Hammasi nazorat ostida: Makron aholini tinchlantirdi
Prezident Emmanuel Makron Fransiyada xantavirus bilan bog‘liq vaziyat “nazorat ostida” ekanini ma’lum qildi va Yevropa davlatlarini birdam harakatlanishga chaqirdi. Yetakchi Nayrobida o‘tgan xalqaro sammit yakunida so‘zlar ekan, hukumat virus tarqalishining oldini olish uchun “to‘g‘ri qarorlar” qabul qilganini ta’kidladi.
Manba aytishicha, Fransiya va Ispaniya virusga qarshi Yevropada “eng qat’iy tartib” joriy qilgan. Endi esa mintaqa bo‘ylab yagona va qat’iy standart asosidagi sanitariya nazorati tizimi kerak.
Fransiya sog‘liqni saqlash vaziri Stefani Rist parlamentda chiqish qilib, mamlakat hududida Andes virusi keng tarqalgani haqida hech qanday dalil yo‘qligini bildirdi. Shuningdek, kasallik mutatsiyaga uchragani ham tasdiqlanmagan.
Rasmiylar qayd etishicha, aniqlangan barcha musbat holatlar kruiz kemasi yo‘lovchilari bilan bog‘liq. Fransiyada virusga daxldor jami 22 kishi aniqlangan. Ularning bari tekshiruvdan o‘tkazilgan yoki shifoxonaga joylashtirilmoqda.
Ayni payt Parijda xantavirus yuqtirgan ayol og‘ir ahvolda qolgan. Bemor sun’iy nafas qurilmasi orqali hayot uchun kurashyapti. Virus bemorning o‘pkasi va yuragi faoliyatiga jiddiy zarar yetkazgan.
Epidemiolog Antuan Flao ayni holatni “noodatiy va misli ko‘rilmagan vaziyat” deb atadi. Uning fikricha, xantavirus odatda tibbiy nazorat zaif chekka hududlarda kuzatiladi. Bu gal esa virus xalqaro kruiz kemasida tarqalgani xavotirni kuchaytirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA