O‘zbekiston Bonnda iqlim majburiyatlarini bajarish bo‘yicha erishilgan natijalarni taqdim etdi
Germaniyaning Bonn shahrida bo‘lib o‘tgan Taraqqiyotni ko‘p tomonlama ko‘rib chiqish bo‘yicha ishchi guruhning uchinchi sessiyasi (FMCP3)da O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi mamlakatning iqlim sohasidagi yutuqlari va amalga oshirilayotgan islohotlarini xalqaro hamjamiyatga taqdim etdi.
Milliy iqlim markazi direktori Farrux Sattorov boshchiligidagi delegatsiya BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli Konvensiyasi doirasida o‘tkazilayotgan Yordamchi organlarning 64-sessiyasida ishtirok etdi. FMCP3 jarayoni mamlakatlar o‘rtasida iqlim majburiyatlarini bajarish bo‘yicha ochiq axborot almashish, shaffoflikni ta’minlash va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbir davomida O‘zbekiston milliy iqlim majburiyatlarini bajarish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish hamda iqtisodiyotning iqlim xavflariga chidamliligini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijalarini taqdim etdi.
Farrux Sattorov o‘z chiqishida O‘zbekiston shaffoflikni samarali iqlim siyosati asosi sifatida baholashini va Parij kelishuvi doirasidagi kengaytirilgan shaffoflik tizimi bo‘yicha majburiyatlarga sodiq qolishini ta’kidladi. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun jiddiy xavf tug‘dirayotgani, suv resurslari tanqisligi, yerlar degradatsiyasi va muzliklar erishi kabi muammolarni kuchaytirayotgani qayd etildi.
Yig‘ilishda yangilangan Milliy miqyosda belgilangan hissa (NDC) dasturiga ham alohida e’tibor qaratildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston 2035-yilga qadar 2010-yilga nisbatan yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari chiqindilarini 50 foizga qisqartirish majburiyatini olgan.
Shu bilan birga, iqtisodiyotning uglerod sig‘imini 35 foizga kamaytirish bo‘yicha avval belgilangan maqsad muddatidan oldin bajarilgani va endilikda yanada yuqori ko‘rsatkichlarga erishish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rilayotgani ma’lum qilindi.
Taqdimotda mamlakatda amalga oshirilayotgan yirik quyosh va shamol energetikasi loyihalari natijasida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarida “yashil” energiya ulushi qariyb 30 foizga yetgani ta’kidlandi. 2030-yilga borib mazkur ko‘rsatkichning 50 foizdan oshishi kutilmoqda.
Iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasida ham muhim natijalar qayd etildi. Suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish hisobiga har yili qariyb 10 milliard kub metr suv tejalmoqda. Shuningdek, issiqxona gazlari inventarizatsiyasi tizimini takomillashtirish, ma’lumotlarni yig‘ish mexanizmlarini rivojlantirish va iqlim hisobotlarini tayyorlash salohiyatini oshirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA