O‘zbekistonda qurilish ishlari hajmi 12,3 barobarga oshdi
Mamlakat taraqqiyotini baholashda iqtisodiy ko‘rsatkichlar qatorida qurilish sohasidagi o‘zgarishlar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki qurilish faolligi iqtisodiyotning qay darajada rivojlanayotgani, investitsiya muhitining jozibadorligi, aholining turmush darajasi va kelajakka bo‘lgan ishonchini aks ettiruvchi asosiy mezonlardan biri hisoblanadi. Yangi turar joylar, sanoat korxonalari, ijtimoiy ob’ektlar va zamonaviy infratuzilmaning barpo etilishi mamlakatning iqtisodiy qudrati hamda bunyodkorlik salohiyatini namoyon etadi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda 313,9 trillion so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan. Bu ko‘rsatkich mustaqillikning dastlabki yili — 1991-yilga nisbatan 12,3 barobarga oshgan. Ushbu raqamlar so‘nggi o‘ttiz besh yil davomida mamlakatda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, iqtisodiy o‘sish va shaharsozlik jarayonlarining mantiqiy natijasi sifatida baholanmoqda.
Bugun O‘zbekistonning barcha hududlarida yangi mahallalar, zamonaviy ko‘p qavatli uylar, ishlab chiqarish quvvatlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari barpo etilmoqda. Bu esa qurilish sohasi nafaqat iqtisodiyotning muhim tarmog‘i, balki aholi farovonligini ta’minlash va hududlarni kompleks rivojlantirishning asosiy omillaridan biriga aylanganini ko‘rsatadi.
Mustaqillikning dastlabki yillaridan bugungi kungacha, ya’ni 1990-yillar boshida mamlakat iqtisodiyoti bozor munosabatlariga o‘tishning murakkab bosqichini boshdan kechirayotgan edi. Bu davrda qurilish sohasidagi faollik ham cheklangan bo‘lib, asosan mavjud ob’ektlarni saqlash va muhim infratuzilmaviy ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan edi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 1991-yilda qurilish ishlari hajmi 6,2 milliard rublni tashkil etgan. Keyinchalik milliy valyuta joriy qilinishi, iqtisodiy islohotlarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi va xususiy sektorning shakllanishi natijasida qurilish sohasida ham o‘sish kuzatila boshladi.
2000-yilga kelib qurilish ishlari hajmi 388,4 milliard so‘mga yetgan bo‘lsa, 2005-yilda bu ko‘rsatkich 1,45 trillion so‘mni tashkil qildi. Bu davr mamlakatda sanoatlashtirish, ijtimoiy infratuzilmani yangilash va hududlarni kompleks rivojlantirish jarayonlari bilan xarakterlanadi. 2010-yildan keyin qurilish sohasida mutlaqo yangi bosqich boshlandi. Agar 2010-yilda qurilish ishlari hajmi 8,2 trillion so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2015-yilda u 25,4 trillion so‘mga yetdi.

So‘nggi o‘n yillik esa soha tarixidagi eng jadal o‘sish davri sifatida qayd etilmoqda. Xususan, 2020-yil — 88,1 trillion so‘m, 2021-yil — 107,5 trillion so‘m, 2022-yil — 130,8 trillion so‘m, 2023-yil — 222,9 trillion so‘mni tashkil etgan. 2024-yil — 259,7 trillion so‘mga yetgan bo‘lsa, 2025-yilda u 313,9 trillion so‘mni tashkil etdi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, keyingi besh yilda qurilish ishlari hajmi qariyb to‘rt barobarga yaqin o‘sgan. Bu esa iqtisodiyotda investitsiyaviy faollik yuqori darajada saqlanib qolayotganidan dalolat beradi. Avvalo, mamlakat aholisi soni ortib bormoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston aholisi o‘sishi uy-joylarga bo‘lgan talabni sezilarli darajada oshirmoqda.

Ikkinchidan, urbanizatsiya jarayonlari tezlashmoqda. Yangi shaharlar, zamonaviy massivlar, sanoat zonalari va xizmat ko‘rsatish markazlari barpo etilmoqda.
Uchinchidan, davlat tomonidan infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan yirik dasturlar amalga oshirilmoqda. Avtomobil yo‘llari, ko‘priklar, maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining qurilishi soha rivojiga kuchli turtki bermoqda.
To‘rtinchidan, xususiy sektorning iqtisodiyotdagi ulushi ortib bormoqda. Bugun qurilish bozorida xususiy kompaniyalar faol ishtirok etib, raqobat muhitini shakllantirmoqda.
Iqtisodchilar qurilish sohasini “multiplikativ ta’sirga ega tarmoq” deb baholaydilar. Chunki bitta qurilish ob’ektining barpo etilishi o‘nlab sohalarning rivojlanishiga xizmat qiladi. Masalan, qurilish ishlari hajmining o‘sishi sement, metall, oyna, keramika, elektr jihozlari, mebel va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ham oshiradi. Shuningdek, transport, logistika va xizmat ko‘rsatish sohalarida ham qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.
Natijada qurilish nafaqat bunyodkorlik, balki iqtisodiy faollikni rag‘batlantiruvchi muhim omilga aylanadi. Shu bilan birga, yuqori o‘sish sur’atlari soha oldiga yangi vazifalarni ham qo‘ymoqda. Bugun qurilish hajmini oshirishdan ko‘ra, qurilayotgan ob’ektlarning sifati, xavfsizligi va energiya samaradorligiga alohida e’tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Kelgusi yillarda “yashil qurilish”, ekologik standartlar, raqamli loyihalashtirish va energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish sohaning barqaror rivojlanishini ta’minlaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, qurilish sohasining mustaqillik yillarida 12,3 barobarga o‘sgani O‘zbekiston iqtisodiyotida kechayotgan chuqur tarkibiy o‘zgarishlar va izchil islohotlarning amaliy natijasidir. Bugun mamlakatning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari nafaqat yangi ob’ektlar barpo etish, balki aholi turmush sifatini yaxshilash, hududlar iqtisodiy salohiyatini oshirish va zamonaviy infratuzilmani shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Statistik ma’lumotlar qurilish sohasi iqtisodiyotning eng faol tarmoqlaridan biriga aylanganini ko‘rsatmoqda. Uning rivojlanishi sanoat, transport, xizmat ko‘rsatish va qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi o‘nlab sohalarning o‘sishiga ham turtki bermoqda. Shu jihatdan qurilish mamlakat iqtisodiy o‘sishining muhim drayverlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Kelgusida sohada raqamli texnologiyalar, energiya tejamkor yechimlar va zamonaviy shaharsozlik tamoyillarini keng joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, qurilish sohasidagi har bir yangi loyiha va inshoot nafaqat bugungi ehtiyojlarni qondirishga, balki mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi.
Shunday ekan, qurilish sohasidagi bugungi yuksak sur’atlar yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim ko‘rsatkichi bo‘lib, mamlakatning iqtisodiy qudrati va bunyodkorlik salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA