Milliy musiqa va vatanparvarlik ruhi uyg‘unlashgan ijod bayrami
Buxoroda buyuk kompozitor Mutal Burhonov xotirasiga bag‘ishlangan “Eng yaxshi milliy va vatanparvarlik ruhidagi asarlar” tanlovi o‘tkazildi.
Musiqa — xalqning ruhiyati, tarixi va ma’naviy qiyofasini o‘zida mujassam etgan beqiyos san’at turidir. Millatning asrlar davomida shakllangan orzu-intilishlari, Vatanga muhabbati va milliy o‘zligi ko‘pincha kuy va ohanglar orqali avloddan-avlodga o‘tib keladi. Shu ma’noda milliy musiqa san’atini asrab-avaylash, uni yangi ijodiy izlanishlar bilan boyitish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Buxoro viloyati hokimligi, viloyat Madaniyat boshqarmasi, Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi hamda O‘zbekiston Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.
Mutal Burhonov o‘zbek musiqa san’ati tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk kompozitorlardan biri. U milliy kuy va ohanglarni zamonaviy kompozitorlik maktabi imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirib, o‘zbek musiqasining badiiy imkoniyatlarini yangi bosqichga olib chiqdi. Uning ijodida Vatan, xalq, milliy g‘urur, inson qadri va ezgulik kabi yuksak tushunchalar alohida o‘rin egallaydi. Shu bois Burhonovning musiqiy merosi nafaqat san’at asari, balki milliy xotira va ma’naviy tarbiyaning muhim manbai sifatida ham qadrlidir. Ayniqsa, uning ijodi yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat va o‘z xalqining tarixi hamda madaniy merosiga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun Mutal Burhonov nomini yod etib, uning ijodiy an’analarini davom ettirishga qaratilgan bunday tanlovlarning o‘tkazilishi ham milliy musiqa maktabining uzviy davomiyligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad — milliy musiqa san’atini rivojlantirish, vatanparvarlik g‘oyalarini tarannum etuvchi yangi ijodiy asarlarni qo‘llab-quvvatlash, iste’dodli ijodkorlarni kashf etish va o‘zbek musiqa san’atining boy an’analarini keng targ‘ib qilishdan iborat bo‘ldi.
Tanlov davomida ishtirokchilar o‘zlarining ijodiy salohiyati, musiqiy mahorati va san’atga bo‘lgan yuksak ehtiromini namoyon etdilar. Ijodiy ishlarida milliy qadriyatlar, Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, xalqning boy ma’naviy merosiga hurmat kabi ezgu g‘oyalar turli musiqiy talqinlarda o‘z ifodasini topdi.
— Bunday tanlovlarni tashkil etishdan asosiy maqsad milliy musiqa san’atini rivojlantirish, vatanparvarlik g‘oyalarini tarannum etuvchi ijodiy asarlarni qo‘llab-quvvatlash, iste’dodli ijodkorlarni kashf etish va o‘zbek musiqa san’atining boy an’analarini keng targ‘ib qilishdir, — dedi Buxoro viloyati Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i J. Jumayev. — Tanlov ishtirokchilari o‘zlarining ijodiy salohiyati, musiqiy mahorati va san’atga bo‘lgan yuksak ehtiromini namoyon etdilar. Ularning asarlarida milliy qadriyatlar, Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat va xalqimizning boy ma’naviy merosiga hurmat kabi ezgu g‘oyalar uyg‘unlashganini ko‘rish mumkin.
Tanlov yakunida munosib ishtirok etgan va yuqori natijalarga erishgan ijodkorlar taqdirlanishdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri