Robotlar jangi: harbiy xizmatchilarning texnik mahorati sinovdan o‘tdi
FOTOREPORTAJ
Sharqiy harbiy okrugning Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismlardan birida harbiy xizmatchilar o‘rtasida zamonaviy texnologiyalarga qiziqishni oshirish, muhandislik va texnik ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda jamoaviy ishlash qobiliyatini mustahkamlash maqsadida «Robotlar jangi» musobaqasi o‘tkazildi.
Bahslarda ishtirokchilar tomonidan mustaqil ravishda yaratilgan va masofadan boshqariladigan robotlar o‘zaro kuch sinashdi. Musobaqa davomida robotlarni loyihalash va boshqarish, ularning texnik imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shuningdek, vaziyatga qarab tezkor qaror qabul qilish bo‘yicha ishtirokchilarning mahorati namoyon bo‘ldi.
[gallery-31031]
Bellashuvlar saralash, yarim final va final bosqichlarida tashkil etildi. Unda mexanik, pnevmatik va elektr tizimlari bilan jihozlangan robotlar ishtirok etdi.
Musobaqa nafaqat ishtirokchilarning texnik salohiyatini sinovdan o‘tkazdi, balki ularning ijodiy fikrlashi, muhandislik yondashuvi va jamoa bo‘lib ishlash ko‘nikmalarini ham namoyon etish uchun imkoniyat yaratdi.
Robototexnikaga oid bunday bellashuvlar harbiy xizmatchilarning zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlash, texnik tafakkurini rivojlantirish va innovatsion yechimlarga qiziqishini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy qismlarda «Robotlar jangi» robototexnika tanlovining alohida yo‘nalishi sifatida muntazam o‘tkazib kelinayotgani ham mazkur yo‘nalishga e’tibor ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA