Omonatlarning himoyasi va yangi imkoniyatlar
"Biznesni rivojlantirish banki" ATB tomonidan "Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari" mavzusida media-muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida qonunchilikdagi yangiliklar, bankda omonatchilarga yaratilayotgan qulayliklar, yangi mahsulotlar va xizmatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Xabaringiz bor, joriy yilning 18 fevralida davlatimiz rahbari tomonidan "Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida"gi qonun imzolandi.
Unga ko‘ra, endi kafolatlangan omonat summasi bitta bankdagi bitta omonatchi uchun 200 million so‘mni tashkil etadi. Omonatchi qolgan summani bank bilan tuzilgan shartnoma asosida qaytarish huquqiga ega bo‘lib qolaveradi. Ushbu talab qonun kuchga kirgandan keyin joylashtirilgan yangi omonatlarga nisbatan qo‘llaniladi. Agar bank mijozi qonun kuchga kirgunga qadar ochilgan omonatga ega bo‘lsa, u summadan qat’i nazar to‘liq kafolatlanadi. Hujjatning yana bir yangiligi shundaki, nafaqat jismoniy shaxslar, balki tadbirkorlik sub’ektlari, shu jumladan, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarning omonatlari ham kafolatlanadi.
Muloqotda bank mas’ullari omonatlarni kafolatlash va o‘rnatish omonatchilarni himoya qilish uchun zarurligini, bank tugatilsa, omonatchilar o‘z mablag‘larini qaytarib olishlari mumkinligini qayd etdi. Bundan tashqari, bu banklarni yuqori foiz stavkalari orqali emas, balki barqaror faoliyat yuritish orqali raqobatlashishga undaydi.
Shuni ham aytish joiz, qonunga muvofiq, omonatchilarga kompensatsiya to‘lash muddatlari o‘zgardi. Ilgari omonatlarni qaytarishning boshlanish muddati 83 kun edi, endi u 20 ish kunigacha qisqartirildi va bosqichma-bosqich 7 ish kunigacha qisqartiriladi. Bu shuni anglatadiki, Agentlikka kompensatsiya to‘lash uchun ko‘pi bilan 20 ish kuni beriladi, ammo zarur shartlar asosida to‘lovlar muddatidan oldin ham amalga oshirilishi mumkin.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA