«Sarchashma» – Cho‘lpon ijodining ma’naviy ildizlari aks etgan kitob
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida XX asr yangi o‘zbek adabiyotining buyuk namoyandasi, iste’dodli shoir va ma’rifatparvar Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon xotirasiga bag‘ishlangan «Sarchashma» kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Cho‘lpon ijodining o‘ziga xosligi milliy ruh, ozodlik g‘oyasi va inson kechinmalarining chuqur tasvirida yaqqol namoyon bo‘ladi. Ayni paytda ulug‘ ma’rifatparvarning ijod namunalari badiiy tilining ta’sirchanligi, Sharq va G‘arb adabiyotining o‘zaro uyg‘unligi, janrlarining xilma-xilligi bilan ham diqqatga sazovor.
«Sarchashma» deb nomlangan yangi kitob davr nafasini, Cho‘lpon oilasining taqdirini, millatning ma’naviy izlanishlari hamda ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan adabiy-ma’rifiy an’analarni o‘zida ifoda etgani bilan ahamiyatlidir.
Kitob taqdimoti davomida Cho‘lponning boy adabiy merosi, ijodiy faoliyati, milliy adabiyotimiz taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni haqida atroflicha fikr yuritildi. Shuningdek, buyuk shoirning shaxs sifatida shakllanishida oilaviy muhit, xususan, otasi Sulaymonqul bazzozning ma’rifiy qarashlari va tarbiyasi muhim o‘rin tutgani ta’kidlandi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, adabiyotshunos olimlar, filologiya fanlari doktorlari Hamidulla Boltaboyev, Nurboy Jabborov, tarixchi olima, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining o‘rinbosari, tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolova, shoirning jiyani Sharifa Madg‘oziyeva va boshqalar Cho‘lpon ijodining o‘ziga xosligi xususida batafsil gapirdi.
–Kelgusi yilda Cho‘lpon tavalludining 130 yilligi keng nishonlanadi, – dedi uyushma raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo. — Biz adabiyot ahli, olimlar bilan birgalikda ushbu sanani munosib nishonlash uchun katta tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Biz ko‘proq Cho‘lponni Sharq adabiyotini, jahon adabiyotini, xususan, G‘arb adabiyotini yuksak darajada bilgan, ikki katta adabiyot o‘rtasida oltin ko‘prik yasay olgan, o‘zbek adabiyoti va she’riyatini rivojlantirishda inqilobiy san’at ko‘rsatgan shoir sifatida bilamiz. Uning madrasa ta’limini olganini, yangi ta’lim maskanlarida saboq olganini, qanchadan-qancha ulug‘ mutafakkirlar bilan bir safda faoliyat ko‘rsatganini bilamiz. Lekin Cho‘lponning shakllanishida uning otasi ham muhim ahamiyat kasb etganini ushbu kitob orqali bilish mumkin.
Darhaqiqat, «Sarchashma» kitobining eng muhim jihatlaridan biri – unda shoirning otasi Sulaymonqul bazzoz, uning farzandlari Abdulhamid Cho‘lpon va Foiqaxonlarning sara ijod namunalari bir kitobda jamlangan. Bu jihatdan kitob nafaqat Cho‘lpon ijodini, balki shoir kamol topgan ma’naviy muhitni anglash imkonini ham beradi.
Sulaymonqul bazzozning shaxsiy kutubxonasiga oid 100 dan ortiq noyob asar, shuningdek, 300 sahifalik qo‘lyozma devon uning o‘z davri uchun yuksak ma’lumotli, ilm-ma’rifatga intilgan va ijodiy salohiyatga ega shaxs bo‘lganini ko‘rsatadi. U diniy va dunyoviy ilmlarni puxta egallagan, zamonasida «Mullo Sulaymonqul oxund» nomi bilan tanilgan. O‘sha davr matbuotini muntazam kuzatib borgan, «Vaqt» va «Tarjimon» kabi nashrlarni o‘qib, dunyo voqealaridan xabardor bo‘lib turgan.
Demak, Cho‘lpon qalbidagi ma’rifat shu’lasi tasodifan paydo bo‘lmagan. Uning ildizlari, avvalo, oila muhiti, kitob va ilmga bo‘lgan yuksak ehtirom, milliy uyg‘onish ruhi bilan sug‘orilgan.
«Sarchashma» kitobining yana bir muhim qimmati mutasavvuf shoir Volai Rasvoning adabiy merosi bilan bog‘liq. Shoirning vafotidan qariyb bir asr o‘tgach, uning qo‘lyozma devonida saqlangan she’rlardan namunalar arab imlosidan joriy yozuvga tabdil qilinib, ilk bor nashr etilmoqda.
Bu esa kitobxonga nafaqat Cho‘lponning, balki u mansub bo‘lgan adabiy muhit va sulola ijodiy an’analarining yana bir noma’lum sahifalarini ochib beradi. Ayniqsa, Abdulhamid Cho‘lponning yangi aniqlangan va bugunga qadar e’lon qilinmagan 20 ga yaqin she’ri ilk bor kitobxonlar hukmiga havola etilayotgani nashrning ilmiy va adabiy ahamiyatini yanada oshiradi.
Kitobdan Cho‘lponning singlisi Foiqaxon ayaning she’riy mashqlari, u kishining mashhur akasi haqidagi xotiralari, shuningdek, Cho‘lpon xonadoniga tegishli noyob fotosuratlar ham o‘rin olgan. Bu xotiralar kitobxonni Cho‘lponning ijodiy olami bilan birga uning inson sifatidagi qiyofasiga ham yaqinlashtiradi.
«Sarchashma» nomi bejiz tanlanmagan. Chunki har bir buyuk ijodkorning ortida uni kamolga yetkazgan ma’naviy muhit, ustozlar, ota-ona, kitob va tarix turadi. Cho‘lponning adabiy dahosi ham ana shunday chuqur va musaffo ma’naviy sarchashmalardan oziqlangan.
Taqdimotda ta’kidlanganidek, Cho‘lpon merosini o‘rganish faqat bir shoir ijodini tadqiq etish emas. Bu milliy o‘zlik, ma’rifat, ozodlik va Vatan taqdiri haqidagi o‘ylarning manbalarini anglashdir.
«Sarchashma» ana shu ma’naviy manbalarga yana bir bor murojaat qilishga, Cho‘lpon va uning avlodlari qoldirgan bebaho adabiy merosni yangicha nigoh bilan kashf etishga chorlaydi.
Adabiy tadbirda Cho‘lpon ijodi xususida batafsil so‘z yuritildi. «Art House Hamsa» teatr jamoasining musiqiy dasturi namoyish etildi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri