Mikromoliya tashkilotlari aktivlari bir yilda 47 foizga o‘sdi
O‘zbekistonda mikromoliya tashkilotlari faoliyati so‘nggi yillarda jadal rivojlanib, moliyaviy sektordagi ulushini kengaytirib bormoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-aprel holatiga mikromoliya tashkilotlarining umumiy aktivlari 13,3 trillion so‘mga yetgan.
Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida ushbu ko‘rsatkich 9,1 trillion so‘mni tashkil etgan edi. Demak, bir yil ichida mikromoliya tashkilotlari aktivlari qariyb 47 foizga o‘sgan.
Mutaxassislar fikricha, ushbu o‘sishning asosiy drayveri — kredit faoliyati hajmining kengayishi hisoblanadi. Xususan, mikromoliya tashkilotlari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 8,2 trillion so‘mdan 11,8 trillion so‘mgacha oshgan.
Shu bilan birga, sektorning moliyaviy barqarorligi ham mustahkamlanib bormoqda. Jami kapital hajmi 2,6 trillion so‘mdan 3,6 trillion so‘mgacha ko‘tarilib, 38 foizlik o‘sish qayd etilgan.
Markaziy bank bu holatni mikromoliya tashkilotlarining ustav kapitali oshishi hamda ichki moliyaviy bazaning izchil mustahkamlanishi bilan izohlamoqda. Bu esa sektorning to‘lov qobiliyati va barqarorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, mikromoliya tashkilotlarining majburiyatlari hajmi ham sezilarli darajada o‘sgan. Bir yil ichida mazkur ko‘rsatkich 6,5 trillion so‘mdan 9,7 trillion so‘mgacha yetgan bo‘lib, 49 foizlik o‘sishni tashkil etgan.
Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi yillarda mamlakatda mikromoliya tashkilotlari soni ham izchil ortib bormoqda. 2024-yilda 119 ta yangi tashkilot faoliyat boshlagan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan yana 53 taga ko‘paygan.
Ekspertlarning fikricha, mikromoliya bozorining bunday jadal kengayishi aholining moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talabining ortishi, kichik biznes va tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishi bilan bevosita bog‘liq. Shu bilan birga, sektorda raqobatning kuchayishi xizmat sifatini yaxshilash va moliyaviy mahsulotlar turini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA