Robotlar yangi vazifalarni o‘zlashtirmoqda
Robotlar musiqa chalib, raqsga tushishi, to‘rt oyoqli robotlar esa murakkab to‘siqlardan oshib o‘tishi bugungi texnologiyalar imkoniyatini namoyon etmoqda. Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonida ish boshlagan ilk 9S robototexnika markazi sun’iy intellekt va robotlarni nafaqat namoyish etish, balki ta’lim, ilmiy izlanishlar hamda ishlab chiqarish ehtiyojlariga moslashtirishga qaratilgani bilan e’tiborni tortmoqda.
“China News Service” axborot agentligi ma’lum qilishicha, Urumchi iqtisodiy-texnologik rivojlanish hududida joylashgan mazkur markaz bir oydan ortiq vaqtdan buyon faoliyat yuritmoqda. Uning umumiy foydalanish maydonini 3 ming kvadrat metrga yetkazish rejalashtirilgan bo‘lib, loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi.
Xitoyning ayrim shaharlarida robotlarni sotish, ehtiyot qismlar bilan ta’minlash, sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish, foydalanuvchilar fikrini o‘rganish, ijaraga berish va buyurtma asosida moslashtirish xizmatlarini birlashtirgan 6S markazlari tashkil etilgan. Shinjondagi yangi markaz esa bu yo‘nalishlarga ilmiy-ma’rifiy ekskursiyalar, texnologik innovatsiyalar sohasida iqtidorli yoshlarni tayyorlash va brendlarni rivojlantirish vazifalarini ham qo‘shgan.
Bugun markazda odamsimon va bionik robotlardan iborat 100 dan ortiq dona intellektual qurilma hamda texnika namunalari joylashtirilgan. U 25 ta texnologik kompaniya va tashkilot bilan hamkorlik o‘rnatgan.
Markaz faoliyatida yoshlarning zamonaviy texnologiyalarga qiziqishini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shinjonda magistraturada tahsil olayotgan, Futszyan provinsiyasidan kelgan Lyu Szyunlinning ta’kidlashicha, ilmiy-ma’rifiy mashg‘ulotlar davomida u Xitoy robototexnika sanoatining rivojlanish tarixi bilan tanishish barobarida, turli robotlarni mustaqil boshqarib ko‘rish imkoniga ham ega bo‘lgan. Elektron axborot texnologiyalari yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba uchun bu tajriba muhim ahamiyat kasb etgan.

Markaz faoliyati faqat ko‘rgazma va ta’lim bilan cheklanmaydi. Joriy yilgi Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topgan kun munosabati bilan berilgan bayram va dam olish kunlarida Urumchidagi Xalq teatri sahnasida odamsimon robotlar aktyorlar bilan birgalikda spektakl namoyish etgan. Texnologiya va madaniy tomoshalarni uyg‘unlashtirgan ushbu tajriba mingdan ziyod tomoshabinni jalb qilgan.
Loyihaning birinchi bosqichida yiliga 50 mingdan ortiq tashrif buyuruvchini qabul qilish, 10 mingdan ziyod maktab o‘quvchisi uchun ta’limiy ekskursiyalar tashkil etish ko‘zda tutilgan. Markaz asoschisi Sun Syukunning aytishicha, muassasa sun’iy intellekt haqidagi bilimlarni ommalashtirish va yoshlarni texnologik innovatsiyalar sohasida tayyorlash uchun muhim maydonga aylanishi kutilmoqda. Ayni paytda Shinjondagi bir qator oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasiga e’tibor qaratilmoqda.
Shinjon moliya-iqtisodiyot universiteti axborot boshqaruvi fakultetining sun’iy intellekt kafedrasi mudiri o‘rinbosari Salaydin Sirajidinning fikricha, markaz nafaqat texnik jihozlar, balki mutaxassislar va intellektual salohiyatni birlashtiruvchi maydon hamdir. Bu esa soha vakillarining yangi ishlanmalar yaratishi va innovatsion yechimlarni amaliyotga tatbiq etishiga ko‘maklashadi.
Markazning aynan Shinjonda tashkil etilgani ham bejiz emas. Loyiha asoschisi ta’kidlaganidek, mintaqada sanoat va qishloq xo‘jaligi kabi tarmoqlarda robotlardan foydalanish uchun keng imkoniyatlar, shuningdek, elektr energiyasi va hisoblash quvvatlari bilan bog‘liq infratuzilma mavjud. Kelgusida robotlarga texnik xizmat ko‘rsatish standartlarini ishlab chiqish, operatorlarni tayyorlash va sertifikatlash yo‘nalishlarini rivojlantirish ham rejalashtirilgan. Bu orqali Xitoy robototexnika mahsulotlari, xizmatlari va standartlarini Markaziy Osiyo bozorlariga olib chiqish maqsad qilingan.
Markazning ikkinchi bosqichida robotlardan energiya infratuzilmasini nazorat qilish, aqlli qishloq xo‘jaligi va sayyohlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish kabi sohalarda foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish mo‘ljallangan. Shuningdek, robotlarni mahalliy sharoitga moslashtirish, ularning dasturiy va texnik yechimlarini takomillashtirish hamda amaliyotga keng joriy etishga e’tibor qaratiladi.

Umuman, Shinjondagi ushbu tashabbus robototexnika rivojida faqat yangi qurilmalar yaratish emas, balki ularni ta’lim, iqtisodiyot va kundalik hayotga tatbiq etish, malakali kadrlar tayyorlash hamda xizmat ko‘rsatish tizimini shakllantirishga intilish kuchayayotganini ko‘rsatadi. Markazning kelgusida Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish rejasi esa mintaqada robototexnika, sun’iy intellekt va texnologik xizmatlar sohasida xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘lishi mumkinligini anglatadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA