Omon qolish strategiyasi: YeI tarixida keskin burilish kutilyapti
Yevropa Ittifoqi o‘z tarixidagi eng yirik byudjet uchun muzokara boshladi. 2028-2034-yillarga mo‘ljallangan yangi moliyaviy dastur atrofidagi bahs esa tuzilma ichida jiddiy siyosiy qarama-qarshilikni kuchaytirmoqda.
Yevrokomissiya 1,8 trillion yevrolik byudjet taklif qildi, Yevropa parlamenti esa bu mablag‘ni 1,96 trillion yevroga oshirishni talab qilyapti. Aynan shu 175 milliard yevrolik farq mintaqa kelajagi uchun qaysi sohalar ustuvorligi bilan bog‘liq munozarani kuchaytirdi.
Tabiiyki, eng ko‘p tafovut mudofaa sohasida kuzatilmoqda. Yangi rejaga ko‘ra, xavfsizlik, harbiy infratuzilma va fazoviy dasturlari uchun hozirgi byudjetdan besh barobar ko‘p – 131 milliard yevro ajratiladi. Rossiya – Ukraina urushi va AQSHning Yevropa xavfsizligi masalasiga yondashuvidagi noaniqlik ortidan Bryussel harbiy xarajatni oshirishga majbur.
Binobarin, qarordan hamma mamnun emas. Masalan loyihada fermerlar, ijtimoiy dasturlar va iqtisodiy jihatdan zaif hududlar uchun mablag‘ kamaytirilgan. Ya’ni, Chexiya, Sloveniya, Portugaliya kabi davlatlar avvalgiga nisbatan ozroq moliyaviy yordam olishi mumkin.
Germaniya, Niderlandiya, Shvetsiya va Avstriya “ortiqcha xarajat”ga qarshi chiqmoqda. Bu yurtlar hech qanday yangi qarzsiz, ixcham byudjet tarafdori.
Yevropa parlamenti esa iqlim, ijtimoiy tenglik va fuqarolar uchun mo‘ljallangan dasturlarga ko‘proq mablag‘ ajratishni so‘rayapti. Qayd etilishicha, 2026-yil 18-may kuni parlament muzokara bo‘yicha rasmiy yechimni ovozga qo‘yadi.
Tahlilchilar nazdida bu bahs faqat “raqamlar urushi” emas, balki YeI kelajakda qanday siyosiy va iqtisodiy yo‘ldan borishini belgilab beradigan hal qiluvchi to‘qnashuvdir.
Musulmon Ziyo, O‘zA