Turkiy davlatlar ilmiy-ma’rifiy hamkorligining yangi imkoniyatlari
Bugungi globallashuv davrida ilm-fan, ta’lim va innovatsiya sohalaridagi hamkorlik mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, umumiy tarix, til va madaniy qadriyatlar bilan bog‘langan turkiy davlatlar uchun ilmiy salohiyatni birlashtirish, zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlash borasida keng imkoniyatlar mavjud. Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik esa bu imkoniyatlarni amaliy tashabbuslar va qo‘shma loyihalar orqali ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi mumkin.
Xo‘sh, turkiy o‘lkalar o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlikning bugungi ahamiyati nimada? Mazkur yo‘nalishda qanday istiqbolli vazifalar mavjud va O‘zbekiston ushbu jarayonda qanday o‘rin tutishi mumkin?
O‘zA muxbiri turkiy davlatlar o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlikning ahamiyati, istiqbollari hamda bu borada diyorimizning o‘rni xususida siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti vazifasini bajaruvchi Javohirxon Sobirov fikrlarini yozib oldi.

– Turkiy davlatlarning tarixiy va madaniy yaqinligi ta’lim hamda ilm-fan sohalarida muloqot olib borish uchun zamin yaratadi. Biroq bu yaqinlikning amaliy natijaga aylanishi hamkorlikning aniq maqsadlari, tashkiliy mexanizmlari va moliyaviy imkoniyatlariga bog‘liq. Qo‘shma tadqiqotlar olib borish, talabalar va tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy manbalardan birgalikda foydalanish orqali mavjud aloqalarni mazmunan boyitish mumkin. Bunda har bir o‘lkaning ilmiy ehtiyojlari va universitetlar salohiyatini hisobga olish hamkorlik dasturlarini aniq vazifalarga yo‘naltirishga yordam beradi.
Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasidagi ko‘p tomonlama muloqot ilmiy-ma’rifiy aloqalarni muvofiqlashtirish uchun ham imkoniyat yaratadi. Ta’lim sifatini oshirish, raqamli texnologiyalarni o‘zlashtirish, suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanish kabi masalalar turli soha tadqiqotchilarining birgalikda ishlashini taqozo etadi. Bu yo‘nalishlarda ilmiy hamkorlikni rivojlantirish tajriba almashish bilan cheklanmay, muayyan muammoga qaratilgan qo‘shma loyihalar, ilmiy natijalarni sinovdan o‘tkazish va ulardan amaliyotda foydalanishni ham qamrab olishi lozim.
O‘zbekiston uchun bunday hamkorlik oliy ma’lim muassasalarining xalqaro aloqalarini kengaytirish, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash va milliy iqtisodiyot ehtiyojlariga mos ilmiy loyihalarni rivojlantirish nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilishi mumkin. Ayni paytda tashabbuslarning bajarilish mexanizmlari, moliyalashtirish manbalari va kutilayotgan natijalarini aniq belgilash masalasi ham tahlilni talab etadi. Bu yondashuv takliflarning amaliy imkoniyatlarini ularning umumiy maqsadlaridan ajratib baholashga yordam beradi.
Turkiy mamlakatlar o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlikda Turk akademiyasi, Turk universitetlari ittifoqi va “Orhun” akademik almashinuv dasturi muhim o‘rin tutadi. Ushbu tuzilmalar universitetlar va olimlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda ta’lim tajribasini almashish uchun imkoniyat yaratadi. Xususan, akademik mobillik yoshlarning kasbiy bilimlarini oshirish bilan birga, turkiy mamlakatlar o‘rtasida uzoq muddatli ilmiy va professional aloqalarning shakllanishiga yordam beradi.
Endilikda hamkorlikni an’anaviy gumanitar fanlar bilan cheklab qo‘ymasdan, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, kosmik tadqiqotlar, biotexnologiya va ekologik xavfsizlik kabi yo‘nalishlarda ham rivojlantirish zarur. Zamonaviy ilm-fan katta moliyaviy mablag‘, ilg‘or infratuzilma va malakali mutaxassislarni talab qiladi. Shu sababli, turkiy davlatlarning ilmiy salohiyatini birlashtirish qo‘shma laboratoriyalar, tadqiqot markazlari va innovatsion loyihalarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Masalan, sun’iy intellekt sohasida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, doktorantlar uchun ilmiy dasturlar tashkil etish, startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va raqamli texnologiyalar bo‘yicha tajriba almashish mumkin.
Kosmik tadqiqotlar ham istiqbolli yo‘nalishlardan biri. Sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari, kosmik ma’lumotlardan foydalanish va malakali muhandislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik mamlakatlarning texnologik imkoniyatlarini kengaytiradi. Bundan tashqari, cho‘llanish, qurg‘oqchilik va iqlim o‘zgarishi kabi muammolarni o‘rganishda hamkorlikdagi ilmiy tadqiqotlar muhim ahamiyatga ega. Ushbu masalalar bir o‘lka doirasida hal etilishi qiyin bo‘lganligi sababli umumiy ma’lumotlar bazasi va qo‘shma monitoring tizimlarini yaratish maqsadga muvofiq.
O‘zbekiston o‘zining ilmiy salohiyati, oliy ta’lim muassasalari va xalqaro hamkorlik tajribasi bilan turkiy davlatlar ilmiy-ma’rifiy hamkorligining faol ishtirokchisi bo‘lish uchun zarur imkoniyatlarga ega. Yurtimiz universitetlarining turkiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalarini kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish va yosh olimlarning akademik almashinuvini rivojlantirish muhim vazifalardan hisoblanadi. Shuningdek, Toshkent va Samarqand shaharlarida turkiy davlatlar yosh olimlarining forumlari, sun’iy intellekt bo‘yicha ilmiy maktablar hamda suv va iqlim muammolariga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlarni muntazam tashkil etish lozim.
Hamkorlik samaradorligini oshirish uchun bir nechta amaliy yo‘nalishga e’tibor qaratish kerak:
– qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish;
– talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish;
– ta’lim dasturlari va diplomlarni o‘zaro tan olish imkoniyatlarini rivojlantirish;
– sun’iy intellekt, kosmik texnologiyalar va ekologiya sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish;
– ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish va tijoratlashtirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish.
Turkiy davlatlar bilan ilmiy hamkorlikni boshqa xalqaro sherikliklarga muqobil sifatida emas, balki O‘zbekistonning global ilmiy aloqalarini kengaytiruvchi qo‘shimcha imkoniyat sifatida rivojlantirish muhimdir. Turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning kelgusi bosqichi tarixiy va madaniy yaqinlikni zamonaviy ilmiy hamkorlik bilan mustahkamlashga bog‘liq. Buning uchun mavjud tashkilotlar va dasturlar faoliyatini aniq natijalarga yo‘naltirish, barqaror moliyalashtirishni ta’minlash hamda qo‘shma ilmiy loyihalar soni va samaradorligini oshirish zarur.
Umuman olganda, turkiy davlatlar o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni rivojlantirish tarixiy va madaniy yaqinlikni aniq ilmiy vazifalar bilan bog‘lashni talab etadi. Universitetlar va tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni qo‘shma loyihalar bilan boyitish, akademik almashinuv natijalaridan ta’lim va tadqiqot sifatini oshirishda foydalanish zarur. Bunda hamkorlik samaradorligini erishilgan kelishuvlar bilan birga, yaratilgan ilmiy ishlanmalar va ularning amaliy qo‘llanishi orqali baholash maqsadga muvofiq.
Sun’iy intellekt, kosmik texnologiyalar, suv resurslari va iqlim muammolari bo‘yicha hamkorlikni har bir mamlakatning ehtiyojlari hamda mavjud imkoniyatlariga mos ravishda yo‘lga qo‘yish lozim. Ustuvor loyihalarni tanlashda ularning amaliy foydasi, moliyaviy ta’minoti va bajarilish muddatlarini hisobga olish muhim hisoblanidi. Qo‘shma laboratoriyalar va ma’lumot almashish tizimlarini rivojlantirish esa tadqiqotchilar salohiyatidan birgalikda foydalanishga, ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etishga yordam berishi mumkin.
Respublikamizning mazkur jarayondagi ishtiroki milliy ta’lim va ilm-fan oldidagi vazifalar bilan uyg‘unlashishi kerak. Yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, universitetlararo hamkorlikni kengaytirish va tadqiqotlarni iqtisodiyot ehtiyojlariga yo‘naltirish bu boradagi amaliy vazifalardir. Turkiy davlatlar bilan ilmiy aloqalarni boshqa xalqaro sherikliklar bilan uyg‘un rivojlantirish Yangi O‘zbekistonning bilim va texnologiya almashinuvidagi imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.
O‘.Alimov, O‘zA