Alisher Navoiy nomidagi Kinosaroyda O‘zbekiston kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan “Orzular qanotida” filmining katta premerasi bo‘lib o‘tdi.
Kinokartina musiqali komediya yo‘nalishida bo‘lib, unda taniqli aktyorlar Muhammadsoli Yusupov, Zuhra Ashurova, Farhod Abdullayev, Begzod Hamrayev, Tolib Mo‘minov, Feruza Sobitova, Sevara Soliyeva, Xurshida Arabshoyeva, Umid Hamdamov va Anjelika Yesimbetovalar o‘ziga xos rollarni ijro etishgan.
Filmning barcha voqealari tushda sodir bo‘ladi. Bosh qahramon professor Olimov korxonaga kelib, xodimlarni 10 yoshga yoshartirmoqchiligini aytadi. Uning bu kashfiyotiga barcha rozi bo‘ladi. Xodimlar xayolan 10 yilga orqaga qaytishadi, professor ularni zimdan kuzatadi va ko‘plab xulosalar qiladi. So‘ng odamlarni yoshartirish niyatidan qaytadi. Film oxirida tush ko‘rayotgan Shukur (Farhod Abdullayev) cho‘chib, uyg‘onib ketadi va hammasi tushdagi ro‘yo ekaniga amin bo‘ladi.
Filmdagi jozibali kuy - qo‘shiqlar ishtirokidagi qizg‘in voqealar, shokka tushib qolgan xodim – Shukur akaning ong osti olamida yuz beradi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, eski uylar buzilib, yangi shahar bunyod bo‘ladi. Eskicha qoloq fikrlar o‘rnini ilm-ma’rifat egallaydi.
Film ssenariy mualliflari Nurillo Abbosxon va Rinat Galiyev, postanovkachi rejissyor Ergash Mo‘minov, postanovkachi operator Avaz Tillayevlar tomonidan yaratilgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA