Norasmiy sektor tomonidan 23,2 trillion so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan
O‘zbekistonda qurilish sohasi yuqori sur’atlarda rivojlanishda davom etmoqda. Shu bilan birga, tarmoqda norasmiy sektorning ulushi ham sezilarli darajada saqlanib qolmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–aprel oylarida mamlakatda norasmiy sektor tomonidan 23,2 trillion so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14,4 foizga oshgan.
Tahlillarga ko‘ra, norasmiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelgan qurilish ishlari mamlakat bo‘yicha amalga oshirilgan umumiy qurilish hajmining 27,5 foizini, ya’ni qariyb uchdan bir qismini tashkil etgan. Bu esa sohada norasmiy mehnat va xizmatlardan foydalanish hali ham yuqori darajada saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.
Hisobotda qayd etilishicha, qurilish ishlarining asosiy qismi kichik biznes sub’ektlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Jumladan, kichik korxona va mikrofirmalar tomonidan 39,6 trillion so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan bo‘lib, bu umumiy hajmning 46,9 foizini tashkil etgan.
Mutaxassislar fikricha, qurilish sohasidagi faollikning ortishi yangi turar joylar, ijtimoiy ob’ektlar va infratuzilma loyihalari soni ko‘payib borayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, norasmiy sektor ulushining yuqoriligi mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish va sohada shaffoflikni oshirish bo‘yicha ishlarni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA