Navbatlar davrining nihoyasi yoxud mashina bozori o‘n yilda qanday o‘zgardi?
Mustaqilligimizning o‘ttiz besh yilligi
Avtomobilsozlik sanoati nima degani? Agar buni faqat temir-tersakni birlashtirib, mashina chiqarish deb o‘ylasangiz, shoshilmang. Keling, bugun shu jarayonni hammamizga tushunarli bo‘lgan xalqona tilda gaplashamiz.
Qaysi yurtda bitta avtomobil zavodi ochilsa, atrofida minglab odamlar ish bilan ta’minlanadi. Biz bu yerda faqat zavodning ichida ishlaydiganlarni nazarda tutmayapmiz. Aytaylik, yon-atrofda ehtiyot qismlar ishlab chiqaradigan kichik korxonalar, o‘rindiqlar uchun mato tikadiganlar, rezina, oyna, plastik yetkazib beruvchilar paydo bo‘ladi. Demak, ularning barchasi shu katta zavod ortidan tirikchilik qiladi. O‘z-o‘zidan minglab oilalarning dasturxoni to‘kin bo‘ladi.
So‘zimiz boshida aytganimizdek, avtomobilsozlik oddiy jarayon emas. Bu yuqori texnologiya sanaladi. U yerda ishlaydigan yosh muhandislar, texnologlar va ustalar zamonaviy dunyo talablariga ko‘nikishadi. Bugun mashina yig‘ilgan joyda ertaga robototexnika, elektronika va boshqa murakkab sohalar rivojlanadi. Bu esa mamlakatning “aql-zakovati” va texnik salohiyatini oshiruvchi katta maktabdir.

Agar biz mashinani boshqa mamlakatdan tayyor holda sotib olsak, pulimiz chet elga ketadi. Mashinani o‘zimizda ishlab chiqarsak, mablag‘ “ichkari”da aylanadi. Zavodga ketadigan metall, plastmassa, kabel kabi xomashyolar o‘zimizdan chiqsa, yanada yaxshi. Bu mamlakatning ichki ishlab chiqarishini kuchaytiradi. Ya’ni, chet el valyutasi tashqariga oqib ketmaydi. Pul yana o‘zimizning iqtisodiyotni aylantiradi.
Eng asosiysi, avtomobil tez va faol harakatni ta’minlaydi. Mashinalar ko‘payishi bilan servis xizmatlari, avtoustaxonalar, yoqilg‘i quyish shoxobchalari, yo‘llar rivojlanadi. Odamlarning harakatchanligi oshadi. Bir shahardan ikkinchisiga borish, yukini tashish, oilasi bilan sayohat qilish osonlashadi. Bu hayot sifati yaxshilanganidan dalolatdir.
O‘zbekiston dunyoda o‘z avtomobilini ishlab chiqaradigan sanoqli davlatlar qatorida tilga olinadi. Xalqaro bozorda “biz ham mashina ishlab chiqaramiz” deb turish katta obro‘ va iqtisodiy qudrat belgisiligini yaxshi bilamiz.
Mamlakatimiz bu darajaga osonlik bilan yetgani yo‘q. Mustaqilligimizning boshlarida Asakada ish boshlagan zavod avtomobil sanoati uchun katta start bo‘lgan edi. Gapni ochiq va lo‘nda aytganda, biz dastlab “bitta ishlab chiqaruvchi, bitta tanlov” davridan bugun “katta bozor” zamoniga o‘tdik.
Esingizda bo‘lsa, besh-olti yil oldin mashina olish uchun uzoq navbat kutilardi. Odamlar bor narsani olishga rozi bo‘lishardi. Bugun esa vaziyat o‘zgardi. Endi siz “narxi hamyonbop bo‘lsin”, “tejamkor elektromobil kerak” yoki “oilaviy krossover yaxshi” deyishingiz mumkin. Sababi, bugun sahnada “Chevrolet”, “BYD”, “KIA”, “Hyundai” va boshqalar bor.
Keling, endi mavzuni aniq raqam va faktlar bilan sharhlaymiz.
Joriy yilda avtomobil savdosiga 20 ta yirik bankning jalb etilishi va mashinalarning 95 foizi bo‘lib-bo‘lib to‘lash yoki qulay kreditlar orqali sotilishi oddiy statistika bo‘lmadi. Bu bozorda iste’molchi istaklari erkin hal bo‘la boshlaganining belgisi. Endi xaridor omonatlarini yig‘ib, yillab navbat kutishga majbur emas. Mashina “yetib bo‘lmas orzu” emas, balki oilaning kundalik ehtiyojlarini qondiradigan, hayot sifatini belgilovchi vositaga aylandi. Bank tizimining bunchalik faol kirishi esa moliyaviy bozorda ham ishonch muhiti mustahkamlanganidan dalolat beradi.
Bugungi kunda O‘zbekiston sanoati faqat mashina yig‘ish bilan chegaralanib qolmayapti. Aksincha, biz qo‘shni davlatlar uchun ham ishonchli ta’minotchiga aylanmoqdamiz. Soha atrofida shakllangan yangi kooperatsiya zanjirlariga nazar soling. Uch yuzdan ziyod korxona “Chevrolet”, 40 ga yaqin korxona esa “KIA” va “BYD” uchun butlovchi qismlar yetkazib bermoqda. Bu raqamlarning ortida o‘nlab hududlarimizdagi kichik biznesning “qon aylanish” tizimi ko‘rinadi.

Birgina mahalliy tadbirkorning xalqaro brendlarga detal yetkazib berishi kichik biznesning katta texnologiyalar bilan bo‘ylashishi, mahalliy tadbirkorlikning yuksalishiga xizmat qiladi. Sohadagi 10 minglab yoshlarning zamonaviy texnologiyalar tilida gaplashayotgani esa ertangi kunimizning kafolatidir.
O‘zbekistonga “Volkswagen” kabi jahon brendlarining qiziqishi va yangi loyihalarning paydo bo‘lishi bejiz emas. Bu mamlakatimizda xarid qobiliyati yuqori bozor shakllanganini ko‘rsatadi. Investor uchun eng muhim signal bozorning xaridorgirligi va huquqiy kafolatlardir.
Biroq sanoatning yuragini hal qiluvchi omil boshqa. Hududlarda ochilgan zamonaviy muhandislik maktablari muhim signal xisoblanadi. Temirni mashinaga aylantiradigan kuch faqat robotlar emas. O‘sha robotni boshqara oladigan, texnik fikrlaydigan insonlar sohaning asosiy kuchidir.
Biz bugun nafaqat “temir”ni, balki “aql”ni ham mahalliylashtirmoqdamiz. Joriy yil yakuniga qadar xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda ehtiyot qismlar bozorini rivojlantirish strategiyasining qabul qilinishi esa sohada tasodifiy qarorlar davri tugaganini, endi biz global standartlar asosida, aniq hisob-kitob bilan ish olib borayotganimizni tasdiqlaydi.
Raqamlar O‘zbekistonning bu yo‘nalishda “yaxlit sanoat tizimi”ga ega bo‘lib borayotganini ko‘rsatadi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlari bir-birini to‘ldirib, mustahkam bir tizim hosil qilayotgani quvonarli.
Bu mustaqillik taqdim etayotgan natijalarning bir qismi xolos. O‘zbekiston bugun erkin bozor va raqobat muhitida yashashni o‘rgandi.
Yo‘llarda harakatlanayotgan har bir o‘zbek avtomobili minglab ishchining mehnati, yuzlab yosh muhandisning orzusi va mamlakatning ulkan salohiyatining ifodasi sanaladi. Biz bugun texnika olamida katta maktabni yaratdik. Demak, ertangi kunimiz bugungidan ham shiddatliroq va sifatliroq bo‘lishi muqarrar.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA sharhlovchisi