AQSH razvedkasi: Eron hanuz mislsiz raketa salohiyatini saqlab qolmoqda
AQSH razvedka xizmati yangi maxfiy hisobotida Eron harbiy salohiyati avval taxmin qilinganidek jiddiy zaiflashmagani qayd etildi. Xususan, Islom Respublikasi Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi raketa ob’ektlarining aksariyatidan foydalanish imkoniyatini tiklab olgan.
“The New York Times” nashri yozishicha, Amerika razvedkasi Eron Hurmuz bo‘g‘ozi bo‘ylab joylashgan 33 raketa bazasidan 30 tasida amaliyotni qayta yo‘lga qo‘yganini aniqlagan.
Hujjatga ko‘ra, Eron urushdan oldingi mobil raketa to‘plamining taxminan 70 foizini saqlab qolgan. Shuningdek, mamlakatda ballistik va qanotli raketa zaxirasining ham salmoqli qismi bus-butun.
Razvedka ma’lumotida Eronning yer osti raketa ombori va start majmualarining qariyb 90 foizi qisman yoki to‘liq ishlash holatiga keltirilgani ta’kidlangan. Bu ma’lumot sun’iy yo‘ldosh kuzatuvi va boshqa razvedka manbalari asosida tayyorlangani ta’kidlangan. Umuman, bu xulosa Prezident Donald Tramp va mamlakat mudofaa vaziri Pit Xegsetning Eron armiyasi “deyarli yo‘q qilingani” haqidagi bayonotlariga zid kelmoqda.
Nashr yozishicha, AQSH va Isroilning Eronga qarshi qo‘shma harbiy amaliyoti mamlakat infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazsa-da, Tehron qisqa vaqtda muayyan harbiy imkoniyatni tiklashga muvaffaq bo‘lgan.
Ayni payt Hurmuz atrofidagi vaziyat jahon energetika bozori uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Tahlilchilar mintaqadagi sulh kelishuvi barbod bo‘lsa va harbiy harakat qayta avj olsa, AQSH uchun yangi zarba berish masalasi yanada murakkablashishi mumkinligiga urg‘u beryapti. Bunga sabab sifatida Pentagon ayrim yuqori aniqlikdagi qurol-yaroq zaxirasini deyarli sarflab bo‘lgani keltirilmoqda.
D.Hakimov, O‘zA