"Suyunchi puli" qaysi hollarda va qancha miqdorda beriladi?
Ma’lumki, farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli birinchi farzandi uchun barcha ayollarga, ikkinchi farzandi uchun esa farzand tug‘ilgan paytda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilaning a’zosi bo‘lgan ayollarga rasmiylashtiriladi.
Qolgan barcha holatlarda farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini rasmiylashtirish rad etiladi.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu borada quyidagilarni ma’lum qildi.
– Davlatimiz rahbarining 2023-yil 1-iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq hamda Davlat byudjeti mablag‘laridan samarali va oqilona foydalangan holda, ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam to‘lovlari manzilliligini ta’minlash, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini izchil qo‘llab-quvvatlash siyosatini davom ettirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qaror qabul qilingan.
Mazkur qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-oktabrdan boshlab farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli 811 965 so‘mni tashkil etadi.
Asos: O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ba’zi ijtimoiy nafaqalarni to‘lash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qarori.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA