Navolardagi barhayot umr
Milliy maqom san’atimiz doim jahon ahlini hayratga solgan.
Beqiyos san’atimizni ta’limot sifatida chuqur tadqiq etish, uni mumtoz san’atning chin muxlislariga munosib tarzda taqdim etishda fidoyi ustoz Yunus Rajabiyning hissalari katta. Betakror xonanda va sozanda, o‘zbek musiqa merosini to‘plovchisi tavalludiga 125 yil to‘ldi.
Ustazoda san’atkor O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi edilar. Manbalarga ko‘ra, poytaxtning Chaqar mahallasida tug‘ilgan Yunus Rajabiy madrasada, so‘ng Turkiston xalq konservatoriyasida, Toshkent Oliy musiqa maktabining tayyorlov kursi, Moskvada tashkil etilgan bastakorlar kursida ta’lim olgan. Dutor chalishni Mirza Qosimdan, keyinchalik o‘zbek mumtoz musiqa merosini Sh.Shoumarov, Hoji Abdulaziz, To‘ychi hofiz, Domla Halim Ibodovdan o‘rgangan.
Samarqand pedagogika bilim yurtida musiqa o‘qituvchisi, Samarqand teatrining musiqa rahbari, O‘zbekiston radiokomiteti qoshidagi xalq cholg‘u asboblari ansambli tashkilotchisi va badiiy rahbari, Yangiyo‘l teatri musiqa rahbari, O‘zbekiston teleradiosining “Maqom” ansambli tashkilotchisi va badiiy rahbari bo‘lib ishlagan.
San’atshunoslarga ko‘ra, ustoz yoshligidanoq shirali va ta’sirchan ovozga ega bo‘lgan iste’dodli xonanda va mohir sozanda sifatida tanilgan. Uning repertuaridan maqom parchalari, “Girya”, “Ushshoq”, “Ko‘cha bog‘i”, “Eshvoy”, “Qalandariy”, “Gulyor-Shahnoz”, “Bayot”, “Dugohi Husayniy”, “Chorgoh”, “Miskin”, “Nasrulloyi” kabi ashula va kuy turkumlari o‘rin olgan.
U bir qancha qadimiy o‘zbek xalq kuy va ashulalarini qayta ishlab tiklagan. “Subhidam”, “Yolg‘iz”, “Sayqal”, “Fig‘on”, “Oraz”, “Begi Sulton” kabilar shular sirasidan. Ijrochilik faoliyatini bastakorlik bilan birgalikda olib borgan Yunus Rajabiy o‘zbek musiqali dramasining shakllanishiga muhim hissa qo‘shgan. Dastlab “Farhod va Shirin” (Xurshid, Sh.Shoumarov bilan hamkorlikda), “Layli va Majnun” (Xurshid), “Rustam” (U.Ismoilov), “Avaz” (A.Hidoyatov), “Xolisxon” (Hamza) kabi spektakllarga xalq ashulalari asosida kuylar bastalagan.
Keyinchalik B.Nadejdin bilan hamkorliqda “Qasos” (A.Umariy, Uyg‘un), N.Mironov bilan “Qo‘chqor Turdiyev” (S.Abdulla, Chustiy), G.Mushel bilan “Muqanna” (H. Olimjon), O.Halimov bilan “Nodira” (S.Qosimov, Ya.Mamatxonov), B.Zeydman bilan “O‘g‘il uylantirish” (H.Fylom), Sayfi Jalil bilan “Navoiy Astrobodda” (I.Maxsumov) singari musiqali dramalarni yaratgan. U “Zaynab va Omon” operasining (B.Zeydman, D.Zokirov va T.Sodiqovlar bilan) yozilishida ishtirok etgan.
Yunus Rajabiy, shuningdek, “Fabrika yallasi”, “Bizning davron”, “Mirzacho‘lda tuy”, “O‘zbekiston”, “Yangrasin Gulyor”, “Dugonalarga”, “Qadah”, “Koshki”, “Gul sochar”, “Judo”, “Ra’nolanmasun”, “Chapandoz”, “Kuygay” kabi qo‘shiq va ashulalar, “O‘yin Bayoti”, “O‘yin Dugohi”, “Paxta” singari raqs kuylarini yaratgan.
Olimlar fikricha, Yunus Rajabiyning, ayniqsa, o‘zbek musiqa merosini to‘plashdagi xizmatlari katta. U 1935 yildan xalq, kuy va ashulalarini notaga yoza boshlagan. Natijada Ye.Romanovskaya va I.Akbarov tuzgan “O‘zbek xalq qo‘shiqlari” to‘plamidan Yunus Rajabiy notaga olgan 29 ta xalq musiqa namunasi o‘rin olgan. 1955 – 59 yillarda Yunus Rajabiy 5 jildli “O‘zbek xalq musiqasi” (I.Akbarov tahririda) tuplamini nashr ettirdi. Unga mingga yaqin turli janrdagi o‘zbek, shuningdek, bir qancha tojik, uyg‘ur kuy va ashulalari, Buxoro Shashmaqomi, Farg‘ona — Toshkent maqom yo‘llari, katta ashulalar, 20-asr bastakorlari (Hamza, K.Jabborov, N.Hasanov, S.Kalonov, F.Sodiqov, T.Jalilov, M.Mirzayev va boshqa)ning asarlari kiritilgan.
“Maqom” ansambli bilan ishlashi jarayonida Yunus Rajabiy Shashmaqomning 6 jildli yangi nashrini (F.Karomatov tahririda) hamda grammplastinka yozuvlar mukammal to‘plamini (Toshkent grammyozuvlar studiyasida) tayyorladi.
T.Sodiqov, D.Zokirov, D.Soatqulov, F.Sodiqov, N.Hasanov, K.Jabborov, S.Kalonov, K.Mo‘minov, O.Imomxo‘jayev, B.Davidova, K.Ismoilova, O.Alimahsumov, T.Alimatov va boshqa san’atkorlar Yunus Rajabiyning shogirdlaridir. Yunus Rajabiy Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1971), “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni (2000) bilan mukofotlangan.
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi qoshidagi “Maqom” ansambli, Jizzax musiqali drama va komediya teatri, Toshkent musiqa pedagogika bilim yurti, Toshkentdagi ko‘chalardan biri, metro bekati Yunus Rajabiy nomi bilan yuritiladi. Uning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Yunus Rajabiy” , “Umr daftari” filmlari suratga olingan.
Yunus Rajabiy 1957—76 yillar yashab ijod etgan uyda 1997 yilda ustoz uy muzeyi ochilgan. 2001 yil Yunus Rajabiy madaniyat markazi tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida yurtimizda musiqa sohasida tashkil etilgan Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, O‘zbek milliy maqom markazi ustoz san’atkor ijodini keng va batafsil o‘rganishda, targ‘ib etishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Mamlakatimizda maqom san’atini yanada ommalashtirish, uni izchil rivojlantirish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar ustoz san’atkor Yunus Rajabiy merosini asrab-avaylash, uning bardavomligini ta’minlash borasidagi yuksak e’tibor, ehtirom, e’tirofning yorqin namunasidir.
N.Usmonova, O‘zA