O‘zbek tiliga bo‘lgan mehri chegara bilmaydi
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘zbek tilini xorijda va mamlakatimizda keng targ‘ib etish, uni o‘rganayotgan yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan “O‘zbek tili — qalbim tarjimoni”, “Til bilimdonlari” hamda boshqa bir qator respublika tanlovlarining g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda turli ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarning o‘zbek tilini o‘rganish borasidagi intilishlari, tilga bo‘lgan hurmati va milliy madaniyatimizga qiziqishi alohida e’tirof etildi.
Quvonarlisi, tanlovda Buxoro davlat tibbiyot instituti talabasi, Hindiston fuqarosi Mazin Moyidinkutti “O‘zbek tili — qalbim tarjimoni” respublika tanlovida faxrli uchinchi o‘rinni egalladi. Yosh sovrindorga diplom, esdalik sovg‘asi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida pul mukofoti topshirildi.
Mazin Moyidinkuttining ushbu yutug‘i bir jihatdan xorijlik yoshlarning o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, tilimiz mamlakatimizda ta’lim olayotgan chet ellik talabalar uchun ham yangi bilim va muloqot imkoniyatlarini ochayotganini namoyon etadi.
Xorijlik talabaning o‘zbek tilida erkin muloqot qilishi, tanlovda munosib ishtirok etib, sovrindor bo‘lishi esa milliy tilimizning insonlar qalbiga yo‘l topayotganidan darak beradi. Bu kabi yutuqlar o‘zbek tilining nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro ta’lim va madaniy muloqot maydonida ham o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotganini ko‘rsatadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri