Milliy maqom san’atimizning rivoji, targ‘ibotida ustoz san’atkor, maqom darg‘asi, O‘zbekiston xalq artisti Yunus Rajabiyning xizmatlari beqiyosdir.
Ustoz san’atkor nomi bilan yuritiluvchi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida atoqli bastakor, maqom san’atining xazinaboni xotirasiga bag‘ishlangan musiqiy-ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi.

Kechada e’tirof etilganidek, Yunus Rajabiy avvalo madaniy jamoatchilikka o‘tkir shirali ovozga ega bo‘lgan iste’dodli xonanda sifatida tanilgan edi. U aytgan «Girya», «Nolish», «Ko‘cha bog‘i», «Kurd», «Qalandari», «Shahnozi Gulyor», «Bayot», «Qaro ko‘zim», «Dugohi Husayni», «Chorgoh», «Miskin», «Nasrulloyi» kabi maqom yo‘llaridagi ashulalar, u tiklagan «Subhidam», «Yolg‘iz», «Sayqal», «Segoh», «Dugoh» va boshqa qadimgi o‘zbek kuy va ashulalari hozir ham tinglovchilar qalbidan o‘rin olgan.

Xonandalikni bastakorlik bilan birgalikda olib borgan san’atkor o‘zbek musiqali drama janrida samarali ijod qilib, kuylar, qo‘shiqlar, raqs kuylari, xor asarlari, ko‘plab spektakllar uchun musiqiy asarlar yozdi.
«Fabrika yallasi», «Yor-yor», «Mirzacho‘lda to‘y», «O‘zbekiston», «Qahramonlar haqida qo‘shiq», «Bizning davron», «Vatan haqida qo‘shiq» «Xalqlar do‘stligi», «Bahor keldi», «Shodlik», «Dugonalarga», «Koshki», «Gulbargi», «G‘alaba» kabi kuy, xor asarlari, «O‘yin bayoti», «O‘yin dugohi», «Paxta» singari raqs kuylarini ham yaratdi.

O‘zbek musiqa merosini to‘plashda Yunus Rajabiyning xizmatlari nihoyatda qatta. U 1935 yildan boshlab kuy va qo‘shiqlarni, maqomlarni to‘play boshladi. Shuning natijasi o‘laroq Ye.Romanovskaya, A.Akbarovlar 1939 yilda tuzgan «O‘zbek xalq qo‘shiqlari» to‘plamidan Yunus Rajabiy notaga solgan 29 ta ashula va qo‘shiqlar o‘rin oldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yunus Rajabiy 1955-1959 yillarda (Y.Akbarov tahriri ostida) 5 jildlik «O‘zbek xalq muzikasi» to‘plamlarini nashr ettirdi. Ularga turli janrlardagi mingga yaqin o‘zbek kuy va ashulalar, «Buxoro Shashmaqomi», Toshkent, Farg‘ona maqom yo‘llari, katta ashulalar, Hamza qo‘shiqlari, o‘nlab bastakorlarning asarlari kiritilgan. Maqom ansambli bilan uzoq ishlashi natijasida 1966-1974 yillarda (F.Karamatov tahririda) «Shashmaqom»ning 6 jildlik yangi nashrini tayyorladi.
Mutaxassislarning fikricha, mazkur kitoblarga izoh beruvchi 1978 yilda nashr etilgan «Muzika merosimizga bir nazar» asari maqomchilarning ijro uslublarini o‘rganishda muhim qo‘llanma bo‘ldi.
Yunus Rajabiyning o‘zbek musiqa va qo‘shiq san’ati rivojidagi ulkan xizmatlari sababli san’atkor 1958 yilda «O‘zbekiston xalq artisti» unvoni, Respublika Davlat mukofoti (1973) bilan taqdirlandi. 1966 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zoligiga saylandi.
Istiqlol yillarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ustoz san’atkor “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
Xotira tadbirida musiqashunoslar, O‘zbekiston xalq artistlari, xalq hofizlari, xizmat ko‘rsatgan artistlar, san’atshunoslar, olimlar, maqom san’atiga fidoyilik bilan xizmat qilayotgan ijodkorlar, talaba yoshlar hamda maqom ixlosmandlari ishtirok etdi.
Xotira kechasida Yunus Rajabiy ijodi haqida batafsil so‘z yuritildi.
Maqomlardan namunalar taqdim etildi. Shuningdek, xotira kechasida Rajabiylar sulolasining vakillari — Hasan Rajabiy, Tohir Rajabiy va Aziz Rajabiy milliy maqom san’atining rivoji haqida so‘z yuritdi.
Tadbir yakunida Yunus Rajabiyning ijodidan namunalar ijro etgan yoshlar va ijodkorlar institut rahbariyati tomonidan diplomlar bilan taqdirlandi.
N.Usmonova,
O‘zA