Moziyga qaytib...

Qadim tariximiz hamda buyuk ajdodlarimiz haqida hikoya qiluvchi “Moziyga qaytib...” loyihamizning navbatdagi soni o‘zbek milliy musiqa san’ati darg‘asi Yunus Rajabiy yashab ijod etgan uy-muzeyidan tayyorlandi.

O‘zbekiston xalq artisti, bastakor, xonanda va sozanda, akademik Yunus Rajabiy serqirra ijodiy faoliyati bilan o‘zbek milliy musiqasi tarixida o‘chmas iz qoldirgan. U avvalo keng jamoatchilikka o‘tkir shirali ovozi bilan taniladi. Keyinchalik, xonandalikni bastakorlik bilan birga olib borgan san’atkor o‘zbek musiqali drama janrida samarali ijod etib, kuy va qo‘shiqlar, raqs kuylari, xor asarlarini yozdi. O‘zbek san’atida hali notalar yozuvi mavjud bo‘lmagan bir davrda xalq qo‘shiqlari va navolarini notaga kiritish hamda bastalash orqali ularni abadiy yo‘qolib ketishidan saqlab qoldi. Milliy musiqiy madaniyatimiz va maqom san’ati rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. Asosiysi, xalq muhabbatini qozonib, qalblardan mangu joy oldi.  

Musiqa ilmining dahosi 1897-yil 5-yanvarda Toshkent shahri Chaqar mahallasida, bog‘bon oilasida dunyoga kelgan. Oilaning kenja – 16 farzandi edi. Otasi – Rajab ota har qanday og‘ir mehnatdan cho‘chimaydigan, g‘ayratli, juda xushchaqchaq, serzavq, hazilkash, san’atsevar, ulfatgo‘y kishi bo‘lgan. Rajab otaning Novza dahasida katta bog‘lari bo‘lib, bahor kelishi bilan u yerdagi ishlar qizir, Rajab ota o‘z oilasi bilan shahardan dalaga ko‘chib, to kech kuzga qadar, o‘sha joyda yashar edi. Og‘ir mehnatdan so‘ng Rajab ota turli yig‘inlarga, choyxonalar-u, to‘y-u tomoshalarga borib turar, ko‘pincha kichik o‘g‘li Yunus unga hamroh bo‘lardi. Musiqaga o‘ta shinavanda otasi bog‘ qo‘shnilari Mirza Qosim hofiz va Mulla To‘ychi hofizlarga havasmand edi. O‘g‘lini eshitgan bir kuy yoki qo‘shiqni darhol yodlab, kuylab yurishi uni xursand qilgan. Hofizning onasi – Oysha bibi esa uy bekasi bo‘lishi bilan birga, Qur’on-u dostonlarni va ko‘pgina mumtoz shoirlarimiz g‘azallarini yoddan bilgan, savodli ayol edi.  

Yunus Rajabiy dastlab akasi Rizqi Rajabiyga, uning tanbur chertishiga ergashib, o‘z dutorida sekin-asta mashq qila boshlagan. Otasidan unga o‘tgan san’at va musiqaga ixlosmandlik, onasidan o‘tgan yodda saqlash qobiliyati iste’dodli Yunus Rajabiyning musiqa yo‘lini tanlashida katta rol o‘ynagan.  

Yunus Rajabiy uy-muzeyi 1997-yilda bastakorning o‘g‘li Hasan Rajabiy tomonidan tashkil etilgan. Muzey Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan. Hozirda ushbu ko‘chaga hofiz nomi berilgan. Yunus Rajabiy 1956-yildan, to 1976-yilga qadar, ya’ni umrining oxirgi 20-yilini aynan shu manzilda o‘tkazgan.  

Muzeyda 7 ta  - “Memorial xona”, “Yoshlik yillari xonasi”,  San’at xonasi“, “Shashmaqom xona”, “Abadiyat xona”, “Fotoko‘rgazmalar xonasi”, “Ma’ruzalar xonasi” mavjud. Ushbu xonalarda san’atkor va uning oila a’zolari ishlatgan turli buyum va ashyolardan iborat 6 ming 600 dan ziyod eksponat, bastakor qalamiga oid 3 mingga yaqin qo‘lyozma, qariyb 1000 ta kitob, 60 ga yaqin musiqa asbobi, fotosuratlar joy olgan. Ularning har biri o‘z tarixi va qadimiy qiymatiga ega.  

Muzeyga sayohat musiqa ilmining buyuk dahosi Yunus Rajabiy hayoti, milliy musiqa san’atimiz tarixi bilan yaqindan tinishish va mumtoz maqom  sehridan bahramand bo‘lish imkonini beradi.  

[gallery-17085]

“Moziyga qaytib...” loyihasining ilk sonida uzatilgan Abdulla Qodiriy uy-muzeyidan tayyorlangan fotoreportajni quyidagi (https://uza.uz/uz/posts/ozada-yangi-loyiha-moziyga-qaytib_584824) havola orqali ko‘rishingiz mumkin.

Kamola Yusupova,

Davron Ernazarov (surat), O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yunus Rajabiy uy-muzeyidan fotoreportaj