O‘zLiDeP: yoshlar tadbirkorlikka yo‘naltirildi
Namanganda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati –O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi viloyat kengashi tashabbusi bilan “Xalq bilan birga” dasturi doirasida oliy ta’lim muassasalarini tamomlayotgan bitiruvchi-talabalar uchun amaliy ekskursiya tashkil etildi.
Viloyat markazidagi “Barkamol avlod” kichik sanoat zonasiga uyushtirilgan tadbir yosh avlod vakillarining mehnat bozori haqidagi tasavvurlarini kengaytirish, ularni zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish, tadbirkorlikka qiziqishini oshirish hamda kelgusida o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishini rag‘batlantirishga qaratildi.
Ekskursiya davomida talabalar kichik sanoat zonasi hududida faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish korxonalari, xizmat ko‘rsatish sub’ektlari va tadbirkorlik loyihalari bilan tanishdi. Ular mahsulot ishlab chiqarish bosqichlari, marketing tizimi, mahsulotni ichki va tashqi bozorlarga chiqarish mexanizmlari hamda zamonaviy texnologiyalarning ishlab chiqarish samaradorligiga ta’siri haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Tajribali tadbirkorlar, korxona rahbarlari va mutaxassislar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda yoshlarga ishbilarmonlikni boshlashning huquqiy va iqtisodiy asoslari, biznes-reja tuzish, moliyaviy manbalardan foydalanish hamda davlat tomonidan yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar haqida tushunchalar berildi.

Qolaversa, bitiruvchining kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish, bandligini ta’minlash va innovatsion g‘oyalarini hayotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga amaliyotchi tadbirkorlardan atroflicha javoblar olib, kelajakdagi faoliyatida asqatadigan muhim tavsiyalarga ega bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy faolligini oshirish va biznes sohasida mustahkam bilim hamda ko‘nikmalarini shakllantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bunday amaliy uchrashuv va ekskursiyalar esa, ertamiz egalarining kelajak kasbini tanlashi, tadbirkorlikka dadil qadam tashlashi va o‘z g‘oyalarini amaliyotga muvaffaqiyatli joriy etishiga xizmat qiladi.

– Partiyamiz tomonidan yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlikka jalb etish, ayniqsa, bitiruvchilarning bandligini ta’minlash va iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlashga qaratilgan bunday amaliy loyihalar kelgusida ham izchil davom ettiriladi, – deydi O‘zLiDeP Namangan viloyat kengashi apparat rahbari Orifjon Mahmudov. – Zero, bunday amaliy ishlarimiz ayni vaqtda oliy ta’lim muassasalarini bitirib, viloyatimizdagi mehnat bozoriga kirib kelayotgan 20 mingdan ortiq talabalarni katta hayotda munosib o‘rinlarini topishlariga ko‘maklashadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA