Smartfon emas, kitob kamolotga yetaklaydi
Axborot xurujlari kuchayib, axborot oqimi tobora ortib, yoshlar ijtimoiy tarmoqlarga yanada ko‘proq «maftun bo‘lib borayotgan» bugungi kunda o‘quvchini kitobxonlikka qaytarishning yo‘llari qanday?
Taniqli shoira, «Shuhrat» medali sohibi, ma’naviyat targ‘ibotchisi, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida kitobxonlik va adabiyot targ‘iboti yo‘lida doimiy jonbozlik ko‘rsatayotgan ijodkor Gulchehra Shahobiddin qizi bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.
Gulchehra opa, bugungi kunda yoshlarni kitobga qanday qiziqtirish mumkin, deb o‘ylaysiz?
– Yoshlarni kitobga jalb etish haqida so‘z borganida, bir paradoks holatga duch kelamiz. Ayrim yoshlar kitobga mutlaqo befarqligini inkor etmaymiz, ammo aksariyat yoshlarning mutolaaga mehri juda baland ekani ham kuzatilmoqda. Bugungi kunda kutubxonalar va ziyo maskanlarining yoshlar bilan gavjumligi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Yaxshi kitob targ‘ibotida yoshlarga ko‘proq ijtimoiy tarmoqlar orqali adabiyotning yuksak namunalarini qiziqarli videoroliklar, lavhalar va videoparchalar vositasida yetkazish dolzarb, deb o‘ylayman. Shu bilan birga, yoshlar uchun qiziqarli bo‘lgan mavzular – kasbiy yuksalish va karera, sevgi-muhabbat, psixologik munosabatlar, ilg‘or texnologiyalar bilan bog‘liq masalalar orqali kitob targ‘ibotini yanada kuchaytirish mumkin.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda yozuvchi va shoirlar, mashhur olimlar, san’atkorlar ishtirokida kitobxonlik targ‘ibotiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bunda mashhur ziyolilarimizning o‘zlari o‘qigan kitoblari, mutolaaga yondashuvlari shaxsiy namuna sifatida keltiriladi.
Odamlarni bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar, smartfonlar yoki boshqa texnik vositalar emas, aynan yaxshi kitob kamolotga yetkazishi mumkinligini turli ijodiy uchrashuvlar, muloqotlar va kitobxonlik haftaliklari orqali ochib berishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Sizningcha, yaxshi kitob insonni o‘zgartira oladimi? Bugungi jamiyatimizda uchrayotgan ba’zi ma’naviy kemtiklarni, mehr-oqibatning kamayib borayotganini aynan adabiyot orqali «davolash» mumkinmi?
– Bu juda o‘yga toldiradigan savol. Adabiyot, yaxshi kitob insonni, hatto jamiyatni ham o‘zgartira oladimi? Albatta, yaxshi kitob jamiyatni yaxshi tomonga o‘zgartirishga qodir. Lekin bu, avvalo, har bir kitobxonning o‘zi mutolaa qilgan asarga qanday yondashishiga bog‘liq.
Muayyan kitobni o‘qib bo‘lgach, kimdir uning so‘nggi sahifasini yopadi-da, o‘z yo‘lida davom etadi. Boshqa birov esa o‘qiganlarini qayta mushohada qiladi, tahlil etadi. Kitobda bayon etilgan voqealar va fikrlarni o‘z dunyoqarashi, fikrlash tarzi bilan qaytadan taroziga soladi. Kimdir o‘zini asardagi qahramon bilan taqqoslaydi, asar voqealari bilan bir muddat yolg‘iz qoladi.
Kitob jamiyatni yoki insonni o‘zgartiradimi-yo‘qmi, bu ko‘p jihatdan har bir kitobxonning o‘ziga bog‘liq. O‘quvchi asardan qanday xulosa chiqardi? U shu asar orqali o‘zini topa oldimi? Qahramonlar obrazi, voqealar tizimida o‘zini ko‘zguda ko‘rgandek his qila oldimi? Menimcha, masalaning mohiyati aynan shunda.
Gulchehra opa, qaysi kitoblarni yoshlarga o‘qish uchun tavsiya etgan bo‘lardingiz?
– Mutolaa jarayoni va har bir kitobni tanlab o‘qish, asosan, kitobxonning dunyoqarashi, qiziqishlari, orzu-intilishlariga bog‘liq. Yaxshi kitobning ahamiyati shundaki, u o‘quvchini ko‘proq tafakkur qilishga, mustaqil fikr yuritishga o‘rgatadi.
Yoshlarga buyuk ma’rifatparvar bobolarimiz Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar», «Mehrobdan chayon», Cho‘lponning «Kecha va kunduz», O‘zbekiston xalq yozuvchilari Odil Yoqubovning «Ulug‘bek xazinasi», Pirimqul Qodirovning «Yulduzli tunlar», O‘tkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari» kabi asarlarini tavsiya etgan bo‘lardim.
Jahon adabiyoti namunalaridan esa Paulo Koeloning «Alkimyogar», Antuan de Sent-Ekzyuperining «Kichik shahzoda», Jorj Oruellning «1984» kabi asarlari yoshlarni fikrlashga, hayotga boshqacha nigoh bilan qarashga undaydi, deb o‘ylayman.
Samimiy suhbat uchun tashakkur!
- Sizga ham tashakkur.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.