“Huquqiy maslahatlar kuni” aksiyasi o‘tkazildi
Joriy yilning 25-26-mart kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham “Yuksalish” harakati, O‘zbekiston Notarial palatasi hamkorligida “Mening oilam – mening huquqim” shiori ostida navbatdagi notariuslardan bepul huquqiy maslahatlar kuni aksiyasi o‘tkazilmoqda.
“Yuksalish” harakati va Notarial palata o‘rtasidagi hamkorlik 2020-yil sentabr oyida imzolangan Memorandum doirasida yo‘lga qo‘yilgan. Unda fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, notariat sohasini isloh qilish jarayoniga fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ekspert va olimlarni faol jalb etish, shu jumladan, xayriya tadbirlari va joylarda targ‘ibot ishlarini olib borish yuzasidan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston Respublikasi “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunining Notarial palataga bag‘ishlangan bobida aholining huquqiy bilimlarini va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish belgilab qo‘yilgan. Bu galgi aksiya Nukus shahri, Amudaryo, Qorao‘zak, To‘rtko‘l hamda Xo‘jayli tumanlarida o‘tkazilmoqda.

Bundan ko‘zlangan maqsad – fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, aholi bilan muloqot mexanizmini yaratish, huquqni qo‘llash sohasida muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan fikr-mulohazalarni tayyorlashdan iborat. Shuningdek, fuqarolarga turli huquqiy muammoli masalalarda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘lib hisoblanadi.
Tadbir davomida fuqarolardan uy-joy, xonadon, mulk, oldi-sotdi, meros huquqi, oilaviy munosabatlar va nikoh shartnomasini rasmiylashtirish, ishonchnoma va arizani rasmiylashtirish, sovg‘a, ijara, hujjat tarjimasini tasdiqlash hamda migratsiya va notarial sohaga aloqador bo‘lmagan, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa turli masalalar bo‘yicha murojaat kelib tushdi.
Notarius va yurist xodimlar tomonidan ularga bepul huquqiy maslahat, amalga oshiriladigan notarial harakatlar, idoralarda notarial ish yuritish qoidalari va “E-notarius.uz” axborot portali to‘g‘risida tushuncha berildi. Ishtirokchilarga huquqiy bilimlar kuni munosabati bilan tayyorlangan targ‘ibot materiallari tarqatildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.