“Olimpiya kuni”: Sport va oila qadriyatlari birlashgan bayram
Bundan 132 yil muqaddam fransiyalik baron Per de Kuberten boshchiligidagi tashabbuskorlar Olimpiya o‘yinlarini zamonaviy sport o‘yinlariga aylantirish harakatini boshlagan va bu sa’y-harakat natijasida 1894-yilning 23-iyun kuni Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) tashkil topdi. Shundan beri ushbu sana dunyo bo‘ylab “Olimpiya kuni” sifatida keng nishonlanadi.
Har yili Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga a’zo 205 ta davlatda o‘tkaziladigan sport va salomatlik bayramida millionlab kishilar sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish tadbirlarida ishtirok etadi. Ular Olimpiya g‘oyalarini ommalashtirish, aholi orasida jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan mehrni yanada oshirishga o‘z hissalarini qo‘shadi.
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da ushbu sanaga bag‘ishlab o‘tkazilgan bu yilgi Olimpiya kuni oila va sport qadriyatlarini targ‘ib etishga qaratilgan o‘ziga xos oilaviy sayl formatida tashkil etildi.
“Siz buni uddalay olasiz!” shiori ostida o‘tgan bayram sayli aholiga, ayniqsa yosh avlodga sportning ahamiyatini keng targ‘ib qilish, ularni sog‘lom turmush tarziga jalb etish hamda oilalarga quvonch ulashishdan iborat bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, sport vaziri Adham Ikromov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, sport sohasi vakillari, yoshlar, sport ixlosmandlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda taniqli sportchilar, Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari, turli o‘yinlarda, ommaviy sport musobaqalarida o‘z iqtidorlarini namoyish etdi.
Ayniqsa, yosh bolalar o‘rtasida yugurish, stol tennisi, qilichbozlik, boks, taekvondo kabi sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalar, taniqli sportchilar Diyora Keldiyorova, Bahodir Jalolov, Isroil Madrimov, Ruslan Nuruddinov, Murodjon Ahmadaliyev, Davlat Bobonovlar bilan uyushtirilgan suhbatlar ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.
Tadbir davomida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Kirsti Koventrining onlayn tabrigi namoyish etilib, ushbu sananing tarixiy ahamiyati, Olimpiya harakatining insoniyat hayotidagi o‘rni, sport orqali tinchlik va do‘stlik g‘oyalarini targ‘ib etish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani e’tirof etildi.
[gallery-29944]
Tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tib, ishtirokchilarda unutilmas taassurotlar qoldirdi hamda Olimpiya qadriyatlarini keng targ‘ib etish orqali sog‘lom turmush tarzi keng targ‘ib qilindi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA