Imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan tadbirkor
Mamlakatimizda xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va aholi bandligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda.
Ayniqsa, keyingi yillarda tadbirkorlik sohasida yaratilgan qulay sharoitlar, imtiyozli kreditlar, subsidiyalar va davlat ko‘magi orqali yuzlab yangi ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etilmoqda.
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi “Afsonaviy Vang‘ozi” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Fayoz To‘rayev ham davlatimiz tomonidan tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib kelmoqda.
2018-yilda MCHJ qoshida tashkil etilgan “Farzod” pishiriq tayyorlash sexi dastlab atigi 5 nafar xodim bilan ish boshlagan edi. Bugungi kunda esa bu yerda 60 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan.

– Turmush o‘rtog‘im pishiriq pishirish bo‘yicha yaxshigina tajribaga ega. Uning hunari bu yo‘nalishda tadbirkorlik qilishimga qo‘l keldi, – deydi MCHJ rahbari Fayoz To‘rayev. – U va singlisi qiziqishi bor xotin-qizlarni jalb etib, pishiriq tayyorlashni o‘rgatishdi. Kichik sex ochib, kam sonli jamoa bilan ish boshladik. Imtiyozli kreditlardan foydalanib, zarur texnikalar xarid qildik. Zamonaviy texnologiya va uskunalar xarid qilinishi natijasida mahsulot turlari ham, ishlab chiqarish hajmi ham sezilarli darajada oshdi. Ayni paytda sexda 100 turdan ortiq pishiriq mahsulotlari tayyorlanmoqda. Mavsumga qarab bir kunda 600-700 kilogrammdan 2 tonnagacha mahsulot ishlab chiqarmoqdamiz. Hozirda ishchilarimizning 10 nafari yigitlardan iborat. Ular qadoqlash, sotuv bo‘limi, buyurtmalarni yetkazish xizmatlariga jalb qilingan. Otam Ziyodullo To‘rayev ishbilarmon inson. Tadbirkor bo‘lishimda ularning xizmati katta.
E’tiborli jihati shundaki, korxonada mehnat qilayotganlarning asosiy qismini mahalliy xotin-qizlar tashkil etadi. Ular nafaqat doimiy ish o‘rniga, balki muayyan kasb va ko‘nikmalarga ham ega bo‘lmoqda.
Bugun “Farzod” brendi ostida tayyorlanayotgan mahsulotlar Respublikaning turli hududlariga yetkazib berilmoqda. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.
– Erimaydigan pishiriqlarga qishin-yozin talab bor, – deydi tadbirkor. – Sexdagi jarayonlarning 85 foizi qo‘l mehnatiga asoslangan. Shu bois, ishchilarimizga tozalik, intizom borasida qattiq talab qo‘yilgan. Har bir sohada bo‘lgani kabi bu yo‘nalishda ham sabr kerak. Ba’zilar 15 kun, bir oy ishlab ketib qoladi. Hozir tadbirkorlarga yaxshigina qulayliklar yaratilib, imtiyozlar berilyapti. Shunday bo‘lishiga qaramay, ba’zida kredit olishda muammolarga ham duch kelyapmiz. Ammo to‘xtab qolish yo‘q. Kelajakda faoliyatimizni yanada kengaytirib, jahon bozoriga chiqish, eksportni yo‘lga qo‘yish niyatimiz bor. Kelasi yilda Ayronchi mahallasida go‘sht va sutni qayta ishlash hamda pishiriq tayyorlaydigan yirik zavod qurib, eksportbop mahsulotlar orqali daromadimizni yanada oshirmoqchimiz.

So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida korxona yangi bosqichga ko‘tarildi. 2025-yilda olingan daromadlar hisobidan qo‘shimcha ishlab chiqarish binosi qurilib, shokolad tayyorlash, mahsulotlarni shokolad bilan qoplash va avtomatik qadoqlash jarayonlarini amalga oshiradigan zamonaviy uskunalar o‘rnatildi.
– Ushbu korxonada turmush o‘rtog‘im bilan 7 yildan buyon ishlaymiz, – deydi Nafosat Davronova. – Hozirda turli shaklli pishiriqlarni tayyorlayapmiz. Agar mahsulotni tayyorlashda bitta bosqichda xatolikka yo‘l qo‘yilsa ham, sifati, ko‘rinishiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Bitta pishiriq stoli atrofida 4-5 kishi ishlaymiz. Har bitta stolga nazoratchi biriktirilgan. U mahsulotlarni tekshirib, qabul qilib oladi. Tayyor mahsulotlar ertasi kuni o‘zimizda qadoqlanadi. Sharoitlar yaxshi. Oylik maoshimizni vaqtida olamiz. Tushlikka issiq ovqat beriladi. Ishga kelib, ketishimiz uchun maxsus texnika ajratilgan.
Fayoz To‘rayev bugun faqat pishiriq bilan cheklanib qolish niyatida emas. Yaqinda korxona huzurida kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun zamonaviy mini-texnologiyalar o‘rnatilib, mutaxassislardan tajriba o‘rganildi hamda fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilning sentabr oyidan boshlab yangi mahsulotlarni bozorga chiqarish rejalashtirilgan.

Bugun mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar o‘z samarasini berayotganini qiziltepalik tadbirkor Fayoz To‘rayev faoliyatida ko‘rish mumkin. Zero, mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishi, aholi farovonligining yuksalishi va mahallalar taraqqiyoti, avvalo, mana shunday tashabbuskor tadbirkorlar faoliyati bilan chambarchas bog‘liqdir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri