“Biznesni rivojlantirish banki” ATB xalqaro investorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi
Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB AQSHning yetakchi investitsiya kompaniyalaridan biri bo‘lgan StoneX ko‘magida xalqaro investorlar - TB Capital Ltd va VR Capital Ltd vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Bankning asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlari, aktivlar sifati, kredit portfeli dinamikasi, likvidlik va kapital yetarliligi darajasi, shuningdek, kichik va o‘rta biznes sub’ektlarini moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturlar yuzasidan batafsil taqdimot o‘tkazildi.
Tomonlarga Bankning o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi, korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, raqamli transformatsiya jarayonlari hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, uchrashuvda Bankning xalqaro kapital bozorlariga chiqish istiqbollari, jumladan, yevroobligatsiyalar emissiyasini amalga oshirish bo‘yicha rejalari va ushbu jarayon doirasida olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi. Investorlar bilan potensial investitsion hamkorlik yo‘nalishlari, xalqaro moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish hamda Bankning xalqaro investorlar bazasini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot davomida investorlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, bank-moliya sektorining izchil rivojlanishi hamda “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashdagi muhim o‘rni va erishayotgan natijalarini alohida e’tirof etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, muntazam muloqotni davom ettirish hamda xalqaro kapital bozorlarida istiqbolli loyihalarni birgalikda ko‘rib chiqishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
Mazkur uchrashuv Bankning xalqaro investorlar bilan aloqalarini mustahkamlash, xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda xalqaro kapital bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
O‘zA