Omonatlarni kafolatlash jamg‘armasi mablag‘lari 10,3 trillion so‘mga yetdi
Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan “OKA MEDIA DIALOGUE: Ishonch, shaffoflik va yangi tashabbuslar” mavzusida ochiq muloqot tashkil etdi.
Unda jurnalistlar va blogerlarga agentlikning 2026-yilning to‘qqiz oyidagi faoliyat natijalari, omonatchilar huquqlarini himoya qilish hamda kafolatlash tizimini takomillashtirish borasidagi ishlari haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, 2026-yil 1-oktabr holatiga Omonatlarni kafolatlash jamg‘armasi mablag‘lari 10,3 trillion so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 37,7 foizga oshdi. Yanvar-sentabr oylarida banklar tomonidan 2,3 trillion so‘m kalendar badal to‘landi, investitsiya faoliyatidan esa 977 milliard so‘m daromad olindi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 42,6 foizga ko‘p.
“Yangi bank” AJ bo‘yicha kafolatlash hodisasi yuz berganidan keyin 11 ish kuni ichida omonatchilarning 86 foiziga kompensatsiya to‘landi. 2026-yil 1-oktabr holatiga to‘lovlar jami 207,5 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu agent-bankka yo‘naltirilgan mablag‘larning 99,4 foiziga teng. Kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish uchun zarur mablag‘lar “Biznesni rivojlantirish banki” ATBga to‘liq o‘tkazildi. Shuningdek, omonatchilarga to‘langan kompensatsiyalar summasiga teng mablag‘lar “Yangi bank” AJ tugatish komissiyasi tomonidan agentlikka to‘liq qaytarildi.

Omonatlarni kafolatlash agentligi Jamoatchilik bilan aloqalar, moliyaviy savodxonlik va xalqaro hamkorlik departamenti direktori Shahzod Mirzakarimovning ta’kidlashicha, mazkur tashkilotning asosiy vazifalaridan biri aholining omonatlarni kafolatlash tizimi, uning shartlari va xususiyatlari haqidagi xabardorligini oshirishdan iborat.
–Agentligimizda bu masalaga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarimizni to‘liq ishga tushirdik va ularda tizim hamda tashkilot faoliyatiga doir ma’lumotlarni muntazam e’lon qilib boryapmiz. Shuningdek, rasmiy veb-saytimizni yangilab, test rejimida ishga tushirdik. Unda omonatchilar uchun kafolatlash tizimi haqida ma’lumot beruvchi maxsus bo‘limlar tashkil etildi.
Bundan tashqari, jamoatchilikning tizim haqidagi xabardorlik darajasini aniqlash maqsadida mustaqil kompaniyani jalb qilgan holda, respublikamizning barcha hududlaridan 2 ming nafar respondent ishtirokida so‘rovnoma o‘tkazdik. Uning natijalari aholining omonatlarni davlat tomonidan kafolatlashga ishonchi yuqori ekanini, biroq tizimning shartlari va ishlash tartibi haqidagi bilimlar yetarli emasligini ko‘rsatdi.
So‘rovnoma natijalari asosida 2027-2030-yillarga mo‘ljallangan jamoatchilikni xabardor qilish strategiyasini ishlab chiqyapmiz. Asosiy maqsadimiz esa aholining moliyaviy savodxonligini oshirish, omonatlarni kafolatlash mexanizmlarini keng tushuntirish va fuqarolarning banklarga omonat qo‘yishda to‘g‘ri qaror qabul qilishlariga ko‘maklashishdir, – dedi Sh. Mirzakarimov.

Shuningdek, omonatchilar huquqlarini himoya qilish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan raqamli transformatsiya loyihasi Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan moliyalashtirish uchun tanlab olindi. Loyihani uch yil davomida 5 million AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘lari hisobidan amalga oshirish rejalashtirilgan.
Kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish tartibi va omonatchilar huquqlarining qonunchilikdagi kafolatlari haqida OKA Yuridik xizmat va metodologik ta’minlash departamenti direktori Muhammadbilol Nosirov ham ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, agentlik banklardagi omonatlarni himoya qilish sohasida vakolatli organ bo‘lib, kafolatlash hodisasi yuz berganda omonatchilarga kompensatsiya to‘lash orqali ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladi.
–Qonunchilikka muvofiq, bir bankdagi bir omonatchining 200 million so‘mgacha bo‘lgan omonati davlat tomonidan kafolatlanadi. Kafolatlash hodisasi Markaziy bank tomonidan bankning tegishli litsenziyasi chaqirib olinib, uni majburiy tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda yuzaga keladi. 2026-yilda kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish muddati 15 ish kunini tashkil etsa, 2027-yil 1-yanvardan boshlab bu muddat yetti ish kunigacha qisqaradi.
Omonatchilarga kompensatsiya to‘lash uchun Omonatlarni kafolatlash jamg‘armasi shakllantirilgan. U banklar va mikromoliya tashkilotlarining badallari hisobidan to‘ldirib boriladi. Badallar bir martalik, kalendar va maxsus turlarga bo‘linadi. Bir martalik badal banklar uchun 500 million so‘mni, mikromoliya tashkilotlari uchun esa 50 million so‘mni tashkil etadi. Kalendar badallari miqdori har bir ishtirokchining depozit bazasidan kelib chiqib hisoblanadi, – dedi M.Nosirov.

Tadbirda aytilganidek, agentlik omonatlarni kafolatlash tizimi ishtirokchilari reyestrini yuritadi. Ayni paytda reyestrga 35 ta ishtirokchi, ya’ni 34 ta tijorat banki va bitta mikromoliya banki kiritilgan.
Ochiq muloqot yakunida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, islomiy omonatlarni kafolatlash tizimi konsepsiyasini ishlab chiqish hamda 31-oktabr - Butunjahon jamg‘arish kuni munosabati bilan tanlovlar o‘tkazish rejalari haqida ham ma’lumot berildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA