Parijdagi qurol-yarog‘ ko‘rgazmasi Isroil qurollariga taqiq qo‘ydi
Fransiya hukumati joriy yilgi “Eurosatory” xalqaro qurol-yarog‘ ko‘rgazmasida Isroilning hujumkor qurol tizimlarini namoyish etishni taqiqladi. Yangi qarorga ko‘ra, isroillik ishtirokchilar faqat havo hujumidan va raketalardan mudofaa qilishga mo‘ljallangan tizimlarni ko‘rgazmaga qo‘yishi mumkin.
Ko‘rgazma tashkilotchilari bu qaror Fransiya Mudofaa kengashi tomonidan qabul qilinganini ma’lum qildi. Rasmiy Parijning ta’kidlashicha, raketa va boshqa hujumkor qurollar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ularni namoyish eta olmaydi.
Isroil Mudofaa vazirligi esa mazkur cheklovni keskin tanqid qildi. Idora bayonotida qaror “siyosiy va tijoriy hisob-kitoblarga asoslangan sharmandali qadam” deb baholandi. Shuningdek, Isroil milliy paviloni ko‘rgazmada ishtirok eta olmasligi ma’lum qilindi.
Bu Parij va Tel-Aviv o‘rtasidagi bunday birinchi ziddiyat emas. 2024-yilda ham Isroil qurol ishlab chiqaruvchilari xuddi shu ko‘rgazmadan chetlatilgan edi. Keyinchalik sud bu qarorni kamsitish deb baholab, taqiqni bekor qilgan.
So‘nggi oylarda Fransiya Isroilning Livan hududidagi harbiy amaliyotlarini bir necha bor tanqid qildi. Yakshanba kuni Parij Livandagi Bofor qal’asi egallab olinganidan keyin BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirishni ham talab qildi.
15-19-iyun kunlari Parij yaqinida o‘tadigan “Eurosatory” ko‘rgazmasida ikki mingdan ortiq kompaniya va o‘nlab davlatlar delegatsiyalari ishtirok etishi kutilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA