O‘zbekiston yirik kapital markazlari e’tiborida
Bugungi dunyoda davlatlar raqobati faqat harbiy yoki siyosiy salohiyat emas, balki xalqaro kapitalni jalb qilish qobiliyati bilan ham o‘lchanmoqda. Sarmoya uchun kurash dunyo iqtisodiyotining asosiy xususiyatiga aylangan sharoitda mamlakatlar o‘z imkoniyatini namoyon etish uchun turli platformalarni shakllantirmoqda. Shu nuqtai nazardan 2026-yil 16-18-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy maydondagi yuqori o‘rni va maqomini namoyon etgan muhim voqeadir.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Iqtisodiyot va menejment kafedrasi o‘qituvchisi Shohruh Mardonov fikricha, mazkur forumni oddiy biznes anjumani sifatida baholash to‘g‘ri emas. Ushbu tadbir mamlakatning sarmoyaviy siyosati, iqtisodiy islohoti va tashqi iqtisodiy strategiyasi qanday natija berayotganini ko‘rsatgan yirik xalqaro maydondir. Anjumanda yuzga yaqin davlatdan minglab ishtirokchi, xalqaro moliya institutlari, sarmoyaviy jamg‘armalar, transmilliy korporatsiyalar va davlat rahbarlari darajasidagi mehmonlar qatnashishi respublikaning global investitsiya makonidagi ahamiyati ortib borayotganidan dalolat.

So‘nggi yillarda mamlakat iqtisodiyotida kuzatilgan eng muhim o‘zgarishlardan biri xorijiy sarmoya hajmi barqaror o‘sishidir. 2025-yil o‘zlashtirilgan tashqi mablag‘ miqdori 43,1 milliard dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich avvalgi yilga nisbatan qariyb chorak qismga ko‘p. Ayniqsa, mablag‘ning asosiy qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoya hissasiga to‘g‘ri kelgani iqtisodiyotning xalqaro biznes uchun jozibadorligi ortayotganini ko‘rsatadi.
Muhimi, bu raqamlar tasodifiy emas. Keyingi yillarda amalga oshirilgan iqtisodiy liberallashtirish siyosati, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash choralari, tashqi savdo erkinlashuvi va investorlar uchun yaratilgan huquqiy mexanizm xalqaro sarmoyadorlar ishonchini mustahkamladi. Natijada O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng faol markazlardan biriga aylanmoqda.
Forum arafasida o‘tkazilgan yuqori darajadagi uchrashuvlar ham ushbu jarayonning mantiqiy davomidir. Xususan, AQSH yirik moliyaviy institutlari va korporatsiyalari rahbarlari bilan kechgan muzokaralar ikki davlat iqtisodiy aloqalari yangi mazmun kasb etayotganini namoyon qildi. Eksport-import moliyalashtirish mexanizmlari, strategik infratuzilma loyihalari, energetika tizimini modernizatsiya qilish, raqamli texnologiyani joriy etish va muhim mineral resurslarni qayta ishlash kabi yo‘nalishlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Ayniqsa, jahon moliya bozorida ulkan nufuzga ega korxonalar rahbarlarining Toshkentga tashrifi xalqaro biznes doiralari mamlakat iqtisodiyotiga kuchli qiziqish bildirayotganini ko‘rsatdi. Bu jarayon iqtisodiy diplomatiyaning amaliy natijasidir.
– Forum doirasida muhokama qilingan masalalar tahlil qilinganda iqtisodiyotimizning kelgusi rivojlanish modeli aniq ko‘zga tashlanadi, – deya ta’kidlaydi Mardonov. – Agar avvalgi bosqichlarda asosiy e’tibor xom ashyo resurslarini o‘zlashtirishga qaratilgan bo‘lsa, endilikda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan tarmoqlarni rivojlantirish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Sun’iy intellekt, raqamli infratuzilma, ma’lumot markazlari, zamonaviy logistika tizimi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va yuqori texnologiyali sanoat korxonalari shunday yo‘nalishlar qatoriga kiradi.
Bu o‘zgarishlar jahon iqtisodiyotida kechayotgan jarayon bilan hamohang. XXI asrda raqobat tabiiy boyliklar emas, balki texnologiya, innovatsiya va intellektual resurslar uchun kechmoqda. Demak, mamlakatning mazkur sohalarga yo‘naltirilayotgan sarmoyalarga alohida e’tibor qaratayotgani strategik jihatdan to‘g‘ri qaror.
Forumda infratuzilma loyihalari ham diqqat markaziga chiqdi. Yangi xalqaro aeroport qurilishi, zamonaviy tibbiyot majmualari barpo etilishi, raqamli bank xizmati ko‘lamini kengaytirish, logistika markazlari va quruq portlar tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar mamlakatimiz iqtisodiy faolligini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Xususan, logistika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar alohida ahamiyatga ega. Dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan davlat uchun transport yo‘laklari iqtisodiy taraqqiyotning hal qiluvchi omili hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan yangi infratuzilma loyihalari nafaqat ichki ehtiyojni qoplaydi, balki xalqaro savdo zanjiridagi o‘rnimizni ham mustahkamlaydi.

Toshkent forumining yana bir muhim natijasi – O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy muloqot markazi sifatidagi maqomini kuchaytirganida namoyon bo‘ldi. Albaniya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlar yuqori darajadagi vakillari ishtiroki forumning siyosiy-iqtisodiy ahamiyatini yanada oshirdi. Bu holat yurtimizning mintaqadagi iqtisodiy hamkorlik platformasi sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda.
Umuman, mazkur yirik tadbir mamlakat iqtisodiyotida sifat jihatidan yangi bosqich shakllanayotganini ko‘rsatdi. Anjuman diyorimiz sarmoya qabul qiluvchi davlatdan xalqaro kapital harakati, texnologiya transferi va yirik iqtisodiy loyihalarni birlashtiruvchi mintaqaviy markazga aylanish sari harakatlanayotgani yorqin dalilidir.
Eng muhimi, mazkur maydon orqali namoyish etilgan iqtisodiy siyosat mamlakatning uzoq muddatli maqsadi – raqobatbardosh iqtisodiyot barpo etish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirish va global iqtisodiy tizimda munosib o‘rin egallashga qaratilganini tasdiqladi. Shu ma’noda V Toshkent xalqaro investitsiya forumi yilning eng muhim iqtisodiy voqealaridan biri sifatida tarixda qolishi shubhasiz.
Musulmon Ziyo, O‘zA