O‘zbekiston va Hindiston ijodiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilamoqda
Madaniyat vazirligida O‘zbekistonning Hindistondagi turizm brendi elchisi, taniqli hindistonlik dizayner Ritu Beri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mehmonni Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish, ikki mamlakatning boy madaniyati va san’atini o‘zaro targ‘ib qilish, xalqaro madaniy tadbirlarda ijodkorlar va soha vakillarining faol ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Madaniyat va san’at bilan bir qatorda moda va dizayn sohalarida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma ijodiy loyihalarni amalga oshirish hamda ikki mamlakat ijodkorlari o‘rtasida professional aloqalarni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot davomida Ritu Berining ko‘p yillik ijodiy faoliyati, xalqaro moda sohasidagi loyihalari va O‘zbekiston bilan madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi qayd etildi. Uning 2019-yilda O‘zbekistonning Hindistondagi turizm brendi elchisi etib tayinlangani ham ta’kidlandi.
Ritu Beri O‘zbekistonning tarixi va madaniyatini Hindistonda keng targ‘ib qilish, shuningdek, ikki mamlakat ijodkorlari ishtirokida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Suhbatda Hindistonda o‘tkaziladigan xalqaro madaniy tadbirlarda O‘zbekiston vakillarining muntazam ishtirokini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekistonda tashkil etiladigan xalqaro madaniy tadbirlarga hindistonlik ijodkorlarni jalb etish masalalari ham muhokama qilindi. Bunday tadbirlar ikki mamlakat ijodkorlari o‘rtasida tajriba almashish va yangi hamkorlik tashabbuslarini ilgari surish uchun muhim maydon bo‘lishi qayd etildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston tomoni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, institutning iqtidorli talabalari va yosh dizaynerlarining ijodiy ishlarini Hindistonda hamda xalqaro maydonda namoyish etish bo‘yicha takliflarni bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zbek milliy madaniyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish, ikki mamlakat ijodiy doiralari o‘rtasidagi professional aloqalarni mustahkamlash, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va madaniy almashinuvni kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
N.Usmonova, O‘zA