Pentagon jurnalistlar uchun eshiklarni yopdi
AQSH Mudofaa vazirligi jurnalistlarni Pentagon matbuot ofisiga kiritishni taqiqladi. Idora bu qarorni binodagi ayrim xonalar maxfiy ma’lumotlar bilan ishlash uchun mo‘ljallangan maxsus hudud maqomiga o‘tkazilgani bilan izohlamoqda.
Pentagon vakili Xose Valdesning ma’lum qilishicha, matbuot xizmati joylashgan hududdan endi harbiy rahbariyat nutqlarini tayyorlovchi mutaxassislar ham foydalanmoqda. Ular maxfiy hujjatlar bilan ishlagani uchun bino qat’iy xavfsizlik talablari asosida qayta tashkil etilgan.
Bu qaror Pentagon va yirik ommaviy axborot vositalari o‘rtasida bir necha oydan beri davom etayotgan tortishuvning navbatdagi bosqichi bo‘ldi. O‘tgan yildan boshlab jurnalistlar uchun kirish qoidalari bosqichma-bosqich qat’iylashtirildi.
Avvalroq The New York Times, CNN, ABC News, CBS News, NBC News va Associated Press kabi nashrlar jurnalistlar faoliyatini cheklovchi yangi talablarga rozi bo‘lmagani uchun Pentagondagi doimiy akkreditatsiyalaridan voz kechgan edi.
Keyinchalik muxbirlar binoda faqat rasmiy hamroh kuzatuvida harakatlanishi mumkinligi haqidagi tartib joriy etildi. Bu qaror sudlarda ham bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ayrim cheklovlar noqonuniy deb topilgan bo‘lsa-da, bahslar hanuz davom etmoqda.
Rasmiy Vashington bu choralarni xavfsizlik nuqtai nazaridan zarur deb hisoblamoqda. Matbuot erkinligi himoyachilari esa mazkur qarorlar dunyodagi eng qudratli harbiy idoralardan biri faoliyati ustidan mustaqil nazoratni cheklashini ta’kidlamoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA