Qon topshirish — ezgulik va insoniylik mezoni
14-iyun – Butunjahon donorlar kuni
Har yili 14-iyun sanasi jahon miqyosida Butunjahon donorlar kuni sifatida nishonlanadi. Bu sana millionlab insonlarning hayotini saqlab qolishda beqiyos hissa qo‘shayotgan ixtiyoriy donorlarga chuqur ehtirom ko‘rsatish, shuningdek, beg‘araz donorlikning insoniyat salomatligi uchun hayotiy zarurligini yana bir bor anglash fursatidir. Mazkur kunning ta’sis etilishi tarixi 1900-yilda qon guruhlarini kashf etgan va buning uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan avstriyalik olim Karl Landshtaynerning tug‘ilgan kuni bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, u insonlar o‘rtasidagi qon almashinuvi borasidagi tibbiy inqilobning asoschisi hisoblanadi.
Bugungi kunda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘yicha 118 milliondan ortiq qon topshirish holati qayd etilsa-da, rivojlanayotgan davlatlarda donorlik qoniga bo‘lgan ehtiyoj hamon yuqoriligicha qolmoqda.
Inson hayotini saqlashda qonning o‘rnini bosuvchi sun’iy vositalarning yo‘qligi va qonning faqatgina tirik organizmdan olinishi mumkinligi donorlik harakatini global miqyosda strategik ahamiyatga ega sohaga aylantirdi.
Rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ixtiyoriy va tekin donorlik tizimiga o‘tgan mamlakatlarda xavfsiz va sifatli qon zaxirasini shakllantirish ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yuqori. Xususan, Germaniya, Yaponiya va Skandinaviya davlatlarida donorlik madaniyati jamiyatning ijtimoiy mas’uliyati sifatida shakllangan bo‘lib, u yerda har 1000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan donorlar soni JSST tavsiya etgan mezonlarga to‘liq javob beradi.
Mamlakatimizda ham so‘nggi yillarda donorlik harakatini rivojlantirish, aholi orasida beg‘araz donorlikni targ‘ib qilish va qon xizmati muassasalari moddiy-texnik bazasini tubdan yangilash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Qon va uning tarkibiy qismlari donorligiga oid hujjatlar sohada huquqiy asoslarni mustahkamlab, donorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim qadam bo‘layotir. Bugungi kunda Respublika qon quyish markazi va hududiy muassasalarda zamonaviy skrining uskunalari orqali olinayotgan qon sifati va xavfsizligi xalqaro standartlarga moslashtirilmoqda.
Shunga qaramay, sohada hali yechimini kutayotgan muammolar yo‘q emas. Eng dolzarb masalalardan biri — aholi o‘rtasida, xususan, yoshlar orasida beg‘araz donorlikka bo‘lgan noto‘g‘ri qarashlarni o‘zgartirish va donorlikni ommalashtirishdir. Ko‘pchilik hali ham qon topshirishning inson salomatligiga salbiy ta’sir qilishi haqidagi asossiz mish-mishlarga ishonadi. Tibbiy kuzatuvlarga ko‘ra, muntazam ravishda qon topshirish organizmni yangilash, qon aylanish tizimini faollashtirish va yurak-qon tomir kasalliklari xavfini kamaytirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shuningdek, favqulodda vaziyatlar yuz berganda zarur bo‘ladigan qon zaxirasini to‘plash uchun donorlarning bazaviy ro‘yxatini kengaytirish va ular bilan doimiy aloqada bo‘lish tizimini yanada mukammallashtirish talab etiladi. Bugungi kunda O‘zbekistonda har bir donorning o‘z vaqtida qon topshirishi — kimdir uchun hayot baxshida etish, og‘ir xastalikka chalingan bemor, jabrlangan inson yoki tug‘ruq jarayonida murakkab vaziyatga tushib qolgan ona uchun umid chirog‘i bo‘lib xizmat qiladi.
Shunday ekan, har bir tomchi qon — bu saqlab qolingan hayot, tiklangan umid va oilalarga qaytarilgan quvonch bo‘lishini anglagan holda, jamiyatda donorlik madaniyatini yuksaltirish har qachongidan ham muhim.
Mohigul Qosimova, O‘zA