Maxsus texnikalarning taktik imkoniyatlari sinovdan o‘tkazildi
Favqulodda vaziyatlarda yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining jangovar shayligini oshirish, maxsus texnikalardan samarali foydalanish hamda shaxsiy tarkibning tezkor harakatlanish ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida Sirdaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Sherali Ernazarov rahbarligida Guliston shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limida maxsus-taktik o‘quv mashqi tashkil etildi.
O‘quv mashqining asosiy vazifasi — favqulodda vaziyatlarga tezkor javob berish tizimini takomillashtirish, mavjud kuch va vositalardan oqilona foydalanish hamda bo‘linmalarning uyg‘un harakatini ta’minlashdan iborat bo‘ldi.

Mashg‘ulot davomida shartli chaqiruv asosida yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining tezkor chiqishi, voqea joyiga qisqa vaqt ichida yetib borishi va vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha amaliy harakatlar ishlab chiqildi. Shuningdek, yong‘in-qutqaruv texnikalarining yoyilgan holatda qo‘llanilishi, ularning taktik va texnik imkoniyatlari amalda sinovdan o‘tkazilib, shaxsiy tarkibning jangovar shaylik darajasi baholandi.

Boshqarma zaxirasidagi mavjud maxsus texnikalar va asbob-uskunalar to‘liq ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning ishga tayyorlik holati amalda tekshirildi. Jarayonda har bir texnika birligi bo‘yicha tezkorlik, manyovr imkoniyatlari, ish unumdorligi va texnik holati alohida tahlil qilindi.

O‘quv mashqi davomida shaxsiy tarkibning favqulodda vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilish, o‘zaro muvofiqlashgan holda harakatlanish, qutqaruv ishlarini tashkil etish va murakkab sharoitlarda to‘g‘ri yo‘l tutish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari yanada mustahkamlandi.


– Bunday taktik o‘quv mashqlari favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasini oshirish, mavjud kuch va vositalardan samarali foydalanish hamda aholi xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, texnikalarning soz holda bo‘lishi va shaxsiy tarkibning tezkor harakati har qanday vaziyatda hal qiluvchi omil hisoblanadi. Favqulodda holatlar kutilmaganda sodir bo‘ladi, shu bois har bir daqiqa g‘animat. Kichik e’tiborsizlik ham og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin, – deydi Sirdaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Sherali Ernazarov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri