“Jahon adabiyoti” jurnalining yangi soni nashrdan chiqdi
Jurnal filologiya fanlari doktori, professor Ibrohimjon Yo‘ldoshevning “Nizomiy va Navoiy (Nizomiy madhida) nomli adabiy maqolasi bilan boshlanadi. – Sharq adabiyotida “Xamsa” yaratish an’anasini aynan Nizomiy Ganjaviy boshlab bergan. Shuning uchun ham u xamsachilikning kashshofi deya e’tirof etiladi. Bu an’anani keyinchalik Alisher Navoiy davom ettirib, turkiy tilda ilk bor o‘z “Xamsa”sini yaratdi, deb yozadi olim. Maqolani o‘qing. Unda ikki buyuk so‘z ustasining jahon adabiyoti xazinasiga qo‘shgan hissasi, ularning salmog‘i haqida so‘z boradi.
“She’riyat mintaqalari” ruknida Fyodor Tyutchev, Afanasiy Fet, Konstantin Balmot, Eduard Asadov, Bulat Okudjava, Eldar Ryazanov, Andrey Dementev, Robert Rojdestvenskiy, Yevgeniy Yevtushenko, Valentin Gaf va Iosif Brodskiy kabi rus shoirlari ijodidan bahramand bo‘lasiz. Atoqli rus shoiri Yevgeniy Yevtushenkoning onalarga bag‘ishlangan quyidagi she’ri har qanday qalbni larzaga keltirdi:
Ketayotir onalarimiz,
Asta-asta oyoq uchida.
Qornimiz to‘q, uxlayapmiz biz,
Sezmayapmiz g‘aflat ichida.
Birdaniga ketmas onalar,
Ammo bizga shunday tuyular.
Yillar go‘yo uzun zinalar,
Bir-bir bosib ketishar ular.
Biz uyg‘onib, nogoh talpinib,
Qo‘l cho‘zamiz – muallaq qolar.
Go‘yo shaffof parda yopilib,
Onamizni bag‘riga olar.
Kechikibmiz, yig‘laymiz izz-izz,
Mujda marjon jolalarimiz.
Qator bo‘lib, ohista, unsiz
Ketayotir onalarimiz...
She’rlarni rus tilidan Xudoyberdi Komilov tarjima qilgan. Shuningdek, jurnalning yangi soni orqali Nobel mukofoti sovrindorlari Laslo Krasnoxorkaining “Homer izidan” romani (ingliz tilidan Nurali Qahramon tarjimasi), Perl Bakning “Serhosil zamin”(Ingliz tilidan Ruxsora Nur tarjimasi) romanlari bilan tanishasiz. Taniqli adib Sergey Dovlatovning “Akam” nomli hikoyasini rus tilidan Nizom Komilov tarjimasida o‘qiysiz.
Bertold Brextning “Arturo Uining omadi” nomli dramasi, Frederik Starrning “Yo‘qotilgan ma’rifat: Markaziy Osiyoning arab istilosidan Temurgacha bo‘lgan oltin davri (ruschadan Murodilla Haydarov tarjimasi) maqolasi bilan tanishasiz.
Jurnalning “Yodnoma” sahifasidan Muhiddin Abdurahimning “Sokin va o‘ychan” nomli adabiy mulohazalari joy olgan.
“Adabiyotshunoslik. Falsafa ruknida atoqli adabiyotshunos (marhum) Ahmad Otaboyning “Modernizmni qanday tushunamiz?” nomli adabiy maqolasi bilan tanishasiz.
A.Narzulloyev, O‘zA