O‘zbekistonliklarning daromadlari bo‘yicha ishonchi ortib bormoqda
Markaziy bankning iste’mol kayfiyati indeksi natijalari aholi orasida kelajakdagi daromadlarga nisbatan ijobiy kutilmalar saqlanib qolayotganini ko‘rsatdi.
2026-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston aholisining daromadlari bo‘yicha kutilmalari yanada yaxshilandi. Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan iste’mol kayfiyati indeksi natijalariga ko‘ra, fuqarolarning aksariyati kelgusi davrda o‘z daromadlari oshishiga ishonch bildirmoqda.
Hisobotda qayd etilishicha, daromadlar subindeksi 72,8 bandni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan chorakka nisbatan 0,3 bandga, 2025-yilning shu davriga nisbatan esa 1,5 bandga yuqori bo‘lgan.
Mutaxassislar mazkur ijobiy o‘zgarishlarni aholi real daromadlarining barqaror o‘sishi, ish o‘rinlari ko‘payishi hamda mehnat migrantlari tomonidan yuborilayotgan pul o‘tkazmalari hajmining ortishi bilan izohlamoqda.
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 68 foizi kelajakda daromadlari oshishini kutmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan chorakdagi 67 foizga nisbatan yuqoriroq bo‘lib, aholining iqtisodiy faollik va moliyaviy barqarorlikka bo‘lgan ishonchi mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Shuningdek, respondentlarning 25 foizi daromadlari hozirgi darajada saqlanib qolishini bildirgan. Daromadlari qisqarishini kutuvchilar ulushi esa 7 foizgacha kamaygan bo‘lib, bu so‘nggi yillardagi eng past ko‘rsatkichlardan biri sifatida baholanmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, daromadlar o‘sishi bo‘yicha eng yuqori optimizm oyiga 20 million so‘mdan ortiq daromad topuvchi aholi qatlami orasida kuzatilgan. Ushbu toifadagi fuqarolarning 77 foizi kelgusida daromadlari yanada ortishini kutayotganini bildirgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan chorakda 72 foizni tashkil etgan edi.
Qayd etilishicha, aholining iqtisodiy kutilmalaridagi ijobiy dinamika ichki iste’mol faolligi, tadbirkorlik muhiti va mehnat bozoridagi barqarorlikning muhim ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi. Bu esa mamlakat iqtisodiyotidagi o‘sish sur’atlari kelgusi davrda ham saqlanib qolishi mumkinligini anglatadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA