Strategik hamkorlik sanoat rivojiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni rivojlantirish va xalqaro investitsiyalarni jalb etish iqtisodiyotimizning muhim yo‘nalishlaridan biri. Shu sababli, bu jarayonda jahon bozorida katta tajribaga ega yirik texnologik kompaniyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish amaliy ahamiyat kasb etadi.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov va Xitoyning “China Electronics Shenzhen” (CES) kompaniyasi raisi Chen Venxay boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda bu haqda so‘z bordi.
Unda tomonlar sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, innovatsion yechimlarni joriy etish hamda yuqori qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama qildi. Ayniqsa, elektronika, yarim o‘tkazgichlar va “yashil” energetika sohalarida uzoq muddatli strategik sheriklikni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uyushma axborot xizmatiga ko‘ra, 45 yillik tajribaga ega CE” kompaniyasi bugungi kunda dunyoning 100 dan ortiq mamlakat va hududlarida faoliyat yuritadi. U 10 mingdan ortiq xorijiy mijozlar hamda 100 mingdan ziyod ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan hamkorlik qiladi. Kompaniyaning 2025-yildagi yillik tushumi 4,5 milliard AQSH dollarini tashkil etgan.
Uchrashuv chog‘ida ikki tomon innovatsion texnologiyalarni sanoat tarmoqlariga keng tatbiq etish, istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda texnologik hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha fikr almashdi. Shuningdek, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish va mahalliy sanoat korxonalarining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiluvchi yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Ta’kidlash kerak, bunday hamkorlik yangi investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish bilan birga, mamlakatda sanoat infratuzilmasini rivojlantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda eksport salohiyatini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega.
N.Ziyodullayeva, O‘zA