Biznes-trening bo‘lib o‘tdi
Nukusda “Tadbirkor ayol“ xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan “German Sparkassenstiftung for Internatsional Cooperation” tashkiloti bilan hamkorlikda “Fermer xo‘jaligi biznes o‘yini” va “Mikro biznes o‘yini” nomli 3 kunlik biznes seminar-trening o‘tkazildi.
Undan ko‘zlangan maqsad, tadbirkorona fikrlash va harakat qilishni, mikrofirmalarning qiyinchiliklari va imkoniyatlari hamda ularga qanday munosabatda bo‘lishni, buxgalteriya hisobi va nazorat qilishning asosiy tamoyillarini o‘rgatishdan iborat. Shuningdek, ishtirokchilar mijozlarni tushunish va marketing bo‘yicha asosiy bilimlarni rivojlantirish, bozor dinamikasi va raqobat, mikromoliya tashkilotlari va mijozlar o‘rtasidagi ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘lib hisoblanadi.

– “O‘zbekistonda agrar sektorni kuchaytirish va yetarli moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatish orqali qishloq hududlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan “Biznes reja tuzish va bank suhbatlarini o‘tkazish”, “Mikro firma tuzish biznes uyini” va “Fermer xujaligi biznes uyini” nomli o‘quv-seminarlari orqali Orolbo‘yidan shu kungacha ming nafardan ortiq yosh hamda xotin-qiz bilim va ko‘nikmalarini oshirdi, – deydi “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘limi rahbari Nazira Yelibayeva. – Germaniyaning Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligining (BMZ) moliyaviy ko‘magida Nukus shahridagi nodavlat notijorat tashkilotlarining “Do‘stlik uyi”da yoshlar va xotin-qizlar uchun tashkil etilgan biznes o‘quv markazi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Zamonaviy mebel hamda texnik jihozlari bilan ta’minlangan ushbu o‘quv xonasi mintaqadagi tadbirkorlikka qiziqqan yoshlarni va xotin-qizlarning moliyaviy, iqtisodiy va tadbirkorlik bilimlarini oshiradigan seminarlar, treninglar o‘tkaziladigan, murabbiylar tayyorlanadigan maskanga aylanmoqda. Shu bilan birga “Do‘stlik uyi”da joylashgan Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan respublika miqyosida o‘tkazilayotgan tadbirlar uchun xizmat qiladi.
O‘quv tadbirlarini samarali tashkil etish maqsadida barcha o‘quv materiallari va jihozlari bilan dala seminarlari, ochiq osmon ostida turli formatdagi tadbirlar o‘tkazish maqsadida “German Sparkassenstiftung for Internatsional Cooperation” tashkiloti tomonidan “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limiga 1 ta Damas rusumli o‘quv avtotransport vositasi taqdim etildi.
Seminarlar davomida ishtirokchilar moliyaviy bilimlarni oshirish va o‘z biznesini boshqarish, yangi biznes imkoniyatlarni aniqlash va mahsulotlar bilan tanishish, bozorni zarur investitsiyalar bilan kengaytirish hamda daromadni oshirish yuzasidan ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi. Shuningdek, fermerlar va qishloq xo‘jaligi tadbirkorlarining savodxonligini oshirish, shu orqali ularning moliyadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqishdan iborat.
Seminar-treningni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga tashkilotchilar tomonidan sertifikatlar topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA