Qurolli Kuchlarimiz — mamlakatimiz barqarorligi va taraqqiyotining kafolati
Vatan ostonadan, inson yashab nafas olib turgan go‘shadan, kindik qoni to‘kilgan xonadon tuprog‘idan boshlanadi.
Vatan ostonadan, inson yashab nafas olib turgan go‘shadan, kindik qoni to‘kilgan xonadon tuprog‘idan boshlanadi. Ajdodlarimiz yurt tuprog‘ini ko‘zlariga to‘tiyo etganlar, qaerga borsa ham, Vatan yodi bilan nafas olganlar. Ana shu sabab Vatanga muhabbat hissi bebaho va qadrdon tuyg‘u, insoniyatning qon-qoniga singib ketgan ilohiy ne’matdir. Shu bois, Vatanni himoya qilish, uning tinchligini asrab-avaylash, sarhadlari daxlsizligini mustahkamlashda o‘z hissasini qo‘shayotgan yurt posbonlarining xizmatlari hamisha e’tirof etiladi.
Dunyo miqyosida milliy va global xavfsizlikka qarshi tahdidlar tobora ortib borayotgan hozirgi murakkab zamonda harbiy sohani yuksaltirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy qurol-yarog‘ va aslahalar bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarning jismoniy, ma’naviy-intellektual tayyorgarligini oshirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish eng dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Xavfsizlik kengashining 2018 yil 10 yanvarda bo‘lib o‘tgan majlisidagi nutqida ta’kidlaganidek, “Ayni paytda butun dunyoda, jumladan, yon-atrofimizda xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi tobora ortib bormoqda, ayrim hududlarda qurolli to‘qnashuvlar hamon davom etmoqda. Ana shunday keskin vaziyatdan kelib chiqqan holda, mavjud tahdidlarga qarshi munosib zarba berishga tayyor bo‘lishimiz, O‘zbekistonning tinch va barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida Qurolli Kuchlarimizni yanada isloh qilish, uning jangovar tayyorgarligi va qobiliyatini yuksaltirish bo‘yicha kelgusida amalga oshiradigan ishlarimizni izchil davom ettirishimiz zarur”.
Shu boisdan, mustaqillik yillarida mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligi, uning sarhadlari daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha taktik va strategik vazifalarni samarali hal etishga qodir bo‘lgan, zamonaviy, harakatchan, har tomonlama yaxshi qurollangan armiyani tashkil etish bo‘yicha o‘zining ko‘lami va miqyosiga ko‘ra ulkan ishlar tizimli, bosqichma-bosqich ravishda amalga oshirildi.
Konstitutsiyamizning 125-moddasida “O‘zbekiston Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligi, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuziladi”, deb belgilab qo‘yildi. Bosh qomusimiz asosida milliy xavfsizligimizni ta’minlashning tashkiliy-huquqiy tizimini shakllantiruvchi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilib, hayotga samarali tatbiq etib kelinmoqda.
Milliy armiyamizni bosqichma-bosqich, tizimli ravishda shakllantirishda, avvalo, O‘zbekistonning mintaqamizda va dunyoda tutgan geostrategik, geosiyosiy o‘rnini, mamlakatimiz xavfsizligiga qarshi qaratilgan jiddiy ichki va tashqi tahdid-xatarlarni, ayniqsa, kuchayib, faollashib borayotgan xalqaro terrorchilik, ekstremizm, tobora ko‘lami kengayib borayotgan narkoagressiya, ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishi kabi balo-qazolarni hisobga olgan holda, 2018 yil 9 yanvarda davlatimiz rahbari “O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Mudofaa doktrinasi O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqligi, yaqin qo‘shnilarimiz — Markaziy Osiyo davlatlari bilan har tomonlama o‘zaro hamkorlik milliy xavfsizlikning asosiy shartlaridan biri ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi siyosati bir qator prinsiplarga asoslangan. Xususan, boshqa davlatlarga qarshi harbiy kuch ishlatmaslik, bundan harbiy tajovuzning oldini olish va uni daf etish hollari mustasno, xavfsizlikning bo‘linmasligi, o‘z xavfsizligini boshqa davlatlar xavfsizligi hisobiga mustahkamlashga yo‘l qo‘yilmasligi, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ehtimol tutilgan nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaslik, har qanday davlatlararo tuzilmadan, agar u harbiy-siyosiy blok etib o‘zgartirilsa, chiqib ketish huquqini o‘zida saqlab qolish, mudofaaning yetarli darajada bo‘lishi, harbiy qurilishning zamonaviy harbiy mojarolar xususiyatiga monand bo‘lishi shular jumlasidandir.
Shuningdek, yadroviy va boshqa turdagi ommaviy qirg‘in qurolini ishlab chiqarish, olish, saqlash, tarqatish va joylashtirishdan voz kechish, Markaziy Osiyoda yadro qurolidan
holi zona to‘g‘risidagi shartnoma prinsiplariga sodiqlik, o‘z hududida chet el harbiy bazalari va ob’ektlarining joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik, Qurolli Kuchlarning xorijdagi tinchlik o‘rnatish bilan bog‘liq operatsiyalarda va harbiy mojarolarda ishtirok etmasligi, xalqning ma’naviy-axloqiy qadriyatlariga va o‘ziga xos madaniy urf-odatlariga tayanish kabilar ham muhim prinsiplardan etib belgilangan.
Bugungi yoshlarimiz mustaqil vatanimizning posbonlaridir. Biz navqiron avlod vakillarini barkamol, yetuk kishilar qilib voyaga yetkazsak, ularning har birida or-nomus, milliy g‘ururni izchil shakllantirib borsak, Vatanimiz qudratli davlatga aylanadi.
Yurt o‘g‘lonlari buyuk bobokalonlarimiz izdoshi bo‘lib kelmoqda. Ulug‘ ajdodlarimizning ma’naviy olami xususida fikr yuritganda, butun dunyoga ma’lum va mashhur bo‘lgan Sohibqiron Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi bobolarimiz haqida alohida to‘xtalishimiz tabiiydir. Chunki Sohibqiron Amir Temur azmu shijoat, mardlik va donishmandlik ramzi bo‘lgan, buyuk saltanat barpo etib, davlatchilik borasida o‘zida ham amaliy, ham nazariy meros qoldirdi, ilm-fan, madaniyat, bunyodkorlik, din va ma’naviyat rivojiga keng yo‘l ochdi. Sohibqiron qaysi bir mamlakatga lashkar tortib borganidan qat’i nazar, u adolatni himoya qilgan, insof va diyonat uchun jangga kirgan.
Bugungi kunda Sohibqiron yaratgan harbiy san’at merosi jahon xalqlarining harbiy san’ati merosidan munosib o‘rin oldi va yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Yurtimizda ham o‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga katta e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari hamda davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qarori asosida “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari tashkil etilgani buning yaqqol tasdig‘idir.
Tarixdan ma’lumki, Jaloliddin Manguberdi endigina 21 yoshni qarshilagan paytda Vatanni ozod etishdek sharafli va og‘ir mas’uliyatli vazifa zimmasiga tushadi. Sulton Jaloliddin yurt mustaqilligini saqlab qolish uchun yovlarga qarshi 11 yil jang qilib, mislsiz qahramonlik ko‘rsatgan.
Mamlakatimizda ana shunday ulug‘ sarkarda bobomiz nomini abadiylashtirish maqsadida 2000 yilning 30 avgustida O‘zbekiston Respublikasining “Jaloliddin Manguberdi” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Bu orden bilan mamlakat mustaqilligini, Vatan sarhadlarini, ona yurt tuprog‘ini himoya qilishda hamda uni ko‘z qorachig‘iday asrashda yuksak harbiy mahorat, qahramonlik va jasorat namunalarini ko‘rsatgan, davlatimizning mudofaa qudratini mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shgan qo‘mondonlik tarkibiga kiruvchi harbiy xizmatchilar mukofotlanadi.
Shuningdek, yurtimizda davlatimiz mudofaa qudratini har tomonlama oshirish, yetuk va malakali harbiy kadrlarni tayyorlashga, Vatan himoyachilari, ularning oilalari uchun munosib sharoit yaratishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, 2019 yilning o‘zida harbiy xizmatchilar uchun imtiyozli kreditlar asosida 116 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi. Harbiy xizmatchilarning 700 dan ziyod farzandlari oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi. Shuningdek, harbiy shaharchalarni obod qilish, ularning hududida zamonaviy infratuzilmalar barpo etish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Ana shu islohotlar tufayli “Armiya va xalq – bir tanu bir jon!” degan olijanob g‘oya va amaliy harakat barcha bo‘g‘indagi hokimiyat hamda boshqaruv idoralari, mahalla, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar tashkilotlari, ta’lim-tarbiya muassasalari faoliyatini, keng jamoatchilik hayotini qamrab olmoqda. Bu esa, Vatan himoyasi chindan ham barchamizning nafaqat vazifamiz, balki sharafli burchimizga aylanib borayotganidan yaqqol dalolat beradi.
Alisher HAMROEV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati