O‘zbek milliy musiqa san’atining atoqli namoyandasi, akademik, O‘zbekiston xalq artisti Yunus Rajabiy tavalludining 128 yilligi munosabati bilan davra suhbati o‘tkazildi.
Poytaxtimizdagi Yunus Rajabiy uy-muzeyida bo‘lib o‘tgan davra suhbatiga O‘zbek milliy maqom san’ati markazi bosh direktori Avazbek Shomurodov, O‘zbekiston xalq hofizi Isroiljon Vahobov va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulova hamda ko‘plab madaniyat va san’at namoyandalari qatnashdi.
Ushbu tashrif davomida Rajabiylar sulolasi vakillari bilan samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
E’tirof etilganidek, bastakor, xonanda va sozanda, akademik Yunus Rajabiy o‘zbek musiqali drama janrida samarali ijod etib, ko‘plab kuylar, qo‘shiqlar, raqs kuylari, xor asarlari yaratgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yunus Rajabiy 1897 yil 5 yanvar kuni Toshkentda tug‘ilgan. Avval madrasada, so‘ng 1919-1922 yillarda Turkiston xalq konservatoriyasida, 1934 yilda Toshkent Oliy musiqa maktabining tayyorlov kurcida, 1940-1941 yillarda Moskvada bastakorlar kursida ta’lim olgan Yu.Rajabiy xalq musiqa merosini Mirzaqosim hofiz, Sh.Shoumarov, To‘ychi Hofiz, Domla Halim Ibodovlardan o‘rgangan.
Mehnat faoliyatini Samarqand pedagogika bilim yurti to‘garagi o‘qituvchisi sifatida boshlab, keyinchalik Samarqand teatrining musiqa rahbari, O‘zbekiston radio qo‘mitasi qoshidagi xalq cholg‘u asboblari ansambli tashkilotchisi va badiiy rahbari, Toshkent viloyat Yangiyo‘l musiqali drama va komediya teatrining musiqa rahbari, O‘zbekiston Televideniyesi va radio eshittirish Davlat qo‘mitasi huzuridagi Maqom ansambli tashkilotchisi va badiiy rahbari vazifalarida ishladi.
Yunus Rajabiy eng avvalo betakror ovozi bilan xalqimizga tanilgan edi. U aytgan “Girya”, “Nolish”, “Ko‘cha bog‘i”, “Eshvoy”, “Qalandari”, “Shahnozi Gulyor”, “Bayot”, “Qaro ko‘zim”, “Dugohi Husayni”, “Chorgoh”, “Miskin”, “Nasrulloyi” kabi maqom yo‘llaridagi ashulalar, u tiklagan “Subhidam”, “Yolg‘iz”, “Sayqal”, “Segoh”, “Dugoh” va boshqa qadimgi o‘zbek kuy va ashulalari hamon tinglovchilarga estetik zavq bag‘ishlaydi.
Xonandalikni bastakorlik bilan baqamti olib borgan san’atkor o‘zbek musiqali drama janrida samarali ijod etib, kuylar, qo‘shiqlar, raqs kuylari, xor asarlari yozdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dastlab Xurshidning “Farhod va Shirin” (1922-1925), “Layli va Majnun” (1926), O‘.Ismoilovning “Rustam” (1933), A.Hidoyatovning “Avaz” (1935), Hamzaning “Xolisxon” (1940) spektakllariga xalq ashulalari asosida kuylar bastalagan edi. Keyinchalik S.Abdulla va Chustiyning “Qo‘chqor Turdiyev” (1942), B.Nadejdin bilan hamkorlikda A.Umariy va Uyg‘unning “Qasos” (1941), K.Yashinning “Farhod va Shirin” (1944), G.Mushel bilan hamkorlikda H.Olimjonning “Muqanna” (1943), Xalilov bilan hamkorlikda S.Qosimov va L.Mamatxonovning “Nodira” (1942—1943), B.Zeydman bilan hamkorlikda H.G‘ulomning “O‘g‘il uylantirish”(1964), Sayfi Jalil bilan hamkorlikda Y.Mahsumovning “Navoiy Astrobodda” (1968) kabi musiqali dramalarini va T.Sodiqov, D.Zokirov, B.Zeydmanlar bilan hamkorlikda “Zaynab va Omon” operasini yozib, o‘zbek musiqali drama janrining shakllanishiga katta hissa qo‘shdi.
“Fabrika yallasi”, “Yor-yor”, “Mirzacho‘lda to‘y”, “O‘zbekiston”, “Qahramonlar haqida qo‘shiq”, “Bizning davron”, “Vatan haqida qo‘shiq”, “Xalqlar do‘stligi”, “Bahor keldi”, “Shodlik”, “Dugonalarga”, “Koshki”, “Gulbargi”, “G‘alaba” kabi kuy, xor asarlari, marshlari, “O‘yin bayoti”, “O‘yin dugohi” singari raqs kuylarini ham yaratdi.
O‘zbek musiqa merosini to‘plashda Yunus Rajabiyning xizmatlari nihoyatda qatta bo‘ldi. U 1935 yildan boshlab kuy va qo‘shiqlarni, maqomlarni to‘play boshladi. Natijada Ye.Romanovskaya, A.Akbarov tomonidan 1939 yilda tuzilgan “O‘zbek xalq qo‘shiqlari” to‘plamidan Yu.Rajabiy notaga solgan 29 ta ashula va qo‘shiqlar o‘rin oldi.
Yunus Rajabiy 1955-1959 yillarda 5 jildlik “O‘zbek xalq muzikasi” to‘plamlarini nashr ettirdi. Ularga turli janrlardagi mingga yaqin o‘zbek (bir qancha tojik, uyg‘ur) kuy va ashulalar, “Buxoro Shashmaqomi”, Toshkent, Farg‘ona maqom cho‘llari, qatta ashulalar, Hamza qo‘shiqlari, o‘nlab bastakorlarning asarlari kiritilgan. Maqom ansambli bilan uzoq ishlashi natijasida 1966-1974 yillarda (F.Karomatov tahririda) “Shashmaqom”ning 6 jildlik yangi nashrini tayyorladi.
Mazkur kitoblarga izoh beruvchi 1978 yilda nashr etilgan «Muzika merosimizga bir nazar» asari maqomchilarning ijro uslublarini o‘rganishda muhim qo‘llanma bo‘ldi.
Yunus Rajabiy o‘zbek musiqa va qo‘shiq san’ati kamolotidagi ulkan xizmatlari bois 1958 yilda “O‘zbekiston xalq artisti” unvoni, Respublika Davlat mukofoti (1973) bilan taqdirlandi. 1966 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zoligiga saylandi.
O‘zbekiston Televideniye va radio eshittirish Davlat qo‘mitasi qoshidagi “Maqom” ansambli, Jizzax musiqali drama teatri, Toshkent musiqa pedagogika bilim yurti, Toshkentdagi markaziy ko‘chalarning biriga Yunus Rajabiy nomi berildi.
1997 yilda Yunus Rajabiyning 100 yillik yubileyi keng nishonlandi. O‘zbek milliy madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgani uchun u 2000 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.
Xotira tadbirida Yunus Rajabiyning merosi, ijod yo‘li, asarlarining ahamiyati haqidagi yorqin xotiralar yodga olindi.
N.Usmonova,
O‘zA