiruvchi qo‘shiqlar ko‘plab yaratilishi lozim. Zero, mardlik mardlikni uyg‘otadi, er yigit so‘zi er yigitni kamolga yetkazadi.

Sher bor joyga qashqir yo‘lolmas

Ajdodlarimiz mardona ruhi, jasorati bilan asrlar davomida dushmanlarni qo‘rquv va tahlikaga solib turgan. Zero, sher bor joyga qashqir yo‘lolmas, deb bejiz aytmaganlar. Vatanimiz tarixida aynan vatanparvarlik tuyg‘usi sabab o‘zidan son jihatdan bir necha o‘n barobar ko‘p bo‘lgan qudratli lashkarlarni yenggan qanchadan-qancha jasur ajdodlarimiz o‘tgan. To‘maris, Spitamen, Mahmud Torobiy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Bobur Mirzo — bular ma’naviy ruh, mardlik va shijoat, millatparvarlik, vatanparvarlik tuyg‘usi bilan askarlarini qudratli kuchga aylantira olgan yurt qalqonlaridir. Shu ma’noda, jasur ajdodlarimizning jang san’ati, harbiy merosini yanada chuqurroq o‘rganish, ayniqsa, yosh avlod ongu qalbiga singdirish nihoyatda dolzarb.

Vatanparvarlik gapirishga oson, og‘izning bir chekkasidan chiqib ketaveradigan oddiy so‘z emas. O‘z xalqiga sadoqat va fidoyilik, ona Vatanni himoya qilish, uni cheksiz sevish har qanday insonning haqiqiy vatanparvarlik fazilati hisoblanadi. Vatanparvarlik yurtining ozodligi va obodligi, uning sarhadlari daxlsizligi, mustaqilligining himoyasi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatib yashash, xalqining or-nomusi, shon-sharafi, baxtu saodati uchun kuch-Qayrati, bilim va tajribasi, butun hayotini baxsh etishdek muqaddas hamda oliyjanob faoliyatni anglatadi. Shu ma’noda, u yurt taraqqiyoti uchun daxldor bo‘lishga undaydigan ma’naviy-axloqiy fazilat, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Tarixdan ma’lumki, Vatan ozodligi uchun kurashish masalasi allomalar asarlari hamda ezgu g‘oyalarni ifoda etuvchi ta’limotlarning bosh g‘oyasi bo‘lib kelgan. Vatan tarixini bilgan, ulug‘ ajdodlar merosini chuqur o‘rgangan har bir inson qalbida milliy g‘urur-iftixor tuyg‘ulari yanada jo‘sh urib, el-yurtga sadoqati ortib boraveradi. Inson qalbida millat, Vatan, ajdodlar ruhi oldidagi burch va tuyg‘ular qanchalik chuqur joy olgan bo‘lsa, mahdudlik o‘rnini milliy g‘oyalar egallaydi. Kurashchanlik, tashabbuskorlik, o‘z o‘zini anglash, millat, mamlakat sha’ni va manfaatini himoya qilishdek muqaddas tuyQular uning hayot tamoyiliga aylanadi.

Demak, tug‘ilib-o‘sgan tuprog‘i sha’ni, or-nomusini jon-jahdi bilan himoya qiladigan, jamiyat maqsad va manfaatlarini tushunib yetadigan, har tomonlama komil insonni tarbiyalash, buning uchun farzandlarimiz ongida Vatanga muhabbat, yurt taqdiriga daxldorlik, tinch, erkin va farovon hayotning qadriga yetish tuyg‘usini kuchaytirish eng ustuvor masala bo‘lib qolaveradi.

Hushyorlik, ma’naviy-ruhiy tarbiya, vatanparvarlik har bir yurakda uyg‘otuvchi kuch bo‘lishi kerak. O‘zgalar ma’naviy poydevorga ega bo‘lmagan qalbga, g‘aflat bosgan yuraklarga doim o‘z bayrog‘ini tikishga hozirligini hech qachon unutmaslik lozim. Bugun dushmanning o‘qlari insonlarni jismonan yo‘q qilsa, uning so‘zlari kishilarni ma’nan mahv etmoqda. Dushman tomonidan otilgan bitta o‘q bir kishini yiqitsa, u tomondan aytilgan bitta so‘z minglab kishilarning ongi, ruhini yemirib, manqurtga aylantirmoqda.

Shunday ekan, yig‘ilishda qayd etilganidek, agar biz O‘zbekiston axborot makonida milliy kontent yaratishni o‘z qo‘limizga olmas ekanmiz, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtayi nazaridan baho bermas ekanmiz, bu ishlar xorijdan turib amalga oshirilishiga imkon yaratib bergan bo‘lamiz. Chunki odamlardagi yangilik, tahliliy ma’lumot, real voqealarga bo‘lgan ehtiyojni biz qondirmas ekanmiz, buni boshqalar qiladi. Bunga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Bu dunyo — kurash maydoni

Tan olish kerak, bugungi notinch zamonda, ayniqsa, yon-atrofimizdagi vaziyat keskinlashib borayotgan bir paytda ona yurtimizni asrab-avaylash, do‘stni dushmandan, oqni qoradan ajratishga, aholimizni doimo sezgir va ogoh bo‘lib yashashga da’vat etishda milliy ommaviy axborot vositalari o‘z hissasini qo‘shishi alohida ahamiyatga ega. Ayrim odamlarda jamiyatda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni tahlil eta olish ko‘nikmasi mavjud emasligini biz, matbuot va OAV vakillari ishimizdagi kamchilik deb bilishimiz zarur.

Bunday holat ba’zi yurtdoshlarimizda yuz berayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini teran anglashga xalaqit qilayotganini sezish mumkin. Nima bo‘lganda ham, globallashuv jarayonlari sharoitida u yoki bu mamlakatning milliy xavfsizligiga qaratilgan tahdidlar orasida axborot xurujlari asosiy o‘rinni egallayotganini mutaxassislar ularning fuqarolar ongiga ta’sir etish kuchi yuqoriligi bilan izohlashmoqda.

Axborot xurujlari, deya ta’riflanayotgan bunday xatti-harakatlar u yoki bu mamlakatga faqatgina tahdid qilishdangina iborat emasligini ham unutmaslik lozim. Aslida bunday e’lon qilinmagan “urush”lar zamirida yolg‘on axborot tarqatishdan tashqari, ijtimoiy ongni egallash, nishonga aylangan mamlakat aholisining milliy va madaniy qadriyatlarini yo‘q qilish, uni tarixiy xotirasidan ayirish bilan birga kishilar ongi, turmush tarziga yot va begona qadriyatlarni singdirish maqsadlari ham yotibdiki, bu ana shu hududdagi aholini manqurtlik ko‘chasiga kiritishga urinishdan boshqa narsa emas.

Davlatimiz rahbari yig‘ilishda hayotdagi eng buyuk maslagi millat va Vatan hurriyati bo‘lgan fidoyi jadid bobolarimizni alohida eslab o‘tdi. Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari — jadidlar, uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Ma’rifatparvar ajdodlarimizning merosi yoshlarni vatanparvarlik va daxldorlik ruhida tarbiyalash ishiga xizmat qiladi. Chunki ularning g‘oya va dasturlari yangi O‘zbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uyg‘un va hamohangdir.

Biz, ijod ahli mard va jasur ajdodlarimiz, sarkardalarimiz, jadid bobolarimizning yorqin siymosini kinotasvirlarda, spektakllarda, matbuotda, badiiy asarlarda ko‘rsata olsak, yurtdoshlarimizni, yoshlarimizni hozirgi keskin sharoitda g‘oyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyorlashga erisha olamiz. Masalan, agar xalqimizni birgina xorijiy seriallar o‘rniga harbiy-vatanparvarlik ruhidagi milliy seriallarni tayyorlab, ularni jon dili bilan tomosha qilishga ko‘niktira olsak, bundan qanchalik yutgan bo‘lardik! Bugun yoshlarimizga ibrat bo‘ladigan ota-bobolarimizning jasoratli yo‘lini ochib beruvchi qo‘llanmalar, badiiy asarlar, qo‘shiqlar, kinofilmlar suv va havodek zarur.

To‘g‘ri, bu ulug‘, ayni paytdagi g‘oyat sharafli ish ijodkorlardan yuksak salohiyat bilan birga, tunu kun izlanishni, jon koyitishni, mashaqqat chekishni, ayniqsa, fidoyilik va vatanparvarlikni talab etadi. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, lekin shu ishni bugun qilmasak, ertaga kech bo‘lishi mumkin. Aks holda avlodlarimiz bizni aslo kechirmaydi, shuningdek, ajdodlarimiz ruhi oldida qarzdor bo‘lib qolamiz.

Axir jadid bobolarimiz yurtimizni ozod etishga, qoloqlikdan olib chiqib, hamma sohalarni rivojlantirishga borini bag‘ishlagan. Buning badalini o‘z jonlari bilan to‘lagan. Ular istiqlol orzusida kurashgan, o‘zini ayamagan, biz mustaqillik uchun nima qilyapmiz, deb o‘zimizga savol berib ko‘raylik. Mustaqillikning mustahkam zamini nima o‘zi? Avvalo, vatanparvarlik, bilim, ma’naviyat. Shundan kelib chiqib, jamiyatimizda ana shunday vatanparvarlik ruhini kuchaytirishga borimizni bag‘ishlashimiz zarur. Jadid bobolarimizning erkparvarligi, vatanparvarligi, yurt ertasi uchun kuyib-yonishi, yangilikka intilishidan xulosalar chiqarishimiz, ma’naviyatni ulardan o‘rganishimiz lozim. Ma’naviyatsiz endi na yangi O‘zbekistonni, na uchinchi Renessansni barpo etish mushkul ekanini anglash davri keldi.

Yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijro etilar ekan, yaqin yillarda nafaqat Qurolli Kuchlar tizimidagi askar va ofitserlar, balki har bir O‘zbekiston fuqarosi qalbida milliy ruh, millat sha’nini asrash tuyg‘usi, vatanparvarlik yangi bosqichga ko‘tariladi. Shunday bir kezda millatning g‘ururi, ori, hamiyati, birligini yo‘qotishga, yoshlarimiz yuragidan vatanparvarlik tuyQusini sidirib tashlashga urinayotgan kuchlarga nisbatan ham ziyolilar eng katta ma’naviy qurol — muqaddas Vatanimizga bo‘lgan yuksak muhabbatni dastur qilib maydonga chiqishi lozim. Bu holatda yurtning kelajagi, mamlakatimiz taraqqiyoti, yuksalishi biz, fuqarolar, avvalo, ziyolilar, millatparvarlar, katta-kichik lavozimdagi kishilarning o‘tmish va kelajak oldidagi ma’naviy mas’ulligiga, bu mas’uliyatni butun ongu shuurimiz, qalbimiz bilan his etishimizga bog‘liq. Shu o‘rinda Abdurauf Fitratning quyidagi so‘zlari yodga keladi: “Bu dunyo kurash maydonidir. Bu kurashning quroli sog‘lom tan, o‘tkir aql va axloqdir”.

Ibrat maktabi

Qurolli Kuchlar orasida ma’naviy-ruhiy tarbiyaning armiyani yengilmas kuchga aylantiruvchi yana bir jihati bor, bu uning xalq bilan yaqinligida namoyon bo‘ladi. Deydilarki, “Armiyasi va xalqi bir bo‘lgan davlatni yengib bo‘lmaydi”. Negaki, armiya bilan bir bo‘lgan xalq o‘z tinchligi va farovonligini armiya kuch-qudratida ko‘radi. Unday xalq armiya uchun chinakam vatanparvarlarni tarbiyalab beradi. Vaziyat taqozosiga ko‘ra, xavf tug‘ilganda u armiya bilan bir butun kuchga, yengilmas lashkarga aylanadi.

Bunga tarixdan juda ko‘p misollar keltirish mumkin. Birgina Najmiddin Kubro jasoratini eslaylik: mo‘g‘ullar Gurganjni qamal qiladi. Garchi Chingizxon bir necha marotaba 76 yoshli shayxga elchi yuborib, uning salomat qolishiga kafolat berib, qal’ani tark etishga da’vat qilsa-da, Najmiddin Kubro: “Kindik qonim to‘kilgan, menga mehr-muhabbat ko‘rsatgan Vatanim uchun kurashib o‘lish huquqini mendan hech kim tortib ololmaydi”, deya bu taklifni rad etadi. Vatan ishqi, ozodligi yo‘lidagi insoniy burch umrida hatto o‘nlik lashkarni ham boshqarib ko‘rmagan buyuk olim, donishmand Najmiddin Kubroni mo‘g‘ullarga qarshi qahramonona jangga otlangan qo‘rqmas qo‘mondon, mard jangchiga aylantiradi.

Bu muhoraba ona Vatanimiz tarixidagi eng shonli, shuningdek, eng fojiali sahifalardan biri bo‘ldi. Ma’naviy-ruhiy jipslik, xalq va lashkar o‘rtasidagi birlik eng zarur paytda yagona qudratga aylanadi. Shayx boshchiligidagi mudofaachilar Vatanning yuragi bo‘lmish Gurganj himoyasini or-nomus himoyasi deb biladi. Bunday tuyg‘u barcha lashkarni qamrab oladi. Shayxning da’vati mudofaachilar qalbidagi o‘lim va mardlik tushunchalarini uyg‘unlashtiradi. Shaharda tirik jon borki, mudofaachiga aylanadi. Dushmanga katta talafotlar yetkazadi. Biroq askarlar soni teng emasdi. Yog‘iy mo‘r-malahdek bostirib kelaveradi. Oxir-oqibat shayx dushman bayrog‘iga chang solgancha halok bo‘ladi...

Davlatimiz rahbari tinchligimizni asrab-avaylash, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash, mustaqilligimizni mustahkamlashda vatanparvarlikning o‘rni beqiyosligini, shonli tariximiz, boy ilmiy va madaniy merosimiz, bahodir ajdodlarimizning hayoti va faoliyati biz uchun chinakam ibrat maktabi ekanini bejiz ta’kidlamadi.

Masalan, buyuk bobomiz Amir Temur qo‘shinlarining jangovar ruhi g‘alabani ta’minlashda muhim omil bo‘lgan. Biz ajdodlarimizning harbiy merosini chuqurroq o‘rganishimiz bugungi qaltis zamonda ham ayni muddao.

Buyuk harbiy sarkarda, strateg, ilm-fan, madaniyat homiysi Sohibqironning muvaffaqiyatli g‘alabalari, olib borgan chuqur o‘ylangan strategiya va taktikalari esa mutlaqo noyobdir. Bu balandparvoz gap emas. Chunonchi, bugun dunyoning ko‘p davlatlari harbiy siyosatida Amir Temur bobomiz o‘gitlari va boshqaruv tutumlaridan keng foydalanib kelmoqda. Buni bobomiz qo‘llagan o‘nlab harbiy atamalar bugungi kungacha ko‘plab mamlakatlar harbiy sohasida qo‘llanib kelayotganida ham ko‘rishimiz mumkin.

Bundan, albatta, faxrlanamiz. Ammo o‘zimiz ham bu buyuk merosdan samarali foydalanishimiz kerak. Shu maqsadda Prezidentimiz katta ishlarni boshlab berdi. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yaqin-yaqingacha “Suvorovchilar” deb nomlanib kelgan harbiy akademik litseylar “Temurbeklar maktabi”ga aylantirildi. Bu buyuk davlat arbobi va sarkarda sohibqiron Amir Temurning Vatanga sadoqat, el-yurtni ardoqlash, mardlik, fidoyilik va adolatparvarlik kabi yuksak fazilatlari yosh avlod uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qilishiga imkon yaratdi.

Darhaqiqat, Sohibqiron bobomizning ibratli hayoti va harbiy-siyosiy faoliyati, bebaho harbiy merosi, xususan, uning “Temur tuzuklari” asari yoshlarni yurt qayg‘usi va uni sevib ardoqlash ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega. “Tuzuklar”da shunday harbiy taktikalar, zalvarli fikrlar, hayotiy o‘git va nasihatlar keltirilganki, ular bugun ham komil farzandni tarbiyalashda, shuningdek, Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy xizmatchilarning ma’naviy saviyasini yuksaltirish, milliy tariximizni chuqur o‘rganishda juda qo‘l keladi.

Zero, buyuk Amir Temur dunyoga adolat tantanasini meros qoldirdi. Bu meros bugun ham, keyin ham o‘zining so‘nmas va doimo talpinuvchan ruhi bilan dunyo xalqlarini hamjihatlik va bag‘rikenglikka, to‘g‘ri va halol yashashga, oliyjanob hamda mehribon bo‘lishga chorlab turadi. Sohibqiron hazratlaridagi vatanparvarlik, mardlik, yurt tinchligi va farovonligi, ravnaqi uchun qalqon bo‘lish kabi fazilatlar nafaqat shaxsiy namuna, shu bilan birga, Jahongir Mirzo, Umarshayx Mirzo, Shohrux Mirzo, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi temuriylar faoliyatida ham mujassam bo‘lgan.

Shu o‘rinda yana bir buyuk sarkarda bobomiz Jaloliddin Manguberdining harbiy merosi ham bebaho ekanini ta’kidlash joiz. Ulug‘ sarkarda harbiy faoliyati davomida qo‘shini tarkibida, boshqarish tizimida, qurol-yarog‘lar ta’minotida, jangovar harakatlari va boshqa harbiy jabhalarda ulug‘ ajdodlariga xos bo‘lgan eng yaxshi an’analarni saqlab qola olgan. Ayni paytda u bo‘lib o‘tgan janglarda harb ilmining yuksak bilimdoni, yangi harbiy taktikalarning yaratuvchisi, qo‘shinni mohirlik bilan boshqara oladigan lashkarboshi, qo‘rqmas, mard, qahramon kurashchi, Vatan, xalq ozodligi uchun jonini baxsh etgan fidoyi inson sifatida tarix sahifalariga muhrlandi.

Sulton Jaloliddinning harbiy taktikasida eng ko‘p qo‘llanilgan jang usullaridan biri — bu dushman qo‘shini markaziga hujum qilib, uni parokanda etish, uning o‘rtasiga yorib kirib, qirib tashlashdan iborat bo‘lgan. Chunki markazning halokati qo‘shinning mag‘lubiyatiga olib kelgan. Jaloliddinning oz sonli lashkarlar bilan dushmanning ko‘p sonli qo‘shinlari ustidan doimo g‘alaba qilish sirlaridan biri ham ana shunda bo‘lgan. Jaloliddin Manguberdining kuch-qudrati, qahramonligi, ulug‘ sarkarda, yetuk davlat rahbari, harbiy mahoratiga nafaqat atrofidagi unga hamkor, hamfikr bo‘lgan insonlar, amirlar, sultonlar, xonlar, shohlar, balki uning ashaddiy raqiblari, dushmanlari ham tan bergan. Masalan, Sind daryosi bo‘yidagi qattol jangdan keyin urush olovidan qutulib ketgan Jaloliddinning mardligidan hayratga tushgan Chingizxonning unga qarata “Haqiqiy ota o‘g‘il mana shunday bo‘lishi kerak! U shunday qirg‘inbarot jang maydonidan va o‘lim daryosi girdobidan qutulib himoya qirg‘og‘igacha chiqa oldimi, demak, undan yana ham ko‘p qahramonliklar va son-sanoqsiz tashvishlar kutish mumkin”, degan so‘zlarida ulug‘ sarkardaga nisbatan nafrat bilan birgalikda uning mardligiga tan berish ham o‘z ifodasini topgan.

Jaloliddin Manguberdining o‘n bir yildan ortiq mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi olib borgan kurashi beiz ketmadi. U o‘z fidoyiligi, jasorati, matonati bilan ko‘p xalqlarni mo‘g‘ullar iskanjasiga tushishdan asrab qoldi. Mana, boy harbiy merosimizni o‘rganish nima uchun kerak?!

Ma’naviy jasorat — eng oliy talab

Inson o‘zligini anglagani, nasl-nasabini chuqurroq bilgani sari yuragida Vatanga muhabbat tuyg‘usi ulg‘aya boradi, tug‘ilib o‘sgan yurtiga mehri ortadi. Bu O‘zbekiston tuprog‘ida yashayotgan, uni o‘z ona Vatani deb biladigan barcha millat va elatlarga birdek daxldor.

Xalqimiz boy tarix, yuksak madaniyat va buyuk ma’naviyatga ega. Zotan, eng qaltis va tahlikali davrlarda millatimizga umid va ishonch bergan, uni yovlarga qarshi kurashga undagan, ajdodlarimizni ilmiy kashfiyotlar, harbiy zafarlarga, ma’rifat mash’alini baland ko‘tarib, jaholatga qarshi chiqishga chorlagan beqiyos kuch ma’naviy jasorat tuyg‘usidir.

Tarix sinovidan o‘tgan haqiqat shuki, ezgu g‘oyalarga, ma’naviy merosga, an’analar va zamonaviy talablarga asoslanmagan har qanday davlat tizimi uzoqqa bormaydi. Dunyoda eng qiyin ish insonni tarbiyalash, uning ongu tafakkurini shakllantirish, degan gap bor. Chunki bu borada quruq so‘z va hatto bilim-tajribaning o‘zigina kifoya qilmaydi. Bu borada, avvalambor, inson o‘zining amaliy ishi va ezgu sa’y-harakatlari, fidoyiligi bilan maqsadning to‘g‘riligi, haqqoniyligini isbotlab berishi kerak.

Bizning maqsadimiz oddiy va hayotiy — harbiy xizmatchilar, shuningdek, yoshlar qalbi va ongida yuksak vatanparvarlik, daxldorlik tuyg‘ulari qaror topishi, oliyjanob fazilatlar ustuvor bo‘lishiga erishish. Tabiiyki, bunda farzandlarimizning nafaqat bilimini oshirish, balki ular qalbida mustaqilligimizni mustahkamlash bilan boQliq yangicha tafakkur, yangi g‘oyalarni kamol toptirish, ularni yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va Vatanimiz taraqqiyotini ta’minlash yo‘lida ezgu ishlarga rag‘batlantirish, odamlar ongu shuurida hayotimizning turli sohalarida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarga daxldorlik, bunyodkorlik, kelajakka ishonch va shukronalik tuyg‘ularini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Xullas, Prezidentimizning Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yiQilishida bildirgan fikr-mulohazalari, soha mutasaddilariga, ijodkor ziyolilarga bergan topshiriqlari, ko‘rsatmalari Qurolli Kuchlarimiz jangovar qobiliyatini oshirish, mamlakatimiz sarhadlari xavfsizligi va hududiy yaxlitligi, suverenitetini himoya qilish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Ayni paytda jahonda ro‘y berayotgan ziddiyatlar, qurolli to‘qnashuvlar sharoitida har bir yurtdoshimizni doim ogoh va hushyor yashashga, Vatanimiz tinchligi, osoyishtaligi, taraqqiyoti yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lib kurashishga undaydi.

Vatanni sevish, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash — har birimiz uchun muqaddas burch. Bugungi tahlikali, talato‘p dunyoda to‘g‘ri yo‘lni yo‘qotmasdan, turli aldov va hiylalarga uchmasdan, mana shu burchga hamisha sodiq qolsak, yuzimiz yorug‘, manzilimiz oydin bo‘lishi, shubhasiz.

Har lahza turlanib boradi dunyo,

Shu fursat ortida qancha sir pinhon.

Qayda quyosh kulsa, qay joy zim-ziyo,

Kemaday chayqalib turibdi jahon.

Barimiz yo‘lovchi muqaddas yo‘lda,

Nurli manzillarga qadalgan nigoh.

Maqsadsiz odimlar — bari behuda,

Hushyor yashamasak, bo‘lmasak ogoh...

Barchamiz bir bo‘lsak — bitta ko‘z bo‘lsak,

Vahshatli to‘lqindan sog‘ o‘tajakmiz.

Ko‘nglimiz mushtarak, bitta so‘z bo‘lsak,

Sirli eshiklarni lang ochajakmiz.

Ne zotlar shu yurt deb o‘rtangan, yongan,

Qanchasining bag‘ri porayu kuyuk.

Vatanini sevgan har odamki shan,

Yurtin ardoqlagan har zotki — buyuk.

Buyuklar yurtidir demak bu o‘lka,

Amir Temur aytsin, Shiroq yo Kubro.

Yuziga, so‘ziga tushmas ko‘lanka,

Chunki osmonini bezar Oy, Zuhro.

Senga panoh bo‘lsin porloq ziyolar,

Voz kech foniy dunyo savdolaridan.

Momolardan olgin ezgu duolar,

Ruhingga saboq ol bobolaringdan.

O‘g‘lon! Jasur ersang ayama jonni,

Bu Vatan abadiy, jon esa o‘tar.

Ko‘tar yelkang uzra O‘zbekistonni,

Dovrug‘ini ko‘tar, shonini ko‘tar.

Unutma!

Yovlar mo‘l, yo‘l etar davom,

Posbon bo‘l, ko‘nglingda muqaddas bir his.

Mudom jaranglasin qalbda bir kalom:

Vatanni asramoq — sevmoqday aziz!

O‘tkir RAHMAT

O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yurtin ardoqlagan har zotki buyuk