Milliy davlatchilik saboqlari
Buxoro davlat universitetida “Moziyda turkiy qavm va o‘zbeklarning milliy mustaqillik hamda davlatchilik uchun olib borgan kurashlar tasviri (yozuvchi Jo‘ra Fozil asarlari asosida)” mavzusida respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tarixiy xotira va milliy o‘zlikni anglash masalalari bugungi kunda nafaqat tarix fani, balki adabiyot, ma’naviyat va tarbiyaning ham muhim tadqiqot yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Zero, o‘z tarixini chuqur anglagan xalqgina bugungi taraqqiyot yo‘lini to‘g‘ri belgilab, kelajakka mustahkam ishonch bilan qadam qo‘ya oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tarixiy merosni asrab-avaylash, buyuk ajdodlar ilmiy va ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlodni milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy davlatchilik tarixini xolis va ilmiy asosda tadqiq etishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Mazkur konferensiya ham ana shu ezgu tashabbuslarning ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishdagi amaliy ifodalaridan biri sifatida ahamiyatlidir.
Anjumanning dastlabki qismida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyat bo‘limi rahbari, “Buxoronoma” va “Buxarskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri Shodmon Sulaymonov, Sadriddin Ayniy nomidagi Tojikiston pedagogika davlat universiteti Filologiya fakulteti dekani, dotsent Savram Bagozoda hamda Buxoro viloyati hokimining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Akbar Rustamov so‘zga chiqdi.
Ma’ruzalarda turkiy xalqlar tarixi, o‘zbek davlatchiligining shakllanish va taraqqiyot bosqichlari, milliy mustaqillik uchun olib borilgan kurashlarning ijtimoiy-siyosiy mohiyati, ularning badiiy adabiyotdagi talqini xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
Ayniqsa, yozuvchi Jo‘ra Fozil ijodida tarixiy voqelik va inson taqdiri, milliy xotira va ma’naviy qadriyatlar uyg‘unligi masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Adib asarlarida tarix shunchaki o‘tmish voqealari silsilasi sifatida emas, balki bugungi avlod uchun saboq va ma’naviy tayanch bo‘la oladigan tirik xotira sifatida namoyon bo‘lishi ta’kidlandi.

Jo‘ra Fozil — o‘zbek adabiyotida tarixiy mavzularni inson taqdiri, milliy ruh va ma’naviy izlanishlar bilan uyg‘unlashtirib kelayotgan ijodkorlardan. Jo‘ra Vahobovich Fozilov 1949-yil 5-oktabrda Buxoro viloyati Romitan tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi bo‘lgan adibning “Muhabbatning bayramlari”, “Barqut mavsum”, “Buxoro elchisi”, “Baxt yulduzi”, “Mening qizil gulim”, “Buxoriyning qaytib kelishi”, “Ayriliq ostonasi”, “Tiramoh armonlari”, “G‘oziyon zindoni”, “Yo‘lbarsdaraning so‘nggi sultoni”, “Oshiq Buxoriy qissalari”, “Xongulning sarguzashtlari” kabi hikoya, qissa va romanlari kitobxonlar e’tiboriga havola etilgan.
Ushbu asarlarning muhim jihati shundaki, ularda tarixiy voqealar inson taqdiri bilan chambarchas bog‘liq holda tasvirlanadi. Adib tarix sahifalarida qolgan voqealar orqali ozodlik, Vatan, sadoqat, jasorat, milliy g‘urur kabi tushunchalarning mazmun-mohiyatini ochib berishga intiladi.
Shu ma’noda Jo‘ra Fozil ijodi nafaqat adabiy, balki tarixiy-ma’rifiy ahamiyatga ham ega. Uning asarlarini o‘rganish orqali muayyan tarixiy davrlar, xalqning orzu-intilishlari, milliy davlatchilik g‘oyasining ildizlari va ozodlik uchun kurashlarning badiiy ifodasini anglash mumkin.
Adibning “Do‘stga zor bo‘lgan kuning” hikoyasi asosida qozog‘istonlik kino ijodkorlar tomonidan badiiy film suratga olingani ham uning ijodi chegaralar oshganidan dalolat beradi.

Jo‘ra Fozil tarjimon sifatida ham samarali ijod qilgan. U rus adabiyotining taniqli namoyandalari Konstantin Paustovskiy va Viktor Astafevning qissa va romanlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Adib asarlarining jahon xalqlarining 20 dan ziyod tiliga tarjima qilingani uning ijodiy merosi xalqaro adabiy jarayonda ham qiziqish uyg‘otayotganini ko‘rsatadi.
Adibning milliy adabiyot va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasi davlat tomonidan ham munosib e’tirof etilgan. Jo‘ra Fozil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.

Bugun tarixni o‘rganishga munosabat o‘zgarmoqda. Tarixiy shaxslar va davlatchilik an’analariga xolis yondashish, milliy o‘zlikni anglashga xizmat qiladigan ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, tarixiy va adabiy manbalarni yangi metodologiya asosida o‘rganish muhim vazifaga aylanmoqda. Buxoroda o‘tkazilgan mazkur konferensiyaning ahamiyati ham shunda. Unda tarix va adabiyotning o‘zaro ta’siri, badiiy asarning tarixiy xotirani shakllantirishdagi o‘rni, milliy davlatchilik g‘oyalarining avloddan avlodga o‘tishi kabi masalalar ilmiy nuqtai nazardan muhokama qilindi.
Zero, adabiyot xalqning tarixiy xotirasini saqlaydi, tarix esa adabiyotga mazmun va ma’naviy zamin beradi. Ularning uyg‘unligi yosh avlodning milliy tafakkurini boyitish, Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirishda beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri